Maymunjon o‘simligining shifobaxsh xususiyatlari…
Maymunjon ozuqabop, dorivor va manzarali o‘simlik bo‘lib, mevasi tarkibida shifobaxsh vitaminlar, antioksidantlar va minerallar mavjud. Ushbu o‘simlik qadimdan xalq tabobati va meditsinada keng foydalanib kelingan. Dorivor va oziqabop o‘simliklardan foydalanish xomashyosini yig‘ish usullarini ishlab chiqish, yuqori sifatli xomashyo olish, tabiiy dorivor o‘simliklarning zahiralaridan oqilona foydalanish va populyatsiyalarini qayta tiklanish chora tadbirlarini ishlab chiqish muhim hisoblanadi.
O‘zbekistonda maymunjon dorivor va ozuqabop o‘simlik hisoblanadi. Ammo uning poyalarida ko‘p miqdorda tikanlarning bo‘lishi hosilni yig‘ib olishda ba’zi bir qiyinchiliklarga sabab bo‘ladi.
Maymunjon mevalarining tarkibida shakarlar, organik kislotalar, pektin moddalari, A, C, B, PP, vitaminlari va karotin uchraydi. Ildizpoya, barglari, gullari va mevalari tibbiyotda ishlatiladi. Masalan, oshqozon-ichak, aterosikleroz, gipertoniya, gastrit, diabet va immunitetni mustahkamlashda foydalaniladi. Bundan tashqari u quyidagi chanqoqni bostirib haroratni tushiradi. Kasalliklardan so’ng organizmni tiklanishiga yordam beradi. Oshqozon-ichak tizimining faoliyatini yaxshilaydi. Asab tizimini mustahkamlaydi va xotirjam uxlashga yordam beradi. Shuningdek, fikrlash qobiliyatini va xotirani mustahkamlaydi. Maymunjon o’zida ko’pgina antioksidantlarni saqlashi sababli ham organizmdan zaharli moddalarni chiqarib tashlaydi. Maymunjon kaloriyasi kam bo’lishiga qaramay to’qlik hissini uzoq vaqtgacha saqlab turadi. Shuning uchun ham ushbu o‘simlik vazn yo‘qotish xususiyatiga ega. Mevalarining tarkibida muhim biokimoviy komponentlar bo‘lishi tufayli, ulardan murabbo, djem, jele, sharbat tayyorlanadi.
Ma’lumot uchun, yer yuzida maymunjonning 200 dan ortiq turi mavjud. O‘zbekiston florasida 4 turi uchraydi. Samarqand viloyati sharoitida maymunjon yovvoyi holatda ko‘pincha daryo qirg‘oqlarida ba’zi turlari tog‘oldi mintaqalarida o‘sadi. Oxirgi yillarda bu o‘simlikning navlari dala tomorqa va bog‘larda o‘stirilmoqda…
Noila Jumaqulova
Samarqand davlat universiteti
o’simliklar fiziologiyasi va mikrobiologiya kafedrasi doktoranti.