Bobokalonimiz Zahiriddin Muhammad Bobur hayoti bilan tanishgan har bir inson “Boburnoma” asarida tasvirlangan joylarni ko‘rish, buyuk ajdodimiz yurgan yo‘llardan yurish istagida bo‘lishi tabiiy hol. Menda ham keyingi paytlarda butun dunyo nazariga tushgan qadimiy go‘sha - Bobur yashagan  Axsikentga borish istagi tug‘ildi. Ilmiy rahbarim SamDU mumtoz adabiyot tarixi kafedrasi mudiri, filologiya fanlari doktori Isroil Sulaymonov ham fikrimni qo‘llab-quvvatlab, noyob qo‘lyozmalar bilan tanishish keyingi ilmiy ishlarim uchun poydevor bo‘lishini ta’kidladi.

    Shu tariqa Andijon tomon yoʻlga tushdim. Ota-onam hamrohligida Axsi qishlog‘iga yetib borishimiz bilan mahobatli jome masjidi qurilishi bizni hayratga soldi. Mahalliy aholi tomonidan bunyod etilayotgan va bunyodkorlik ishlarida Axsi sayyidlari ilmiy-ma’rifiy, me’moriy majmuasi rahbari faqih olim, arab tilini mukammal biladigan mutaxassis Bilolxon Rustamov bosh-qosh bo‘layotgan ulkan majmua o‘zining betakror ko‘rinishi, salobati, muhtasham minoralari bilan alohida ajralib turadi. Axsi sayyidlari ziyoratgohi va qabriston Sho‘rolar davrigacha 20-30 gektar joyni egallagan, keyinchalik vayron qilingan. Bu xarobaga aylangan joylarda 2016-yildan boshlab obodonchilik ishlari boshlangan. U yerdagi katta qabr Maxdum A’zam sayyid Ahmadxo‘ja bobomizning uchinchi bobolari Sayyid Burhoniddin hazratlariga tegishli bo‘lib, bu zot 1370-yilda 75 yoshda vafot etgan. Bu joy Zahiriddin Muhammad Boburning otasi Umarshayx mirzoning pirlari Sayyid mir Ahmad Qozi, Boburning pirlari Sayyid Abdullo Qozilar yotgan tabarruk go‘shadir.

     Bilolxon domla Axsida 400 yillar  avval dahshatli zilzila tufayli shahar vayron bo‘lgani, o‘rnida Axsu qishlog‘i qolgani, shuning uchun bu yerlar kavlansa shahar qoldiqlari chiqishi to‘grisida ham gapirdilar.

    Qabristonda dafn qilingan noma’lum shahid inson haqidagi hikoya bizni hayratga soldi. Shahidning qabri yangi qabr qazish jarayonida ochilib ketganda  qabr qaziyotgan odamlarning qo‘llariga qon tekkan. Keyinchalik ham qabr suv ostida qolganda eski qabrning bir cheti ochilib qoladi. Shu yerdagilar, jumladan, Bilolxon Rustamov ham shahidning jasadi bus-butun saqlanganiga guvoh bo‘ladilar. Qabrdan muattar hid taralib, odamlar bu hid qayerdan kelayotganini bilmay hayratga tushadilar, bu hid ancha vaqtgacha odamlarning ust-boshidan ketmaydi. Ziyoratgohda 3-4 asrlik tarixga ega bo‘lgan chillaxona ham bor.

    Axsi muzeyidagi osori atiqalar va nodir qo‘lyozmalar bizni juda qiziqtirdi. Bu qo‘lyozmalardan o‘ttizga yaqini mahalliy aholi tomonidan taqdim etilgan. Bilolxon Rustamov ular orasida 1200 yil avval bitilgan Kalom ilmi – aqoid falsafasiga oid kitob borligi, bu kitob zer-u zabarsiz yozilganiga qaraganda VII-VIII asrlarga tegishli ekanligi, Markaziy Osiyoda eng nodir topilma sifatida baholanganini aytdi. Yana bir noyob yodgorlik o‘n asrlik tibbiy qo‘llanmadir. Qo‘llanmada turli duolar va ularning sharhlari bitilgan bo‘lib, kitob shakliga keltirilmasdan 5 metrlik uzun tasma holida bitilgan. Muallifi Abulfayz Fayziy bo‘lgan, tabobat, duo, virdlar to‘plamidan iborat. XVI asrga tegishli bo‘lgan qo‘lyozma esa Zahiriddin Muhammad Boburning nabirasi Akbarshohga atab bitilgan.

