“Xorijiy tillarni o‘rganish kelajagingiz uchun qilgan eng katta yaxshiligingizdir...”
“Nega magistraturada o‘qish kerak?”
“Magistr darajasining qanday afzalliklari bor?”
“Xorijiy tilni bilmasdan magistraturada o‘qish mumkinmi?”
Samarqand davlat universiteti rektori, O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi, Oliy Majlis Senati a’zosi Rustam Xolmurodovning universitet bitiruvchilari bilan uchrashuvida shu kabi masalalarda so‘z yuritildi...
Rektor va bitiruvchilar uchrashuvining dastlabki kunida Muhandislik fizikasi, Agrobiotexnologiya va oziq-ovqat xavfsizligi institutlari hamda matematika, intellektual tizimlar va kompyuter texnologiyalari, geografiya va ekologiya, inson resurslarini boshqarish fakultetlari bitiruvchilari bilan ochiq muloqot olib borildi.
Uchrashuvda rektor bugungi oliy ta’lim tizimi talablari va magistratura ta’limi masalalariga alohida to‘xtaldi. Xususan, joriy o‘quv yilida magistratura qabulida bo‘lgan o‘zgarishlarning mohiyati haqida so‘zlar ekan, xorijiy tillarni bilish dunyoni ilm bilan zabt etishning muhim omiliga aylanayotganini ta’kidladi:
– Har biringiz oliy ta’limning bakalavriat bosqichini bitirish arafasida turibsiz. Agar bakalavr oliy ta’limning dastlabki pog‘onasi bo‘lsa, magistratura uning davomidir. Oxirgi vaqtda magistraturaga qabul jarayonlarida o‘zgarishlar bo‘lganidan barcha xabardor. Ushbu yangiliklarning tub zamirida sifatli va malakali kadrlar yetishtirish maqsadi yotibdi. Buning uchun, eng avvalo, sohaga oid ilmlarni chuqur o‘zlashtirish va xorijiy tillarni bilish zarur bo‘ladi. Sizning o‘z kelajagingiz uchun qilgan eng katta yaxshiligingiz chet tillarni o‘rganishingizdir...
Uchrashuvning ikkinchi kunida Samarqand davlat universiteti rektori, O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi Rustam Xolmurodov biologiya, kimyo, yuridik hamda filologiya fakulteti talabalari bilan uchrashdi.
Universitet rektori oliy ta’limning bakalavriat bosqichini bitirish arafasida turgan yoshlar bilan ochiq muloqot olib borar ekan, magistraturaga qabul jarayonlarida bo‘layotgan o‘zgarishlar va ularning tub zamirida sifatli va malakali kadrlar yetishib chiqarish zarurati yotganligini aytib o'tdi.
Bugungi zamonaga bakalavriat bitiruvchilari orasidan jiddiy saralash natijasida shakllantirilgan, mutaxassislik fanlarini chuqur amaliy yondashuv asosida o‘zlashtirgan yetuk salohiyatli kadrlar kerakligi haqida fikr bildirdi.
Uchrashuv davomida talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar.
Iroda BEKMURODOVA
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati xodimi.
Shavkat AKRAMOV olgan suratlar.