“ Samarqand davlat universiteti talabalariga dars o‘tganimdan so‘ng ingliz tilini bilish darajasi sezilarli darajada o‘sdi...”
Bu - Osiyo chet tili o‘qituvchilari uyushmasi prezidenti, Samarqand davlat universiteti ingliz tili kafedrasi mudiri, professor Ravinder Gargeshning fikri...
Samarqand davlat universitetida “Hindiston universitetlari haftaligi” o‘tkazilmoqda. Qayd etish joizki, SamDU ning Hindiston oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlik aloqalari kundan-kunga yuksalib bormoqda. Ayni paytda Samarqanjd davlat universitetida Hindistonning turli universitetlaridan tashrif buyurgan 4 nafar professor-o‘qituvchi faoliyat yuritadi. Shu kunga qadar Hindistonning 10 dan ortiq universitetlari bilan hamkorlik shartnomalari imzolangan.
Samarqand davlat universiteti ingliz tili kafedrasi mudiri, professor Ravinder Gargesh “Hindiston universitetlari haftaligi” hamda hind va o‘zbek xalqlari o‘rtasidagi aloqalar bo‘yicha savollarga javob berdi.
- O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasidagi aloqalarni qanday baholaysiz?
-O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasidagi aloqalar qadim tarixga ega. O‘tmishga nazar tashlasak, Kushonlar davrida bu hududlar xalqlari bir hududga mansub bo‘lib, bir-birlari bilan doimiy aloqada bo‘lib kelgan. Ikki mamlakat o‘rtasidagi aloqalar Buyuk Ipak yo‘li vujudga kelganidan keyin yanada taraqqiy etdi. Bu yo‘l orqali xalqlarimiz o‘rtasida nafaqat savdo-iqtisodiy va siyosiy munosabatlar, balki ijtimoiy-madaniy aloqalar ham rivojlangan. O‘rta Osiyo o‘lkalari, xususan Samarqand va Buxoro hududlari Hindiston uchun Yevropaga chiqishda ko‘prik vazifasini bajargan. Shoh va shoir Zahiriddin Muhammad Bobur davri o‘zbek va hind xalqlari o‘rtasida do‘stlik aloqalari va madaniyat almashinuvi rivojining oltin davri bo‘ldi. Bu tarixiy shaxsning Hindiston bilan bog‘liq faoliyati hammaga ma’lum. Menimcha, qayta hikoya qilish shart emas. Ammo ikki xalq do‘stligi haqida fikr yuritilar ekan, Bobur Mirzo nomini, albatta, qayd etish joiz.
Ikki xalq o‘rtasidagi o‘zaro do‘stlik aloqalari hali-hanuzgacha barqaror. Hozirgi kunda ikki mamlakat o‘rtasida savdo-iqtisodiy, ilm-fan va texnologiyalar, tibbiyot va ta’lim kabi bir qator sohalar bo‘yicha hamkorlik olib borilmoqda. Xalqlarimiz til va millat jihatidan bir-biridan farq qilsa-da, ammo madaniyatlari anchayin o‘xshash va bir-biriga yaqin.
-Samarqand davlat universitetining Hindiston oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlik aloqalari haqida fikrlaringiz...
-Samarqand davlat universitetining Hindiston oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlik munosabatlari yildan-yilga rivojlanib bormoqda. Mening Samarqandga kelishim ham ushbu hamkorlikning namunasidir.
Samarqandga kelgan dastlabki vaqtlarim faoliyatimni universitetda oddiy o‘qituvchilikdan boshlaganman. Samarqand davlat universiteti talabalariga dars o‘tganimdan so‘ng ingliz tilini bilish darajasi sezilarli darajada o‘sdi. Shundan so‘ng, o‘qituvchilik faoliyatimga qiziquvchilar soni oshdi. Bu borada SamDU da faoliyat olib borayotgan chet tili o‘qituvchilari bilan doimiy hamkorlikda ishladik. Ayni paytda Osiyoning rivojlangan davlatlari chet tili o‘qituvchilarini birlashtirgan Osiyo chet tili o‘qituvchilari uyushmasi prezidenti hisoblanaman. Endilikda O‘zbekistonni ham ushbu uyushmaga rasman a’zo qilishga muvaffaq bo‘ldik.
