RASMIY MUNOSABAT
ELTUZ telegram kanalidagi “SamDU talabalaridan qayta imtihonlar uchun pul to‘lash talab qilinmoqda” nomli xabar yuzasidan quyidagilarni ma’lum qilamiz:
Samarqand davlat universitetida yakuniy nazoratlarda korrupsiyaning oldini olish uchun keyingi 2-3 yil mobaynida qator ishlar amalga oshirildi.
Xususan, imtihonlarni markazlashgan tartibda o‘tkazish uchun talabalar bilimini baholash bo‘limi tashkil etilib, muayyan fandan ma’ruza, amaliy, laboratoriya va seminar mashg‘ulotlari o‘tkazgan professor-o‘qituvchilar yakuniy nazoratga jalb etilmaydigan bo‘ldi.
Shuningdek, barcha yakuniy nazorat yozma ishlari (skanerlangan elektron shakli) “Talabalar bilimini baholash bo‘limi” tomonidan boshqa oliy ta’lim muassasalariga yuboriladi va ularning professor o‘qituvchilari tomonidan tekshirilib, baholanadi. Mazkur jarayonda dars bergan o‘qituvchi va universitet professor-o‘qituvchilari ishtirok etmaydi.
Bundan tashqari, nazorat natijalaridan norozi talabalarning apellyasiyasi ham boshqa OTMda bo‘lib o‘tadi.
Agar sizda imtihonlardagi korrupsiyaga oid asosli shubha yoki dalillar mavjud bo‘lsa, vakolatli organlarga yoki o‘quv-uslubiy boshqarmaga murojaat qilishni hamda vaziyatni tushunishga yordam beradigan ma’lumotlarni taqdim etishni so‘raymiz.
Murojaat uchun telefonlar: (66) 239 18 49
SamDU Axborot xizmati