Samarqand davlat universiteti roman-german tillari kafedrasi fransuz tili o‘qituvchisi Nigora Negmatova Fransiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan “Campus France” axborot markazi direktori sifatida talabalarga fransuz tilidan saboq berib kelmoqda. Shuningdek, Fransiya oliy ta’lim muassasalarida o‘qishni istovchi talabalarga ularning ta’lim shakli, yo‘nalishi va qiziqishlariga mos oliy ta’lim muassasasi tanlashda ham munosib yordam beradi. Nigora Negmatova talabalarga dars berish bilan bir qatorda fransuz tiliga sharq tillarining ta’siri mavzusida ilmiy tadqiqot olib boradi. Shu kungacha uning 10 ga yaqin ilmiy maqolalari respublikamiz va Rossiya, Germaniya, Fransiya kabi davlatlarning nufuzli ilmiy nashrlarida chop etilgan. Yaqinda Fransiyaning Parij shahrida o‘tkazilgan xalqaro forumda ishtirok etib qaytdi.

    – Qayd etish joizki xalqlar o‘rtasida madaniy aloqalarning yo‘lga qo‘yilishi bilan tillar o‘rtasida so‘z almashinuvi sodir bo‘lgan, - deydi Nigora Negmatova. - Bu hodisa barcha tillarda uchraydi va tilning so‘z boyligi boyishiga sabab bo‘ladi. Masalan, o‘zbek tiliga fors-tojik, arab tillarining ta’siri natijasida tilimizga bir qator so‘z va iboralar kirib kelgan. Xuddi shu kabi fransuz tilida ham boshqa tillardan so‘z olish hodisasi ko‘p bo‘lmasa ham mavjud. Tadqiqotlarimda fransuz tilidagi ushbu jarayonni o‘rganishga harakat qildim. Ayni paytda fransuz tilini o‘rganayotgan iqtidorli talabalar uchun Parij shahrida tashkil etiladigan yozgi til kurslariga tayyorgarlik ko‘rmoqdamiz.

    Ma’lumot uchun, mazkur til kurslari avgust oyida Fransiyaning Parij shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilgan bo‘lib, tinglovchilarga ta’tilni Parijda o‘tkazish va fransuz tilini yetuk mutaxassislardan o‘rganish imkoniyatini taqdim etadi. Fransuz tiliga qiziquvchi yoshlar “Campus France” markaziga murojaat qilishlari mumkin.

 

Iroda Bekmurodova,

Samarqand davlat universiteti

Axborot xizmati xodimi.

Shavkat Akramov olgan suratlar.