“Aniq qo‘yilgan maqsad yuksak cho‘qqilarga olib chiqadi…”
Xorijiy tillarni o’rganayotgan talabalar orasida xorijda o‘qishni, dunyoning nufuzli universitetlarida tahsil olishni istaydigan yoshlar ko‘p uchraydi. Bugungi kunda Samarqand davlat universitetida xorijda tahsil olib qaytgan yoxud o‘qishini chet elda davom ettirayotgan iqtidorli yoshlar talaygina…
Samarqand davlat universiteti tarix fakulteti talabasi Muqaddas Anvarova joriy yil sentyabr-fevral oylarida Koreyaning Sunchunyang universitetida bir semestr davomida tahsil olib qaytdi. U Samarqand davlat universitetida tashkil etilgan koreys tili markazida tahsil olish davomida koreys tilini o‘rganib, Janubiy Koreya hukumati tomonidan to‘liq qoplab berilgan grant dasturi g‘olibi bo‘lishga erishdi. Ma’lumot uchun Samarqand davlat universitetida koreys tili va madaniyat markazi 2019-yilda tashkil etilgan bo‘lib, Koreyadan taklif etilgan o‘qituvchi Le Ha Jong koreys tiliga qiziquvchi yoshlarga til o‘rgatib kelmoqda. Bugungi kunda markaz tomonidan Janubiy Koreyaning nufuzli Dongkuk, Gachon, Yeungnam, Sunchunhyang kabi universitetlari bilan hamkorlik aloqalari o‘rnatilgan. Markazda tahsil olgan talabalar mazkur universitetlar tomonidan e’lon qilingan grant loyihalar, talaba almashinuvi dasturlarida ishtirok etib kelmoqda. Shuningdek, universitet xalqaro ta’lim dasturlari markazi talabalari markazda koreys tiliga o‘qitilib kelinadi. Hozirda ulardan 20 nafardan ortig‘i Sunchunhyang universitetida tahsilni davom ettirmoqda.
– Koreys tiliga maktab davrlaridan buyon qiziqaman, - deydi Muqaddas Anvarova, - Universitetga o‘qishga kirganimdan keyin Samarqand davlat universitetida tashkil etilgan koreys tili va madaniyat markazida koreys tilini o‘rgana boshladim. Qisqa fursatda yaxshi natijani qayd etayotganimni ko‘rgan o‘qituvchilarim menga Koreya universitetlari grant dasturlariga hujjat topshirib ko‘rishni tavsiya qilishdi. Keyin Sunchunhyang universitetining “Global open major” bo‘limi tomonidan e’lon qilingan grant dasturiga hujjat topshirdim. Suhbatdan muvaffaqiyatli o‘tib, grant sohibi bo‘ldim. Bir semestr davomida Sunchunhyangda o‘qidim.
Koreyada o’qish davomida mazkur davlat ta’lim tizimi bilan ham yaqindan tanishdim. Universitet ta’lim shakli yurtimizdagidan tubdan farq qiladi. Bu yerda talabalar dars vaqtlarini o‘z kunlik rejalariga moslashtirgan holda belgilashlari mumkin. Yana bir o‘ziga xos jihati, Koreya universitetlarida yil davomida o‘qitiladigan fanlarni talabaning o‘zi tanlaydi. O‘quv yili boshida talabalar har bir o‘qituvchining darsiga kirib ko‘rishadi va o‘zlariga qiziq va ma’qul bo‘lgan fanlarni tanlab olishadi. Hatto kichik yutuqlarga erishgan talabalar ham shartnoma pullariga chegirmalar qo‘lga kiritishi mumkin. Shuningdek, universitetda talabalar uchun ichki avtobuslar yo‘lga qo‘yilgan. Kutubxonalar 24/7 tartibda ishlaydi. Kelgusida magistratura bosqichini Koreyada davom ettirish niyatim bor.
Qaysi til bo‘lishidan qat’i nazar xorijiy tillarni o‘rganayotgan tengdoshlarimga hamisha o‘z oldiga aniq maqsad qo‘yishlarini tavsiya qilgan bo‘lardim. Aniq qo‘yilgan maqsad sizni eng yuksak cho‘qqilarga olib chiqadi. O‘rganayotgan tilingizga qo‘shib, o‘sha xalqning madaniyati bilan ham tanishib boring. Bu kelgusida o‘sha davlatda bo‘lganingizda noqulay holga tushib qolishning oldini oladi. Nima bo‘lganda ham o‘zingizga bo‘lgan ishonchni mustahkam qo‘yib, o‘rganishda davom eting.
Magistraturani xorijda o‘qishni rejalashtirayotgan bo‘lsangiz, bakalavr bosqichidan boshlab tayyorgarlikni boshlang. Tahsil olmoqchi bo‘lgan universitetingizning internet sahifalarini kuzatib boring. Xorijiy talabalar uchun bir necha oylik grant dasturlari e’lon qilingudek bo’lsa, qo’rqmasdan hujjat topshirib ko’ring. Bu keyinchalik magistraturani o‘sha universitetda o‘qishingiz uchun ancha foydali bo‘ladi. Muhit bilan tanishasiz, o‘z ustingizda qay darajada ishlash kerakligini bilib olasiz. Sunchunhyang universitetida o‘qiyotgan o‘zbekistonlik talabalar orasida Samarqand davlat universiteti talabalari juda ko‘p.
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati