Oltin zaxira - Prezident maktabining ilk bitiruvchilari bilan uchrashuv
Pushkin nomidagi axborot kutubxona markazida Samarqand shahridagi Prezident maktabining 24 nafar bitiruvchilari bilan uchrashuv tashkil etildi.
Tadbirda Samarqand davlat universiteti rektori, O’zbekiston Respublikasi fan arbobi, Oliy Majlis Senati a’zosi Rustam Xolmurodov, viloyat hokimligi tashkiliy-kadrlar guruhi rahbari Bekzod Rahmatullayev, “Zarafshon” va “Samarkandskiy vestnik” gazetalari tahririyati bosh muharriri Farmon Toshev bitiruvchilarni o‘quv yilini muvaffaqiyatli tamomlaganliklari hamda xorijiy oliy ta’lim muassasalari talabasi bo‘lganliklari bilan qutladi.
Bugungi kunda mamlakatimizni har tomonlama rivojlantirish borasida keng qamrovli islohotlar olib borilayotgani, ushbu islohotlarning tom ma’nodagi tayanchi va davomchisi bo‘lgan yoshlar masalasi siyosatimizning eng ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanishi ta’kidlandi.
Viloyatimizda “Samarqand kelajak javohirlari”, “Kelajak liderlari” va “Samarqand ilmli qizlari” klublari faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Unda intellektual jihatdan salohiyatli va faol fuqarolik pozitsiyasiga ega, teran fikrlaydigan, mustaqil dunyoqarashga ega “Yosh liderlar”ni aniqlash va ularni davlat xizmatiga jalb qilish maqsad qilingan.
- Sizlar davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan tashkil etilgan Prezident maktabida o‘qidingiz, o‘zlaringizning bilim va ko‘nikmalaringizni oshirdingiz, - dedi Bekzod Rahmatullayev. - Shu vaqtga qadar egallagan bilimlaringiz va bundan keyin o‘zlashtiradigan ilmlaringizni jannatmonand yurtimizning munosib farzandi sifatida komil inson va elparvar shaxs bo‘lib shakllanishga yo‘naltirishlaringizni tilayman.
Tadbir davomida barcha bitiruvchilar dunyoning eng nufuzli oliy o‘quv yurtlariga qabul qilinganligi e’tirof etildi. Ularga xorijda olgan bilim va tajribalarini mamlakatimiz manfaatlari uchun safarbar qilishi burchi ekanligi aytildi.
- Maktabda olgan bilimlarim natijasida texnologiya yo‘nalishidagi AQSh ning Georgia Tech universitetiga o‘qishga qabul qilindim, - deydi ishtixonlik Shohsanam O‘ktamova. – Muhimi, Prezident maktabi menga sog‘lom dunyoqarash berdi. Nufuzli bilim yurtida o‘qishimni biotexnologiya muhandislik yo‘nalishida davom ettirmoqchiman. Tibbiyotda, ayniqsa, jarrohlik amaliyotida tibbiy tekshiruv uskunalarini moderinatsiya qilishni, yangicha va innovatsion yondashgan holda nanotexnologiyalar asosida yaratishni maqsad qilganman. Buning natijasida bemor oson va tez davolanishiga aminman.
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati