Samarqand davlat universitetida mazkur mavzuda  xalqaro konferensiya o‘tkazildi...

    Samarqand davlat universiteti Muhandislik fizikasi instituti tomonidan tashkil etilgan nufuzli anjumanda Xitoy, AQSH, Angliya, Koreya, Germaniya, Shvesiya, Fransiya, Islandiya, Ispaniya, Rossiya kabi davlatlardan 100 ga yaqin olimlar hamda respublikamizning 30 dan ortiq ilmiy tadqiqot va ta’lim muassasalaridan 50 dan ziyod mutaxassislar va SamDU ilmiy jamoatchiligi ishtirok etdi.

    Konferensiyani Samarqand davlat universiteti rektori, O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi, Oliy Majlis Senati a’zosi Rustam Xolmurodov ochdi:

    -Fotonika va optik aloqa, optik tolali komponentlar fundamental tadqiqot yo‘nalishi har qaysi mamlakat uchun muhim soha hisoblanadi. Bugun hayotimizning asosiy qismiga aylangan smartfonlardan tortib noutbuklar, internet to‘lqini, u orqali axborotlarni uzatish jarayoni mazkur soha bilan bog‘liq. Nurlanish, uzatish, modulyatsiya, signallarni qayta ishlash, almashtirish va kuchaytirish orqali fotonlar shaklida yorug‘lik to‘lqinini hosil qilish hamda uning xususiyatlarini o‘rganish orqali internet tezligini oshirish, ma’lumotlarni tez, sifatli va ishonchli uzatish, raqamli tibbiyot kabi muhim tarmoqlarda samarali natijalarga erishish mumkin. Sohaga oid o‘rganilayotgan har bir masalada xalqaro miqyosda tadqiqot olib borish zarur. Mamlakatlar fizikaning endi rivojlanayotgan ushbu yo‘nalishlaridagi mavjud imkoniyatlarini birlashtirsa, muvaffaqiyatga erishishi ham oson bo‘ladi. Bu borada xalqaro hamkorlikning ahamiyati nihoyatda katta. Samarqand davlat universiteti Muhandislik fizikasi instituti menda juda katta taassurot qoldirdi. O‘zbekistonda bugun shu kabi institutlarga ehtiyoj juda katta deb o‘ylayman. SamDU Muhandislik fizikasi instituti bu yo‘lda dastlabki qadam. Mana shunday institut tashkil qilgandan keyin fizika fani rivoji haqida gapirsa bo‘ladi. Salobatli bino, barcha zamonaviy jihozlarga ega labaratoriyalarni ko‘rib, qoyil qoldim. O‘zbekistonda bugun ilm-fan inqilobi yuz bermoqda deyishga barcha asoslar yetarli...  

    Anjumanda nanofotonika va plazmonika, yorug‘likning qattiq jismlar bilan o‘zaro ta’siri, fotonika uchun yangi materiallar, kvant kriptografiyasi kabi sohalarda ilmiy tadqiqot olib borayotgan xorijiy mamlakatlar olimlarining ma’ruzalari tinglanib, sohaga oid tadqiqotlar va  yirik xalqaro loyihalarga o‘zbekistonlik olimlarni ham yanada keng jalb etish, turli mamlakatlar yetakchi olimlari bilan nanofotonika fanining dolzarb muammolarini muhokama qilish bo‘yicha fikrlar almashildi.

    Besh kun davom etadigan xalqaro konferensiyada nanofotonika va metamateriallar bo‘yicha 150 ga yaqin ma’ruza tinglanib, fizikaning boshqa bir nechta yo‘nalishlari bo‘yicha dolzarb masalalar muhokama qilinishi kutilmoqda.

  

    Iroda BEKMURODOVA,
    Samarqand davlat universiteti
    Axborot xizmati xodimi.
    Shavkat AKRAMOV olgan suratlar.