Kayfiyatni ko‘tarishning 9 yo‘li

Agar kayfiyatingiz yomon bo‘lsa, uni yaxshilashga harakat qiling. Bir nuqtada qotib qolmang. O‘zingizni o‘nglashga intiling, kayfiyatingizni ko‘tarishga sababchi bo‘ladigan yo‘llarni axtaring. Axir o‘zingiz haqingizda o‘zingiz qayg‘urmasangiz, boshqalardan nima kutish mumkin? Shunday ekan o‘z ustimizda ishlashni o‘rganaylik.
Kayfiyat ko‘tarishning yo‘llari:
1.Avvalo, har doim sizda yaxshi kayfiyat bo‘lishi uchun, o‘zingizni boshqarishni o‘rganing. Har narsaga xafa bo‘lavermang. Yaqinlaringizdan araz qilib o‘tirish yaramaydi - ularni kechirishni o‘rganing. Kechirish – birinchi o‘rinda o‘z qalbingizni yomon hislardan tozalash va o‘zingizga ruhiy azob bermaslikning bir yo‘li hisoblanadi.
2.Dunyoga kulgu bilan qarang. Xatto eng og‘ir damlarda ham tabassum qiling va shunday deng: “Bu ham o‘tib ketadi!” Agar bu gapga chin dildan o‘zingizni ishontirsangiz, eng yomon narsa ham juda yengil o‘tadi.
3.Kuni bilan uyda o‘tirmang, ko‘chaga chiqing, ishga boring. Do‘stlaringiz orasida bo‘ling. Ishonaman, ozingizni chalg‘itsangiz kayfiyatingiz yomon bo‘lmaydi.
4.Hayotingizga yangilik olib kiring. Psixologlar shuni maslahat berishadiki, vaqti-vaqti bilan hayotingizdagi odatlangan narsalaringizni o‘zgartirib turing. Masalan, yangi xobbi toping, yoki kiyinish uslubingizni, qiyofangizni o‘zgartiring. Garderobingizdagi kiyimlarni yangilang. Yorqin ranglar tanlang. Bunday o‘zgarishlar kayfiyatingizni ko‘tarilishiga yordam beradi.
5.O‘zingizga hordiq berishni o‘rganing. Ish davomida yoki uy ishlarida biror bir vazifani tugatganingizda o‘zingizni taqdirlang. “Balli, men shu ishni uddaladim, bugungi vazifalarimdan birini bajardim, men kuchliman” deng va yoqimli narsalar haqida o‘ylang. Masalan, do‘stlaringiz bilan o‘tirgan zavqli oqshomni yoki suyukli yoringiz bilan birga yegan kechki ovqat haqida eslang. Hidli shamlarni tassavur qiling va iforini his qiling.
6.Kayfiyatni ko‘taruvchi mevalar isteʼmol qiling: mandarin, apelsin, limonli choy. Ularning tarkibida efir yog‘i bo‘lib, kayfiyat ko‘tarilishida yordam beradi.
7.Dush qabul qiling. Suv tanani dam olishida va hordiq chiqarishida ko‘maklashadi, hayotiy aktivligi(tonusi)ni oshiradi va kayfiyatni ko‘taradi.
8.Perspektiva tuyg‘usini saqlashga harakat qiling, yaʼni bu degani istiqbolga ishoning. Hayot bu ob-havoga o‘xshaydi, bugun kunimiz bulutli bo‘lsa, ertaga quyosh charaqlab chiqadi. Shunday ekan, ertangi quyoshli kunga ishoning.
9.Agar yotgingiz kelsa, uxlashni istasangiz – yaxshisi, buni qilmaganingiz maʼqul. Yotish – kayfiyatingizni buzgan narsalar haqida o‘ylash degani. Undan ko‘ra, harakatli ish bilan shug‘ullaning. Harakat qilganingizda sizning emotsiyalaringiz ham harakatga tushadi. Shunday ekan, kino ko‘ring, xonangizni tozalang, biror bir jismoniy ish bilan shug‘ullaning. Bular xafagarchilikni unutib, kayfiyatingizni ko‘tarishda ko‘maklashadi.
Muxtasam Sulaymonov
Samarqand davlat universiteti
Psixologiya nazariyasi va amaliyoti kafedrasi o‘qituvchisi