Birinchi qismni o'qish

    Ajinli amaki bilan tanishuvimiz shunday bo‘lgandi. Negadir uni eslaganimda xayolimga birinchi bulib, peshonasidagi ajinlar kelar, shuning uchun unga "ajinli amaki" deb nom qo‘yib olgandim.Har kuni bo‘lmasa ham kun ora to‘garakka ketayotganimda uni sex hovlisida ko‘rib qolardim. U uzoqdan ismimni aytib chaqirib, shodon qo‘l silkib qo‘yardi. Men ham unga minnatdorona qo‘l silkir, endi bu joy menga «xavfli hudud» bo‘lib tuyilmas, sira qo‘rqmasdim. Bir kuni mashg‘ulotdan erta qaytayotgandim, sim devor yonida xayol surib o‘tirgan ajinli amakiga ko‘zim tushdi. Negadir u bilan biroz bo‘lsa-da gaplashgim keldi. Yoniga borib salom berdim. Xayollarga berilib o‘tirgan ekan, shekilli, cho‘chib tushdi. U sim devorning ichkari tomonida, men esa tashqarisida edim.

    — Qo‘rqitib yubormadimmi?

    — Yo‘q, shunchaki xayol surib qolibman. Darsdan qaytyapsanmi?

    — Shunday desa ham bo‘ladi. Darsdan so‘ng rasm to‘garagiga qatnayman.

    — Bilaman,- dedi u kulib.

    — Qanday qilib, axir sizga bu haqda aytmagandimku?

    — Seni ko‘p kuzataman. Ertalab do‘stlaring bilan maktabga borasan. Tushdan keyin katta papkangni qo‘ltiqlab, allaqaerga ketaverasan. Bunaqangi papka faqat rassomlarda, yoki me’morlarda bo‘ladi.

    — Ha, to‘g‘ri topibsiz.

    — Menga chizmalaringdan ko‘rsat.

    Papkamni ochib,  ayrimlari chala, ayrimlari bitgan ishlarimni ko‘rsatdim. U zavq bilan uzoq tomosha qildi.

    — Chiroyli chizar ekansan. Bu borada qobiliyating bor ekan.qoyil,- dedi u.

    Chizmalarim orasidan ko‘m-ko‘k osmonda parvoz qilayotgan ikkita kabutar surati uning e’tiborini tortdi. «Kabutarlar» dedi u asta shivirlab.

    — Ha, kabutar, -dedim fikrini ma’qullab. Ma’yus jilmaydi. O‘g‘lining qushlarni yaxshi ko‘rishi, uyida bir juft kanareykasi borligini esladi.

    Shu payt  darvoza yoniga mashina kelib to‘xtadi. Ikkita ayol, biri kampir bo‘lsa kerak, munkayib yurardi, bir odam tushib keldi. Uchalasining ham qo‘lida yuklari bor edi.

    — Ular kim? Taniysizmi?

    — Sherigimning oila a’zolari. Ko‘rgani kelishgan, chog‘i.

    — Sizning ham oilangiz kelib turishadimi?

    — Ha, albatta.

    — O‘g‘lingiz-chi?

    —O‘glim...u kelmaydi, aniqrog‘i men aytganman, kelmasin deb.

    —Nega? - dedim hayratimni yashirmay.

    — Shunchaki, meni bu ahvolda ko‘rishini istamayman.

    —Ahvolingizga nima qilibdi?

    — Bolakay, sen bularni hali tushunmaysan.

    — Sizga bir savol bersam maylimi?

    — Xo‘sh?!

    — Qanday qilib bu yerga kelib qolgansiz?

    Uning ko‘zlari menga qadalgan ko‘yi, jim qoldi. Bilmadim, shu lahzada u nimani his qildi ekan. Bu menga qorong‘u edi,lekin uning ma’yus ifoda yuqqan ko‘zlariga qarashga bardoshim ko‘p ham yetmadi. Nigohimni olib qochdim. Shunday qo‘pol savol berganimdan afsuslandim.

    — Agar bunga javob berish og‘ir bo‘lsa, javob berishingiz shart emas.

    — Yo‘q,-dedi u,- javob berish og‘ir emas. Vaqti kelib savolingga javob beraman.

    Suhbatimiz qovushmadi. Sovuq xayrlashdik. Ertaga sut olib kelishimni tayinladi.

    Oyimga ajinli amaki bilan do‘stlashib olganimni aytmagandim. Buni bilsa, u bilan uchrashishimni ta’qiqlab qo‘yishidan qo‘rqardim. Oyim tabiatan biroz vahimakashroq edi. Shuning uchun, ertaga ajinli amakiga qanday qilib sut olib borishimni o‘ylardim. Agar to‘g‘risini aytsam,oyim  u bilan qanday tanishganimni so‘rashi tabiiy edi. Keyin esa turgan gapki, meni koyir, xavfli odamga yaqin yurmaslikni tayinlar, va u bilan uchrashishimni ta’qiqlab qo‘yardi. O‘ylay-o‘ylay chorasini topdim.« Sabohat ayaga deb bergan sutni amakiga olib boraman.» Xuddi shunday ham qildim. Sabo xola bir kun olib bormaganimga hech narsa demaydi, ertasi kuni o‘zim biror bahona o‘ylab toparman. Amaki sutni olib qolib, bo‘sh bankani qaytararkan, qo‘limga pul tutqazdi.    —Bu sut uchun. Oyingga berib qo‘yarsan.

    — Pulni ololmayman,- dedim.

    — Nega?

    Nima deyishni bilmasdim. Lekin undan pul olishni ham istamasdim. Noiloj miyamga kelgan birinchi gapni aytdim.

    — Oyim pul olma, degan. Ularning aytganini qilmasam xafa bo‘ladilar.

    Amaki jilmaydi

    — Unda oyingga mening nomimdan rahmat aytib qo‘y.

    — Xo‘p.

    — Aytgancha, ertaga ham sut olib kela olasanmi?

    — Mayli, lekin ilgari hecham sut olmasdingiz.

    — O‘pkamni sovuqqa oldirib qo‘yganman. Sovuq tushishi bilan yo‘tal tutadi. Sut yo‘talga foyda deyishadiku.

    — Mening oyim ham, tomog‘im og‘rib, yo‘tala boshlasam, ko‘p-ko‘p sut ichiradi.

    — Oying to‘g‘ri qiladi.

    Bo‘sh bankani quchoqlab, uyga qaytdim. Avval oyimga, keyin amakiga yolg‘on gapirganim uchun o‘zimni yomon ko‘rib ketdim.Biroq, boshqa choram yo‘q edi. Bir hafta davomida oyimning Sabohat xola uchun bergan sutlarini ajinli amakiga olib borib berdim.

    Kunlar o‘tdi. Bu orada ajinli amaki bilan yaqinligimni o‘rtoqlarim bilib qolishibdi. Mahmud, menga har xil pichinglar qila boshladi. Ular bilan birga yursam, «sen biz bilan yurma. Ko‘chada tanishib olgan do‘sting borku» der, go‘yoki men ashaddiy jinoyatchi bilan sherik bo‘lgandek, mendan nari yurishardi. Ulardan ko‘nglim qoldi. Axir do‘stlashish ayb emasku, nega hamma ajinli amaki va unga o‘xshaganlarni jinoyatchi deb hazar qilishadi. Ichimni to‘ldirgan savollarga javob topolmay halak edim. Ajinli amakining nima jinoyat qilganini bilmayman. Lekin aniq aytishim mumkinki, u bundan qattiq afsusda. Ortiq qonunga qarshi ish qilmasligini ko‘p bor aytadi...

    Bir kuni doimgidek darsdan qaytayotsam, sim devor ortidagi o‘rindiqda o‘tirgan amakiga ko‘zim tushdi. Gaplashmaganimizga bir haftadan oshgandi. Yoniga bordim. U allaqanday qog‘ozga tikilib o‘tirar, ko‘zlarida yosh qotib qolgan edi. Qadam tovushlarini eshitib boshini ko‘tardi. Doimgidek, sim to‘siqning u betida u, narigi betida men edim (negadir, u meni ichkariga hecham taklif qilmasdi).

    — O‘g‘limdan xat oldim, -dedi u qo‘lidagi qog‘ozni ko‘rsatib,- yaxshi baholarga o‘qiyotganligini yozibdi. Siz kelguncha, shaxmat o‘ynashni o‘rganib olaman, debdi.

    — Siz-chi, siz bilasizmi?

    — Ha, u bo‘yicha yutuqlarim ko‘p, sen ham bilasanmi?

