Samarqand davlat universiteti isteʼdodli talabalarning ota-onalarini hamkorlikka chaqiradi…
Samarqand davlat universitetida Biokimyo, Muhandislik fizikasi institutlari, tarix, filologiya, matematika fakultetining 1-bosqich iqtidorli talabalari va ularning ota-onalari bilan uchrashuv tashkil etildi. Tadbir avvalida ota-onalar farzandlari tahsil olayotgan institut va fakultetlarda bo‘lishdi. O‘quv jarayonlari, laboratoriyalar, muzeylar faoliyati bilan tanishdi. O‘quv xonalari, maʼruzalar zali, kutubxona, oshxona va yotoqxonalarga kirib, yaratilgan sharoitlarni ko‘zdan kechirdi.
Samarqand davlat universiteti rektori, O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi, Oliy Majlis Senati aʼzosi Rustam Xolmurodov g‘oyasi asosida yaratilgan film ota-onalar eʼtiboriga havola qilindi. Filmda oddiy oiladan chiqib, bilim, taʼlim olish orqali yuqori natijalarga erishgan qahramonlarning hayot yo‘li aks ettirilgan.
“O‘zingizga ishoning! Siz ular kabi kuchlisiz. Bilim egallang. Umidsizlikka tushmang. Faqat oldinga, faqat olg‘a…” shiori asosida tayyorlangan mazkur film tadbir ishtirokchilariga katta taassurot qoldirdi.
- Bugungi universitet rahbariyatining ota-onalar bilan uchrashuvi biz uchun manfaatli bo‘ldi, - deydi talabaning otasi Shaxobiddin Yaxshiboyev. – Farzandim matematika fakultetida o‘qiydi. Men ham matematikman. Bu yerdagi o‘qituvchilarni yaxshi bilaman. Biz o‘qigan va hozirgi davrdagi sharoitlarni taqqoslasam farzandlarimizga havas qilaman. Samarqand davlat universiteti rektori Rustam Xolmurodov farzandingizni kelajagiga befarq bo‘lmang, o‘qiting, chet tillarini o‘rgating deb ota-onalarga murojaat qildi. Bugun namoyish etilgan filmda ham chuqur maʼno bor. Filmdagi qahramon hindistonlik Sundar Pichai xorijga borib o‘qishi uchun bilet olishga puli bo‘lmagan, lekin otasi unga o‘zi qiyin vaziyatda qolsada, investitsiya kiritganligi tahsinga sazovor. Otasining shu harakati bois, u bugun dunyodagi eng yirik kompaniyaning direktori. Farzandning tarbiyasida ota-onaning roli muhim bo‘lishi kerak.
- Farzandim Abdumannon joriy yilda SamDU Muhandislik fizikasi institutiga o‘qishga qabul qilindi, - deydi Gulnoza Jo‘rayeva. – O‘g‘limning iqtidorli guruhda tahsil olishi meni quvontirdi. Bugun ertalabdan Muhandislik fizikasi institutida bo‘ldim. Farzandim shunday hashamatli binolarda, zamonaviy laboratoriyalar, shinam xonalarga ega dargohda o‘qishidan faxrlandim. Samarqand davlat universiteti rektori bilan uchrashuvimiz ota-onalar uchun ayni muddao bo‘ldi. Domla maxsus fanlarni o‘qitishdan tashqari, chet tillarni bilish afzalliklari haqida to‘xtaldi. Bugundan boshlab farzandlarimni til o‘rganishi uchun barcha choralarni ko‘raman.
- Men o‘qimaganman. Hunarmandman. Farzandlarim o‘qishini orzu qilganman, - deydi talabaning otasi Bobur Kamolov. – Farzandining yutug‘ini ko‘rish har bir ota-ona uchun baxt. Qizimning Samarqand davlat universitetida o‘qishi uning baxti deb bilaman. Chunki hammaga ham SamDU Biokimyo institutida o‘qish nasib qilmaydi. Institut hovlisiga kirsangiz yaxshi ilmiy muhit shakllanganligiga guvoh bo‘lasiz. Prezident Shavkat Mirziyoyev ham aynan SamDU Biokimyo institutiga tashrif buyurgan edi. Farzandim endi shu yerda o‘qir ekanda deb o‘shandayoq xursand bo‘lganman…
- Bugungi ota-onalar uchrashuvidan xursandman. Yigirma yil oldin shu universitetni tamomlaganman, - deydi Mahsuma Karimova. -Jonajon universitetimni bugun yana bir bor ko‘rdim. Qizim filologiya fakultetida o‘qiydi. Bugungi majlisda namoyish etilgan filmdan rosa taʼsirlandim. Talaba va ularning ota-onalari uchun ibrat bo‘ladigan film bo‘libdi. Film qahramonlari hayotini so‘zlab berar ekan, ota-onamni yodga oldim. Bugun universitetni ko‘rib shunga amin bo‘ldimki, davlat bolalarimizning o‘qishi uchun barcha sharoitni yaratib bergan. Farzandlarimizning qanday o‘qishi esa o‘zlarining qo‘llarida. SamDU rektori Rustam Xolmurodov ota-onalarga farzandlarini o‘qitishi uchun qator tavsiyalar berdi. Ishonchim komilki, ushbu tavsiyalarga amal qilinsa bolalarimizning kelajagi porloq bo‘ladi…
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati,
Shavkat AKRAMOV olgan suratlar.