“Magnit hodisalar va ko‘p funksiyali magnit materiallar” mavzusida xalqaro konferensiya o‘tkazilmoqda...
Samarqand davlat universitetida Muhandislik fizikasi instituti tomonidan tashkil etilgan “Magnit hodisalar va ko‘p funksiyali magnit materiallar” mavzusidagi xalqaro konferensiyaning ochilish marosimi o‘tkazildi.
Nufuzli anjumanda AQSH, Rossiya, Ispaniya, Germaniya, Italiya, Indoneziya, Hindiston, Gresiya, Gollandiya kabi dunyoning 17 davlatidan 130 dan ziyod xorijiy olimlar hamda respublikaning 30 dan ortiq tashkilotlaridan 50 dan ortiq mutaxassislar o‘z ma’ruzalari bilan ishtirok etdi.
Tantanali marosimni Samarqand davlat universiteti rektori, O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi Rustam Xolmurodov ochib berdi:
– Bugungi kunda mamlakatimizda fizika sohasini rivojlantirish ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida qaralmoqda. Muhandislik ilm-fani va ta’limini yangi sifat bosqichiga olib chiqishga qaratilgan qator tizimli ishlarning davomi sifatida xalqaro ilmiy-tadqiqotlar olib borish uchun zarur shart-sharoit yaratilayotganligi, sohaga oid ilmiy-tadqiqot olib borayotgan olimlarimiz mehnatini rag‘batlantirish tizimi joriy etilayotganligi, mamlakatimizda ilm-fan va ta’limga bo‘lgan e’tiborning oshib borayotganidan dalolat. Shuning uchun ijtimoiy-iqtisodiy salohiyatning barqaror o‘sishi, aholining hayot darajasi va farovonligi yuksalishi uchun zarur sharoitlarni ta’minlashga qodir bo‘lgan ilm va innovatsiya faoliyatini rivojlantirish bugun oldimizda turgan eng muhim vaziflarimizdan biri bo‘lib qolmoqda. Muhandislik ilm-fani va ta’limini yangi sifat bosqichiga olib chiqish hamda bu borada jahonning yetakchi mamlakatlarida to‘plangan boy tajribani respublikamiz miqyosida ommalashtirish maqsadida tashkil etilgan “Magnit hodisalar va ko‘p funksiyali magnit materiallar” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy anjumanda Rossiya, Germaniya, Ispaniya, Fransiya, Yaponiya, Janubiy Koreya, Xitoy, Angliya, Italiya kabi davlatlarining turli nufuzli universitetlaridan olimlar ishtirok etmoqda. Shuningdek, respublikamizning 30 dan ortiq sohaga oid tashkilotlaridan 50 dan ortiq mutaxassis va olimlar o‘zlarining ma’ruzalari bilan qatnashayotgani va shunday nufuzli tadbirning Samarqand davlat universiteti Muhandislik fizikasi institutida o‘tkazilayotgani bizga faxr bag‘ishlash bilan bir qatorda yanada katta mas’uliyat va qo‘shimcha vazifalar yuklaydi.
Nikolay Perov, Moskva davlat universiteti professori:
– Magnetizm sohasi fizikaning muhim va dolzarb tarmoqlaridan. Bugungi konferensiyaga 17 davlatdan xorijiy mutaxassislarning jalb qilingani magnetizm sohasining butun dunyo bo‘yicha muhim yo‘nalishlardan bir ekanini ko‘rsatadi. Sohaga oid ilmiy tadqiqotlarga xalqaro nigohda qarash, mamlakatlar o‘rtasida mavjud ilmiy hamkorlik aloqalarini rivojlantirish, albatta, o‘z samarasini bermasdan qolmaydi. Konferensiya bahona Samarqand davlat universiteti Muhandislik fizikasi instituti bilan ham tanishdik. Salobatli binolar, zamonaviy laboratoriya va o‘quv xonalari ko‘pchilik xorijiy ekspertlarning e’tiborini tortdi. O‘ylaymanki, ilm-fan uchun yaratilgan bunday sharoitda kelajak ilm-fanini rivojlantiradigan kashfiyotlar yaratiladi...
