Samarqand davlat universiteti xotin-qizlar masalalari bo‘yicha maslahat kengash tashabbusi bilan “Olima ayollar – jamiyat ko‘zgusi” mavzusida tadbir tashkil etildi.

    Unda Samarqand davlat universiteti olimalari, professor-o‘qituvchi va talabalar ishtirok etdi. Tadbirni SamDU xotin-qizlar masalalari bo‘yicha maslahat kengashi  raisi, rektor maslahatchisi Sharofat To‘xliyeva kirish so‘z bilan ochib, so‘nggi yillarda ilm-fan va innovatsiya sohasida faol ishtirok etayotgan, yangi ixtiro va startap loyihalari bilan jamoatchilik e’tirofiga sazovor bo‘lgan ayollar faoliyati haqida to‘xtaldi. Jamiyatda tobora mustahkam o‘rin egallab borayotgan ayollarning ilm-fan sohasida ham o‘z o‘rniga ega bo‘lishlari lozimligini ta’kidlab o‘tdi.

    - Ilm-fan va innovatsiya sohasida erishilgan har bir yutuq, kashf etilgan har bir ixtiro nafaqat inson, balki u orqali davlat va jamiyat taraqqiyotiga xizmat qiladi, - deydi Oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i Zebiniso Rahmonova, - Bu kabi tadbirlar ushbu sohada ayollar o‘rnini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi. So‘nggi yillarda SamDU olimalari tomonidan ishlab chiqilayotgan innovatsion loyiha va g‘oyalar, berilayotgan takliflar respublika jamoatchiligini befarq qoldirayotgani yo‘q…

    Shuningdek, tadbir davomida SamDU falsafa va milliy g‘oya kafedrasi professori Gulnoza Sultanova so‘zga chiqib, yaqin kunlarda Tehron shahrida YUNESKO tashabbusi bilan o‘tkazilgan “Ayollar, ma’naviyat va adolat” mavzusidagi xotin-qizlar birinchi xalqaro kongressidagi ishtiroki hamda ayollarning jamiyatdagi o‘rni masalasida xalqaro nigohda amalga oshirilayotgan ishlar haqida batafsil ma’lumot berdi.

    Tadbir yakunida Samarqand davlat universiteti olima ayollari faoliyati aks etgan ko‘rgazma namoyish etildi.

 

 

    Samarqand davlat universiteti
    Axborot xizmati.
    Shavkat Akramov olgan suratlar