O‘zbekiston xalqi Turkiya xalqi bilan birga...
Turkiyada bir necha minglab insonlarning hayotiga zomin bo‘lgan zilzilalar yuz bermoqda. Tabiiy ofat tufayli Prezident Rejep Tayyip Erdog‘an Turkiyada yetti kunlik milliy motam e’lon qildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an bilan telefon orqali muloqot qilib, Turkiyaning janubi-sharqiy viloyatlarida ro‘y bergan kuchli zilzila oqibatida ko‘plab insonlar qurbon bo‘lgani va katta talafotlar kelib chiqqani yuzasidan chuqur hamdardlik izhor etdi.
Ikki mamlakat davlat rahbarlari tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf etish maqsadida amaliy hamkorlik masalalarini muhokama qildi. Mazkur muloqotdan so‘ng Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning topshirig‘iga ko‘ra, Turkiyada ro‘y bergan kuchli zilziladan jabr ko‘rganlarga gumanitar yordam ko‘rsatish hamda tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf qilishda ishtirok etish uchun Favqulodda vaziyatlar vazirligining bir guruh qutqaruvchilari yuborildi.
Bugun Samarqand davlat universiteti rektori, O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi, Oliy Majlis Senati a’zosi Rustam Xolmurodov Turkiyaning Samarqanddagi bosh konsulxonasiga tashrif buyurdi.
Rustam Xolmurodovga “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti birinchi prorektori, professor, taniqli turkolog olim Jo‘liboy Eltazarov hamrohlik qildi.
Bosh konsul Salih Janer bilan muloqotda, qardosh Turkiya xalqiga, tabiiy ofat sabab vafot etgan va jabr ko‘rganlarning oilalari va yaqinlariga chuqur hamdardlik bildirildi.
O‘zbekiston xalqi Turkiya xalqi bilan birga.
Iroda BEKMURODOVA,
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati xodimi.
Shavkat AKRAMOV olgan suratlar.