Obloqul Quvondiqov, Samarqand davlat universiteti umumiy fizika kafedrasi professori, Samarqand magnetizm maktabi asoschilaridan:
– Bugungi konferensiya nafaqat Samarqand davlat universiteti, balki butun mamlakatimiz ilm-fanida muhim hodisa. Unda dunyoning turli nuqtalaridan tashrif buyurgan fizik olimlar bir nuqtada jam bo‘ldi. Mazkur anjumanning Samarqandda o‘tkazilayotgani ham bejiz emas. Samarqand davlat universitetida Samarqand magnetizm maktabi hamda magnetizm yo‘nalishi bo‘yicha ilmiy darajalar beruvchi yagona ilmiy kengash faoliyat yuritadi. Respublika bo‘yicha ushbu sohada faoliyat olib borgan mutaxassislarning deyarli barchasi ushbu maktabdan yetishib chiqqan. Shaxsan mening o‘zim faoliyatim davomida mazkur sohada 2 fan doktori, 18 fan nomzodi yetishtirishga muvaffaq bo‘ldim.
Eshquvvat Arziqulov, Samarqand davlat universiteti qattiq jismlar kafedrasi professori:
– Fizikaning eng rivojlangan va amaliyotga yaqin bo‘lgan sohalaridan biri bo‘lgan magnetizm sohasi bo‘yicha Samarqand davlat universitetida O‘rta Osiyoda yagona bo‘lgan magnetizm maktabi mavjud. Hozirgi paytda magnetizm shunday sohaga aylandiki, unda erishilayotgan har bir yutuq va yangilik to‘g‘ridan-to‘g‘ri amaliyotga tatbiq etiladi. Hayotimizning asosiy qismiga aylanib ulgurgan mobil qurilmalar, smartfonlar, flesh xotiralar, hamma-hammasi ushbu sohaning kashfiyotlari tufayli hozirgi darajadagi takomiliga yetgan. Bugungi konferensiyada magnetizm sohasidagi muhim yangiliklar to‘g‘risida butun jahon olimlari ma’ruzalari bilan qatnashmoqda. Konferensiyaning asosiy maqsadlaridan biri magnetizm sohasini rivojlantirish va ushbu soha orqali insoniyat kelajagi uchun foydali kashfiyotlarni ishlab chiqishga qaratilgan hisoblanadi. Samarqand davlat universiteti Muhandislik fizikasi instituti bu borada yetarlicha kuch va ilmiy salohiyatga ega. Ayniqsa, anjumanga tashrif buyurgan mehmonlar Samarqand davlat universiteti Muhandislik fizikasi institutining yangi binosini ko‘rib juda yuqori baho berishdi...
Besh kun o‘tkazilishi rejalashtirilgan konferensiya spintronika va magnitotransport hodisalari, magnitofotonika (chiziqli va nochiziqli magnitooptika, magnitofotonik kristallar), yuqori chastotali xususiyatlar va metamateriallar, suyultirilgan magnit yarimo‘tkazgichlar va oksidlar, magnit nanostrukturalar va kichik o‘lchamli strukturalar magnetizmi, magnitoyumshoq moddalar (magnit polimerlar, murakkab magnit suyuqliklar va suspenziyalar), yumshoq va qattiq magnit materiallar, magnit xotiraga ega bo‘lgan qotishmalar va magnitokalorik effekt, magnetizm va o‘ta-o‘tkazuvchanlik, multiferroiklar, biotibbiyot magnetizmi sohasida ishlatiladigan elementlarning fizik xossalarini o‘rganish kabi shoʻbalarga bo‘lingan holda o‘z ishini davom ettiradi.
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati.
Shavkat Akramov olgan suratlar.