    — Ha, lekin kuchli emasman.

    Amaki jilmaydi:

    —Hali kuchli bo‘lib ketasan. O‘g‘lim ham shu paytgacha bilmasdi. To‘garakka qatnayapti ekan. Qiziq, nega unga uydaligimda shaxmatni o‘zim o‘rgatmadim ekana?!

    U qo‘ynini kovlab, chetlari yedirilib ketgan, anchayin uringan bir rasm oldi.

    — Mana shu mening o‘g‘lim Javlon.

    U devor simlari orasidan rasmni menga uzatdi. Suratda 5-6 yoshlar chamasidagi qosh-ko‘zi qop-qora jingalaksoch bola jilmayib turardi.

    — Sizga o‘xshamas ekan.

    — Ha,- ma’qulladi u,- oyisiga o‘xshaydi.

    Ko‘chaning narigi betida o‘rtoqlarim ko‘rindi. Meni ko‘rib shivir-shivir qilishga tushishdi. Mahmud qo‘llarini bigiz qilib meni ko‘rsatib, bir nimalar dedi. Ularga tikilib qolganimni amaki ham sezibdi.

    — O‘rtoqlaringmi?

    —Ha.

    — Unda boraqol, ular bilan.

    —Yo‘q,-dedim bosh chayqab.

    —Nimaga?

    — Ularni yomon ko‘raman!- ichimdagi bor nafratimni shu so‘zlarda ifodaladim.

    — Nega yomon ko‘rasan? Urishib qoldinglarmi?

    Bor gapni aytib berdim. Amaki kuldi.

    — Ularda ayb yo‘q. Sen ulardan xafa bo‘lma. Ular shunday o‘ylashgani bilan, sen-u men yomon bo‘lib qolmaymiz. Sen ularga tushuntir. Bir marta yo‘ldan adashdi degani umrbod shu yo‘lda qolib ketdi degani emas. To‘g‘ri, bu yerga har kimni ham olib kelishmaydi, bir xatosi borki, shunday bo‘lgan. Ammo, hech kim oilasidan uzoqda, bunday qiyinchilikda qolay demaydi. Bu yerda ko‘rganlarim, his qilganlarimni senga aytolmayman, hammasidan ham alam qilgani yo‘limga intizor ko‘z tikkan rafiqam va o‘g‘limning ko‘zlariga qaraganimda his qilgan og‘riqlarim bo‘ladi. Sen bularni tushunmaysan, ilohim, hech qachon boshingga tushmasin. Javlon, o‘g‘lim, sen yaxshi o‘qi, buyuk rassom bo‘l, rasmlaringda keng ufqlarni, bepoyon dalalarni, go‘zal maskanlarni tasvirla. Odamlar sen chizgan rasmlarni ko‘rib, shunday hayotda yashayotganlariga shukur qilsinlar, ozodlikning qadriga yetsinlar va...va...- u ichkarida ishlayotgan sheriklariga qaradi - yo‘ldan oyog‘i toyganlar to‘g‘ri yo‘lni topsinlar!

    Amakini chaqirishdi, u shosha-pisha xayrlashib, ichkariga kirib ketdi. Qo‘limda suratni changallaganimcha turib qoldim. Javlonning surati menda qolib ketdi. Keyingi safar ko‘rishganimizda beraman deb, papkamga solib qo‘ydim.

    Uyga kelib, negadir Javlon haqida o‘ylay boshladim. 8 yoshli bolaning stolga engashgan ko‘yi qog‘oz qoralab dadasiga xat yozayotgani ko‘z oldimga keldi. Qo‘limga qalam olib  rasmdagi chehrasini qog‘ozga tushira boshladim. Ishga juda berilib ketibman. Qorong‘u tushganda Javlonning portretini tugatdim. Negadir uni rasmdagidan ko‘ra xursand qiyofada chizdim.Shunda birdan yoniga ajinli amakini ham chizsam-chi, degan fikr kelib qoldi. Yaxshi fikr edi-yu, lekin menda amakining rasmi bo‘lmaganligi uchun, xayolan chizishga to‘g‘ri kelardi. Bu juda murakkab edi. Ammo, men astoydil harakat qila boshladim. Uchinchi kuni rasmdan ko‘nglim to‘ldi. Quvonchdan ko‘zlari porlagan Javlon va uning yonida jilmayib turgan ajinli amaki tasvirlangandi suratda. Amakining peshonasidagi ajinlarini chizmadim, negadir chizgim kelmadi.

