Samarqand davlat universitetiga O‘zbekiston va Koreya Respublikasi oliy taʼlim muassasalari rektorlari forumi doirasida Janubiy Koreyaning Kangvon, Sungsil, Tongmyong, Yonnam va Kukmin universitetlari rektorlari tashrif buyurdi.

    Martabali mehmonlar bilan Samarqand davlat universiteti rektori, O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi, Oliy Majlis Senati aʼzosi Rustam Xolmurodov uchrashdi. Ikki tomonlama olib borilgan muzokaralarda tomonlar uchun muhim bo‘lgan mavzular: ilm-fan, taʼlim va innovatsiya sohalarida istiqbolli hamkorlik doirasida talabalar va professor-o‘qituvchilar almashinuvini kengaytirish kabi masalalar muhokama qilindi.

    Xususan, SamDU va Kangvon universiteti o‘rtasida professor-o‘qituvchi va talabalar almashinuvini yo‘lga qo‘yish, o‘zaro hamkorlikda ilmiy loyihalarni amalga oshirish, axborot va ilmiy nashrlar aloqalarini  yaxshilash bo‘yicha memorandum imzolandi.

    Sungsil universiteti bilan talabalar uchun qo‘shma taʼlim dasturlari, koreys tilini o‘rganish kurslari tashkil qilish, ikki universitet o‘rtasida akademik mobillikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha, Tongmyong universiteti bilan magistratura bosqichida qo‘shma taʼlim va yozgi maktab dasturlari ishlab chiqish yuzasidan memorandum imzolandi. Shuningdek,  Yonnam va  Kukmin universitetlari bilan ilmiy loyihalarda hamkorlikni rivojlantirish, o‘zaro manfaatli akademik sohalarda kadrlar almashinuvi hamda bakalavriat va magistratura bosqichlari uchun qo‘shma taʼlim dasturlari tashkil qilish masalalari kelishib olindi.

Iroda Bekmurodova,

Samarqand davlat universiteti

Axborot xizmati xodimi

Shavkat Akramov olgan suratlar.