“Mas’uliyat hissi qayoqqa ketdi?”

Xyuston shossesidagi e’lonlar taxtasida ushbu savol paydo bo‘ldi:
“Mas’uliyat hissi qayoqqa ketdi?”
E’lonni u yerga kim ilganini bilmayman, ammo u ko‘zimga cho‘g‘day ko‘rindi. U bejiz ayni haqiqatdek ko‘rinmagandi. Mas’uliyat hissi qayoqqa ketdi? Nega bugun odamlar o‘z muammolari, hislari va qilmishlari uchun boshqa kimnidir yoki nimanidir ayblashdan nariga o‘tolmayotgandek tuyulyapti?
Mana, bunga ayrim misollar:
Gaz quyish shahobchasidagi do‘kondan qahva izlayotgandim, lekin grafin bo‘sh ekan. Shundan so‘ng peshtaxta ortidagi kishiga “Ma’zur tutasiz, idishda qahva yo‘q ekan”. – deya murojaat qildim. U o‘zidan nari borsa, 4,5 metr uzoqlikdagi hamkasbini ko‘rsatib: “Qahva unga tegishli bo‘limda!” – dedi. Bo‘lim? Shu yo‘l chekkasidagi kattaligi bitta xonamcha keladigan gaz quyish shaxobchasida-ya?
Yana bir misol: mamlakat bo‘ylab parvoz vaqtida styuardessa o‘tirganlarga “Barchangizdan uzr so‘raymiz, sizga va’da qilingan film bugun qo‘yilmaydi. Keytering bordga yanglishib boshqasini olib chiqibdi”, – deya e’lon qildi.
Navbatdagi holat: pissa yetkazib berish xizmati, aftidan, bizning buyurtmamizni yo‘qotib qo‘ygandi. Bu vaqtda oilam qorni och holda mashinada o‘tirar, men esa pissamizni kutib, u yoqdan-bu yoqqa borib-kelardim. Shu payt peshtaxta ortidagi yigit dabdurustdan: “Meni ayblamang, navbatim endigina boshlandi!” – deb qoldi.
“Bu mening aybim emas”, “Bu mening vazifamga kirmaydi” yoki “Mening muammoim emas...”ga o‘xshash gaplarni tez-tez eshitamiz. E’lonlar taxtasidagi yozuv ko‘zimga cho‘g‘day ko‘ringanining qisman sababi – o‘sha fikrga to‘la qo‘shilganimda. Biroq meni kimdir shaxsiy javobgarlikka yetarlicha jiddiy qarab, bu yozuvni birinchi navbatda shu taxtaga joylash uchun mas’uliyat hissini tuya olgani lol qoldirgandi.
Men ham buni chuqur his qilganim sababli ushbu kitobni yozdim.
Xo‘sh, bu kitob kim uchun o‘zi? Mazkur asar:
“Anavi bo‘lim qachon o‘z ishini to‘g‘ri bajaradi?”
“Nega ular yaxshiroq muloqot qila olmaydi?”
“Kim qovun tushirdi?”
“Nega biz bu o‘zgarishlarni boshdan kechirishimiz kerak?”
“Qachon menga birov o‘rgatadi?”
“Nega biz yaxshiroq odamlarni topa olmayapmiz?”
“Kim bizga aniq tushuncha beradi?”ga o‘xshash savollarni eshitgan yo so‘ragan har qanday kishi uchundir.
Bu savollar yetarlicha bezarar ko‘ringani bilan, mas’uliyat hissi yetishmasligini bildiradi (men “shaxsiy javobgarlik” atamasini ma’qul ko‘raman) va u biz bugun duch kelayotgan ko‘plab muammolarning ildizi sanaladi.
Aksincha, fikrlash tarzimizni o‘zgartirib, javobgarlik hissi kuchliroq bo‘lgan savollarni berish tashkilotlarimiz va hayot tarzimizni yaxshilash yo‘lidagi eng ta’sirli va samarador choralardan biridir.
Jon G. Millerning “Savol ortidagi savol” kitobidan.
Ma’lumot uchun mazkur kitob “Asaxiy books” loyihasi doirasida tarjima qilingan.