    Ertasi kuni maktabdan qaytgan zahotim suratni olib bormoqchi edim. Maktabdan xursand kayfiyatda kelayotsam, darvozamiz yonida oyim va Sabohat xola gaplashib turishgan ekan. Salom berib, o‘tib ketdim. Negadir oyim sovuqqina alik oldi. Dadam ham uyda ekan. Kiyimlarimni almashtirib bo‘lgan edim hamki, eshikdan oyim kirdi. Oyimning yuz ifodasini ko‘rib, qo‘rqib ketdim.« Sabohat xola bir haftadan beri sut olib bormayotganimni oyimga aytgan » xayolimga yarq etib, shu fikr keldi.

    — Sen bola, nimalar qilib yuribsan o‘zi?!

    Dadam bir menga, bir oyimga qaradi.

    — Tinchlikmi, onasi?

    —Tinchlikmas. Bu bola nimalarni boshlab yuribdi bilmadim. Bir haftadan beri Sabo ayaga deb berib yuborgan sutni allaqanday mahbusga olib borib yurarmish. O‘rtoqlari ham tasdiqlashdi. Bir oydan buyon, nuqul mebel sex atrofida o‘ralashib yurarmish. Sex hovlisida ikkalasi soatlab gaplashib turarmish. Voy, tavba. Bir mahbusda sening nima ishing bo‘lishi mumkin? Unda nimang qolib ketganki, har kuni ko‘rishasan!

    Nima deyishga hayron edim. Oyim tinmay  javrar, dadam qovog‘ini uygan ko‘yi menga tikilib turardi.

    — Jinoyatchi o‘z nomi bilan jinoyatchi. Ular yaxshi odam bo‘lishmaydi. Ulardan nariroq yurish kerak. Kim bilsin, u qanday modda bilan qamalganikin. Seni o‘g‘irlab ketsa yoki giyohvand qilib qo‘ysa nima qilardik?!

    Yo‘q, ortiq bu gaplarga bardoshim yetmasdi. Ichimda bir ovoz hayqirar, tashqarida hech narsa deyolmasdim. Nega jim bo‘lishim kerak, dedim o‘zimga-o‘zim. Bir aybim bormidiki jim tursam, axir ajinli amaki yaxshi odam. U meni hech qachon yomon ishga da’vat qilmagan.

    — Hammasi siz o‘ylagandek, emas, oyi!- ovozim xona bo‘ylab aks-sado berdi. Oyim bir muddat koyishdan to‘xtab, jim bo‘lib qoldi,- nega siz ularni yomon deb o‘ylaysiz, bir marta adashdi degani, butun umr shu yo‘lda qolib ketadi, degani emasku. Ular judayam yaxshi odamlar. Amaki ham qilgan ishidan qattiq pushaymonda. U endi o‘z yo‘lidan hech qachon adashmaydi. U meni hech qachon yomon ishga da’vat qilmagan.Nega ularni yomon deysiz, axir ular ham inson. Ular ham o‘z hayotiga qaytishi kerak, bir umr shu tamg‘ada qolib ketmaydiku!

    Ko‘zlarimga yosh to‘ldi. Biroq yig‘lamadim. Qo‘limdagi suratni mahkam quchib, uydan chiqib ketdim. To‘g‘ri mebel sexiga bordim. Qorovuldan ajinli amakini chaqirib berishini so‘radim.« Unga afv berishdi. Bugun ertalab uyiga ketdi»

    Vujudimni allaqanday iztirob qoplab olgandek bo‘ldi. Qo‘limdagi suratni mahkam siqqanimcha, ajin qoplagan  yuzi ko‘z oldimga keldi. Nega menga aytmasdan ketdi, ...turfa o‘ylar boshimda g‘ujg‘on urar, ko‘z oldimda dadasining bag‘rida erkalanayotgan 8 yoshli Javlon, va uni dag‘al barmoqlari bilan mahkam quchgan «ajinli amaki» keldi...Ana shundagina bu xabarni sevinch bilan qarshilash kerakligini angladim.

 

Iroda Bekmuradova,

Samarqand davlat universiteti

filologiya fakulteti talabasi