Gʻafur Gʻulom katta o‘zbek adabiyotining bir ulkan qoyasi yanglig‘  asrlardan-asrlarga, avlodlardan-avlodlarga mag‘rur o‘tib kelmoqda.
    Gʻafur Gʻulomni o‘rganish, bilish, tadqiq etish tobora ma’naviy zaruratga aylanib bormoqda.
    Gʻafur Gʻulomni anglash bu o‘zbek xalqini anglash, Gʻafur Gʻulomga hurmat va ehtirom bu o‘zbek xalqiga ko‘rsatilgan iltifotdir.
    Gʻafur Gʻulom singari ulug‘ insonlarning nomi, shoni bevosita xalq nomi va shoni bilan chambarchas bog‘langan. 
    Bunday baxtga, bunday rutbaga sazovor bo‘lish uchun Gʻafur Gʻulom bo‘lish kerak. Vatanini, xalqini Gʻafur Gʻulom darajasida sevish kerak, ulug‘lash kerak, kuylash kerak.
    Men Gʻafur Gʻulomni shaxsan tirikligida ko‘rgan, uning hayotbaxsh suhbatlaridan bahramand bo‘lganlardanman. 
    Gʻafur Gʻulom bir ummon edi. To‘lqinlari samoni quchishga qodir, uyg‘oq bir ummon edi.
    Men Gʻafur Gʻulomni nafaqat shoir, balki katta qalb egasi bo‘lgan inson sifatida ham yaxshi bilaman. 
    Gʻafur Gʻulom tom ma’nodagi ezgulik elchisi, ma’rifat jarchisi edi. U kirib borgan davralarga Bedil kirib borardi. Navoiy kirib borardi. O‘zbek xalqining ulug‘vor tarixi kirib borardi.
    Gʻafur Gʻulom she’riyatida umuminsoniy g‘oyalar yashaydi. Bu borda u jahonning manaman degan shoirlari bilan bemalol tenglashadi. Ba’zi bir o‘rinlarda esa ulardan baland hamdir. 
    Gʻafur Gʻulom poeziyasida o‘zbekning qalbi namoyon bo‘ladi. 
    Bu she’riyat satrlarga, bug‘inlarga sig‘masdi. Uning prozasi ham, tarjimonligi ham, olimligi, akademikligi hech kimga o‘xshamasdi.
    Gʻafur Gʻulomni takrorlab bo‘lmaydi. Gʻafur Gʻulom yillar, asrlar o‘tsa-da yashayveradi. Uni o‘rganuvchilari, izlanuvchilar uchun o‘zining yangidan-yangi qirralarini ochaveradi.
    Bugun bizga Gʻafur Gʻulom ma’rifati, Gʻafur Gʻulom ma’naviyati har qachongidan-da zarur.
U buyuk siymo edi. U buyuk qalb egasi edi. U o‘nlab, yuzlab olimu ulamolarga, shoiru yozuvchilarga qalqon vazifasini o‘tagan edi.
    Gʻafur Gʻulom xalqini, Vatanini sevar edi. She’rlarida uni madh etar edi.
    Gʻafur Gʻulom Samarqandni, Samarqand davlat universitetini yaxshi ko‘rar edi. Samarqandlik adabiyotshunos olimlar akademik Vohid Abdullo, professor Orifjon Ikromov, O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi, professor Nuriddin Shukurovlarni juda qadrlardi. Bugun bu yerda Gʻafur Gʻulomning minnatdor ruhi kezib yurganiga ishonaman.
    Gʻafur Gʻulom biz bilan. Donishmand shoir, alloma shoir asarlari xalqimizning ma’naviy merosiga aylanib bo‘lgan...

 

Muslihiddin MUHIDDINOV,

O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi,

Samarqand davlat universiteti professori