    Bulardan tashqari, yangi qabul qilingan kitoblar orasida XVII-XIX asrlarga oid tariqat odoblari haqidagi “Tanbehoti darveshiya”, “Qissai Ibrohim Adham”, “Qissai Imomi Hasan Imomi Husan”, fiqh, yashash odoblari haqidagi “Saloti Ma’udiy”, tarixga oid katta bosma kitob “Chor kitob”, Payg‘ambarimiz siyratlari haqidagi “Siyari sharif”, Abulqosim Firdavsiyning “Shohnoma” asari (noyob suratlari bilan), Fuzuliyning Sankt Peterburg nazorati ostida 1891-yilda Toshkentda Laxtin litografiyasida bosilgan “Layli va Majnun” kitobi, So‘fi Olloyorning o‘n ming baytdan iborat “Maslak ul-muttaqin” kitoblari mavjud. Bu kitoblarning aksariyatidan parchalar o‘qishga ham harakat qildik. Yana bir kitob Abdurahmon Jomiy tomonidan fors-tojik tilida yozilgan, “Sharhi Mullo Jomiy” deb ataladi. Bilolxon Rustamov qo’lyozmadan ayrim parchalarni izohladilar. Arab tili grammatikasi to‘g‘risida yozilgan bu kitob Abdurahmon Jomiyning o‘g‘li Ziyovuddin Yusufga bag‘ishlangan. Jomiyning farzandiga qilgan nasihatlari ham mavjud. Unda Jomiy tengsiz tashbehlar qo‘llaganki, qalblarimizda sokinlik va hayrat paydo bo‘ladi. “Farog‘atga erishishni istasang, cho‘ntaklaringni bo‘shatib qo‘y, nol sifri (sifr arabcha so‘z, raqam) ham xoli bo‘lgani uchun raqamlarning boshidan o‘rin olgan”, - deydi Jomiy.

    Ulkan majmuaning bunyod etilishi, madaniy merosimizning to‘la-to‘kis saqlanishida Axsikent arxeologiya merosi obyektini muhofaza qilish va taqdqiq etish direksiyasi direktori, mutaxassisligi iqtisodchi bo‘lsa-da eski qo‘lyozmalarni o‘qiydigan, arab va fors tillaridan xabardor bo‘lgan Anvar Ikromov ham osori atiqalar va nodir qo‘lyozmalar haqida bir qator qimmatli ma’lumotlarni berib, hozirda Axsi muzeyida turli davrlarga oid mingdan ziyod tangalar saqlanayotgani, ular ichida 475-600-yillarga oid Sosoniylar kumush tangalari borligini, shuningdek, dunyoga mashhur Damashq qilichlaridan bittasi shu muzeyda ekanligini tilga oldilar. Damashq qilichlarining o‘tkirligi, bunday qilichlar axsilik ustalar tomonidan yasalib Damashqda sotilgani uchun shunday nomlanishini tushuntirdilar.

    Men bu bebaho yodgorliklar majmuidan juda katta taassurotlar bilan qaytdim. Axsi xalqining boy tariximizga bo‘lgan munosabati, fidoyiligi, qolaversa, bunyodkorlik ishlarga munosib insonlar bosh bo‘layotganidan xursand bo‘ldim. Kelgusida o‘zim uchun nodir qo‘lyozmalar bilan ishlashdek ilmiy rejalar ham tuzib oldim.

 

    Dilafruz Sayipova,
    SamDU Kattaqoʻrgʻon filiali
    gumanitar fanlar kafedrasi oʻqituvchisi