Samarqand davlat universiteti dotsenti, tarix fanlar nomzodi, taniqli arxeolog Amriddin Berdimurodovning 70 yilligi munosabati bilan  “Sug‘d va chochning qadim va o‘rta asrlar davri madaniyati hamda diniy e’tiqodlari” mavzusida xalqaro konferensiya o’tkazildi.

    Samarqand arxeologiya institutida o’tkazilgan anjumanda Samarqand davlat universiteti rektori, O’zbekiston Respublikasi fan arbobi, Oliy Majlis Senati a’zosi Rustam Xolmurodov, Samarqand viloyati hokimining turizm, madaniyat, madaniy meros va ommaviy kommunikatsiyalar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Rustam Qobilov, Senator Farmon Toshev, akademik Ahmadali Asqarovlar ishtirok etdi.

    O’zbekiston  Madaniy meros agentligi direktori Bahodir Abdikarimov, Xalqaro Amir Temur jamoat fondi raisi, O‘zbekiston xalq yozuvchisi Muhammad Ali, professor Temur Shirinov, fransiyalik akademik Frans Grenet, Yaponiyaning Tezukayama universiteti professori Takao Unolar olimning faoliyati, ilmiy ishlari va anjuman haqida fikr-mulohazalarini bildirdi.

    Rustam Xolmurodov, Samarqand davlat universiteti rektori:

    - Amriddin Berdimurodvning hayotga va insonlarga bo‘lgan munosabati, ilm-fan, ta’lim va jamoatchilik sohalarida erishgan yutuqlari ko‘pchilik orzu qiladigan ibrat yo‘lidir. Domla yarim asrlik ilmiy faoliyati davomida mamlakatimizda arxeologiya sohasini rivojlantirish, arxeologik yodgorliklar majmuini yaratishga o‘zining munosib hissasini qo‘shib kelmoqda. Jonkuyar olim oddiy o‘qituvchilikdan institut direktori darajasiga qadar bo‘lgan mashaqqatli va sharafli yo‘lni bosib o‘tgan. U kishining tashabbusi bilan yurtimizda birinchi marta “O‘zbekiston arxeologiyasi” ilmiy jurnalining nashri yo‘lga qo‘yildi. 30 yildan ortiq vaqt davomida Fransiya davlati “Temuriylar assosiatsiyasi” vitse-prezidenti sifatidagi faoliyati, «Vatan haqqiga munojot» asari tahsinga sazovor. Yaqinda SamDU mauassligida nashrdan chiqqan “Samarqandim” jurnalidagi “Qayerdan kelganingni bilishing lozim” nomli suhbatingiz ko’pchilikning diqqat-e’tiborini tortdi. Sizdan bir qator ilmiy yutuqlar, yangiliklar kutib qolamiz. Yetmish yoshingiz muborak bo’lsin…

    Ma’lumot uchun, Amriddin Berdimurodovning 300 ga yaqin ilmiy, ommabop maqolalari, 10 ga yaqin monografiya hamda kitoblar arxeologiya sohasida o‘quv va ilmiy jarayonlarda keng foydalanilmoqda. Olim “Do‘stlik” ordeni hamda Fransiyaning “Akademik palma” ordenlari bilan taqdirlangan.

Samarqand davlat universiteti

Axborot xizmati,

Shavkat AKRAMOV olgan suratlar.