Ingliz tilini o‘qitishda xalqaro hamkorlikda ishlash, xorijdan mutaxassislarni jalb qilish muhim hisoblanadi. Aynan o‘z sohamdan kelib chiqib aytadigan bo‘lsam, Hindiston universitetlarida ingliz tilini o‘rgatish Osiyo mamlakatlarida o‘qitishdan biroz farqli. Chunki, hindlarning norasmiy ikkinchi tili ingliz tili hisoblanadi va tilni o‘qitishda anchayin kuchli va intensiv usullardan foydalanish talab etiladi. Buning natijasida ular erishayotgan natijalar ham anchayin yuqori. SamDU talabalari orasida kuchli bilim va salohiyatlilari bor. Talabalar orasida ingliz tili ko‘nikmalarini rivojlantirish, ularni xorijiy tilni xalqaro talablarga mos darajada biladigan darajaga olib chiqish uchun tinimsiz harakatdamiz.
Ilmiy rahbarligimda 12 nafar fan doktori va professor yetishib chiqqan. Ular hozirda dunyoning nufuzli universitetlarida faoliyat yuritmoqda. Samarqand davlat universitetida ikki nafar tadqiqotchini tayyorlayapman. Hozirda ular oliy ta’limda tahsil olayotgan talabalar uchun ingliz tilida o‘qish ko‘nikmalarini rivojlantirish va mutaxassislik fanlarini ingliz tilida o‘qitish kabi mavzular bo‘yicha tadqiqot olib bormoqda.
-Samarqand davlat universitetida o‘tkazilayotgan “Hindiston universitetlari haftaligi” dan ko‘zlangan asosiy maqsad nima?
-“Hindiston universitetlari haftaligi” ayni paytda Hindistonda nishonlanayotgan “Hindiston Respublikasi kuni” bayrami munosabati bilan o‘tkazilmoqda. Ko‘zlangan asosiy maqsad Hindiston va O‘zbekistonning tarixiy aloqalarini yanada rivojlantirish, Samarqand davlat universiteti talabalari uchun Hindistonning reytingi yuqori universitetlarida o‘qish imkoniyatlari bo‘yicha seminar-treninglar tashkil qilish, shuningdek, o‘zbekistonlik yoshlarni Hindiston ilm-fanidagi eng so‘nggi natijalar, yaratilayotgan yangiliklardan xabardor qilish kabi vazifalar ko‘zlangan. O‘ylaymanki, haftalikdan so‘ng, o‘zbekistonlik talabalar orasida Hindistonning nufuzli universitetlarida o‘qish istagida bo‘lganlar soni oshadi, bunday talabalarga bevosita tadbirlarning o‘zida kerakli yordam va tavsiyalar berish uchun, biz, hindistonlik professor-o‘qituvchilar ham seminar-treninglarda ishtirok etdik.
-Talabalarga Hindistonda o‘qishini davom ettirishi bo‘yicha qanday tavsiyalar bera olasiz?
-Talabalar ikki xil yo‘l bilan Hindistonda o‘qishni davom ettirishi mumkin. Birinchisi, to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘zi o‘qishni istagan universitetga murojaat qilish. Bunda ta’lim xarajatlarini talabaning o‘zi qoplashiga to‘g‘ri keladi. Ikkinchi yo‘l – Hindistonning O‘zbekistondagi elchixonasi rasmiy veb-sayti orqali murojaat qilish. Bunda agar Hindiston universitetlaridan biriga o‘qishga qabul qilinadigan bo‘lsangiz, o‘qish va yashash xarajatlari to‘liq Hindiston hukumati tomonidan qoplab beriladi. Bu borada o‘zbekistonlik talabalar uchun bir qator stipendiya dasturlari va grantlar e’lon qilingan.
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati xodimi
Iroda BEKMURODOVA suhbatlashdi.
Shavkat AKRAMOV olgan suratlar