Yaponiyaning Tottori universiteti Samarqand davlat universitetida vakolatxona ochadi...
Samarqand davlat universiteti rektori, O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi, Oliy Majlis Senati a’zosi Rustam Xolmurodov Yaponiyaning Tottori universiteti prezidenti, professor Hiromitsu Nakajima bilan hamkorlik aloqalarini yanada kuchaytirish yuzasidan uzoq muddatli strategik hamkorlik shartnomasini imzoladi. Tantanali marosimda O‘zbekistonning Yaponiyadagi Favqulodda va muxtor elchisi Muhsinxo‘ja Abdurahmonov ishtirok etdi.
Yaponiyalik hamkorlarimizning alohida e’tirof etishicha, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan O‘zbekistonda ta’lim-tarbiya va ilm-fan sohasida olib borilayotgan tarixiy islohotlar tahsinga sazovordir. Bu borada Yaponiya Tottori universiteti olimlari bizni qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini bildirishdi. Bu borada dastlabki qadam tashlandi. Samarqand davlat universitetida Tottori universitetining vakolatxonasi ochiladi.
Ushbu vakolatxonaning asosiy faoliyati Tottori universiteti olimlari tomonidan qurg‘oqchil hududlarda qishloq xo‘jaligini rivojlantirish bo‘yicha ishlab chiqilgan yangi innovatsion ishlanmalar va bilimlarni O‘zbekistonga transfer qilish, sinovdan o‘tkazish hamda amaliyotga keng joriy qilishga qaratiladi.
Tottori universitetining SamDU dagi vakolatxonasi O‘zbekistonning 50 foizdan ortiq qismini egallagan qurg‘oqchil yaylov maydonlaridan samarali foydalanish, ushbu hududlarda chorvachilikni rivojlantirish, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash va shu orqali aholining turmush darajasini yaxshilashga xizmat qiladigan ishlanmalarni joriy qiladi.
Ushbu vakolatxona oldiga qo‘yilgan maqsad va vazifalarni amalga oshirishda Tottori universiteti tarkibidagi Qurg‘oqchil mintaqalarni tadqiq qilish xalqaro markazi (Arid Land Research Center) va uning yetakchi olimlari bevosita ishtirok etadi.
Ta’kidlash lozimki, mazkur xalqaro markaz qurg‘oqchil mintaqalardan ilmiy asoslangan holda samarali foydalanish, xususan sho‘rlangan va suv taqchil hududlarda dehqonchilikni rivojlantirish bo‘yicha dunyo darajasida e’tirof etilgan Yaponiyadagi yagona markaz hisoblanadi.
Shuningdek, mazkur vakolatxona nafaqat agrar yo‘nalishda, balki muhandislik, axborot texnologiyalari sohalarida ham o‘zaro hamkorlikni yanada kengaytirish va bu boradagi yangi bilimlarni mamlakatimizga transfer qilishni rejalashtirmoqda.
Samarqand davlat universitetida tashkil etiladigan mazkur nufuzli vakolatxona nafaqat Tottori va Samarqand davlat universitetlari o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantiradi, balki Yaponiyaning boshqa nufuzli universitetlari bilan ham o‘zaro aloqa o‘rnatish imkoniyatini beradi.
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati.