Ilmiy ajnuman: “Tog’ va tekislik landshaftlari barqaror rivojlanishining geografik asoslari”…
Samarqand davlat universitetida O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi Lapas Alibekov tavalludining 85 yilligiga bag’ishlangan “Tog’ va tekislik landshaftlari barqaror rivojlanishining geografik asoslari” nomli konferensiya o’tkazildi. Nufuzli anjumanda ilmiy jamoatchilik vakillari, olimning oilasi va xorijlik mehmonlar ishtirok etdi.
Tadbirni Samarqand davlat universiteti ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo’yicha prorektori Hakim Xushvaqtov kirish so’z bilan ochib, anjuman ishtirokchilariga omad tiladi.
- Lapas Alibekov o‘z tadqiqotlari natijasida birinchi bo‘lib, O‘rta Osiyo tog‘ va tekislik landshaftlari o‘rtasidagi o‘zaro tabiiy geografik ta’sir mexanizmlari, tadrijiy bog‘liqlik hamda aloqalari, ularning inson xo‘jalik faoliyati ta’sirida o‘zgarishi borasidagi qonuniyatlarni ochib bergan, - deydi SamDU professori Subxon Abbosov. - Olim tomonidan O‘rta Osiyo tabiiy geografik o‘lkasiga xos bo‘lgan tog‘-tekislik juftligiga nisbatan “geopara”, ya’ni “qo‘sholoq komplekslar” degan tushuncha ilmiy muommalaga kiritilgan. Shuningdek, O‘rta Osiyo mintaqasi misolida tog‘ va tekislik o‘rtasida modda va tirik organizmlarning aylanma harakati qonuniyati ochib berilgan. Domlaning ushbu ilmiy tadqiqot ishiga mashhur geograf olimlardan A.Ryabchikov, N.Mixaylov, N.Nikolayevlar yuqori baho bergan. Lapas Alibekov o‘zining tadqiqot ishlarini ilmiy adabiyotlarni o‘rganish asosida yaratib qolmasdan balki u dalada geografik tadqiqotlar asosida olib borgan. U kishi o‘zining doktorlik ishini G‘arbiy-Zarafshon tog‘larining landshaftlariga bag‘ishlagan bo‘lib ushbu tog‘ning meridional va kenglik yo‘nalishida ekspeditsiyalar olib borgan.
- Lapas Alibekov O‘rta Osiyo, xususan O‘zbekiston hududida rivojlanib borayotgan cho‘llanish jarayonlarini kompleks tadqiq etgan, cho‘llanishning tabiiy va antropgen mexanizlarini hamda uning ijtimoiy-iqtisodiy oqibatlarini batafsil tahlil qilgan, - deydi SamDU geografiya va ekologiya fakulteti dekani Aliqul Ravshanov. - Cho‘llanish jarayonlarini o‘rganish natijasida “omil-jarayon-natija” ko‘rinishidagi sabab-oqibat aloqadorligining ilmiy-amaliy modelini ishlab chiqqan. O‘zbekiston hududida ekotizimlar (landshaftlar) ning 8 ta asosiy tipini ajratgan va lokal iqlim o‘zgarishi tendensiyalari hamda ularning ta’sirida ro‘y berayotgan cho‘llanish jarayonlarini intensivligini aniqlagan. Lapas Alibekov o‘zining ilmiy faoliyatida O‘rta Osiyo va shu jumladan O‘zbekiston tabiati va undan samarali foydalanish, muhofaza qilish borasidagi masalalarni ko‘tarib chiqqan. Ushbu tadqiqot ishlari inobatga olinib 2002-2011-yillarda NATO ning “Arid mintaqalarda cho‘llanish jarayoni” dasturida xalqaro ekspert sifatida faoliyat olib borgan. Olimning 400 dan ortiq ilmiy ishlanmalari respublika va xorijiy ilmiy jurnallarda nashr etilgan…
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati