O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta'lim, fan va innovatsiyalar vazirligining Yevropa Ittifoqi ERASMUS+ dasturining “Oliy ta’lim salohiyatini oshirish” yo‘nalishida moliyalashtirish uchun tanlab olingan “INMACOM: O‘zbekistondagi telekommunikatsiyalar mehnat bozori ehtiyojlarini qondirish uchun fotonika va optik aloqalar bo‘yicha innovatsion magistrlik dasturi” loyihasini amalga oshirish boshlandi.

    Mazkur loyiha doirasida O‘zbekistonda telekommunikatsiyalar sohasida mehnat bozorini rivojlantirish uchun universitetlar va ishlab chiqarish o‘rtasidagi aloqalar kengaytirilib, respublikamiz hududlarida telekommunikatsiyalar rivojiga hissa qo‘shishi mumkin bo‘lgan fotonika va optik aloqaga ixtisoslashgan yangi avlod AKT muhandislarini tayyorlash uchun ta’lim bazasi yaratiladi.

    Ushbu tashabbusning amaliy ifodasi sifatida Samarqand davlat universitetida “INMACOM: O‘zbekistondagi telekommunikatsiyalar mehnat bozori ehtiyojlarini qondirish uchun fotonika va optik aloqalar” yo‘nalishida innovatsion magistrlik dasturi tashkil etish bo‘yicha seminar-treninglar bo‘lib o‘tmoqda.

    Uchrashuvlarda Oliy ta’lim fan va innovatsiyalar vazirligi vakillari, Samarqand davlat universiteti mutaxassislari hamda O‘zbekiston Milliy universiteti, Toshkent Axborot texnologiyalari universiteti, Italiyaning Turin politexnika instituti, Belgiyaning Vrije va Gent universitetlari  olimlari va Yevropadagi boshqa hamkor universitetlarning mutaxassislari ishtirok etmoqda. Shu bilan bir qatorda telekommunikatsiyalar sohasi vakillari bo‘lgan “MIR SOLAR” kompaniyasi hamda UZTELECOM ning Xorazm filiali mutaxassislari ham qatnashishi belgilangan. 

    Uchrashuvning birinchi kunida O‘zbekistondagi telekommunikatsiyalar mehnat bozori ehtiyojlarini qondirish uchun fotonika va optik aloqalar bo‘yicha innovatsion magistrlik dasturi va shu sohada kadrlar tayyorlashning dolzarb masalalari muhokama qilinib, loyihani amalga oshirish uchun tegishli masalalar bo‘yicha xulosa va tavsiyalar almashildi.

    Hakim Xushvaqtov, Samarqand davlat universiteti ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori:

    – Bugun O‘zbekistonda iqtisodiyotning eng muhim sohalari uchun kadrlar tayyorlashga katta e’tibor qaratilmoqda. Ayni paytda O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalarida dunyoning nufuzli universitetlari bilan hamkorlikda yangi dasturlar, o‘quv yo‘nalishlari ochish bo‘yicha dolzarb kelishuvlar olib borilyapti. Bu kabi sa’y-harakatlarning zamirida sifatli kadrlar tayyorlash masalasi turibdi. Mazkur dasturlar orqali zamonaviy va malakali kadrlar tayyorlash amaliyoti yo‘lga qo‘yilmoqda. Samarqand davlat universitetida o‘tkazilayotgan mazkur seminar-trening Yevropa Ittifoqining ERASMUS+ dasturi doirasida moliyalashtirilgan bo‘lib, O‘zbekistondagi telekommunikatsiyalar  sohasini yuqori malakali kadrlar bilan ta’minlash uchun fotonika va optik aloqalar bo‘yicha innovatsion magistrlik dasturi loyihasi muhokamasiga bag‘ishlangan. Ushbu loyihaning bajarilishiga O‘zbekistondagi 5 nufuzli OTM mutaxassislari jalb qilingan. Asosiy maqsad: O‘zbekistonda telekomunikasiya va quyosh energiyasidan foydalanish bo‘yicha mutaxassislar tayyorlashni yo‘lga qo‘yish hisoblanadi.

    Abduvohid Jumaboyev, Samarqand davlat universiteti Muhandislik fizikasi instituti professori, fizika-matematika fanlari doktori:

    – Samarqand davlat universitetida fotonika va optik aloqalar bo‘yicha innovatsion magistrlik dasturi loyihasini amalga oshirish bo‘yicha muhokamalarda olimlarimiz va xorijlik professorlar ishtirok etmoqda. Seminarning birinchi kunida mazkur sohada kadrlar tayyorlashning mohiyati va dolzarb masalalari bo‘yicha Samarqand davlat universitetida mavjud bo‘lgan imkoniyatlarni tahlil qilish, ushbu yangi sohada magistrlar tayyorlashda oldimizda turgan vazifalarni hal etish masalalari ko‘rilmoqda. Bugungi kunda Samarqand davlat universiteti Muhandislik fizikasi instituti bu borada to‘liq imkoniyatlarga ega. Bunda Yevropaning nufuzli, ilmiy salohiyati yuqori universitetlari bilan o‘zaro hamkorlikda fotonika va optik aloqalar yo‘nalishini ochish bo‘yicha sa’y-harakatlar olib borilmoqda. Bugungi seminar bu boradagi ishlarning debochasi hisoblanadi.

    Andrea Karena, Italiyaning Turin politexnika universiteti professori, fotonika va optik aloqalar yo‘nalishi bo‘yicha mutaxassis:

    – Fotonika va optik aloqa, optik tolali komponentlar fundamental tadqiqot  yo‘nalishi dunyodagi har qaysi mamlakat uchun muhim soha hisoblanadi. Bugun hayotimizning asosiy qismiga aylangan smartfonlardan tortib noutbuklar, internet to‘lqini, u orqali axborotlarni uzatish jarayoni – hamma-hammasi fotonika bilan bog‘liq. Fotonika, bir so‘z bilan aytganda, yorug‘lik zarralari bo‘lgan yorug‘lik to‘lqinlari va fotonlarni yaratish, boshqarish va aniqlash texnologiyasidir. To‘lqinlarning xususiyatlari va fotonlarni o‘rganish orqali internet tezligini oshirish, ma’lumotlarni tez, sifatli va ishonchli uzatish, raqamli tibbiyot kabi muhim tarmoqlarda samarali natijalarga erishish mumkin. Ayni paytda Samarqand davlat universitetida mazkur sohada magistratura yo‘nalishi ochish va hamkorlikda ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish bo‘yicha kelishuvlar, amaliy takliflar almashilmoqda. O‘ylaymanki, bu O‘zbekiston OTMlari uchun katta imkoniyat. Samarqand davlat universitetida ochilayotgan yangi fotonika va optik aloqalar magistratura yo‘nalishi  bu borada imkoniyat eshiklarni ochishiga ishonaman...

    Qayd etish joizki, mazkur loyiha yurtimizda, xususan Samarqand davlat universitetida  optika, fotonika va telekommunikatsiya sohalarini yanada rivojlantirish,  yuqori malakali mutaxassis kadrlarni yetishtirish, yangi o‘quv dasturlari va laboratoriyalarni tashkil etish bo‘yicha hamkorlik doirasida dastlabki muhim qadamdir. Bunda Yevropaning Italiya va Belgiya davlatlari universitetlari bilan yaqindan hamkorlik aloqalarini o‘rnatish ko‘zda tutilgan.  

Iroda BEKMURODOVA,

Samarqand davlat universiteti

Axborot xizmati xodimi.

Shavkat AKRAMOV olgan suratlar.