Renessansning uchinchi to‘lqini

Uygʻonish davri (Renessans) Markaziy Osiyo, Eron, Xitoy, G‘arbiy Yevropada yuz bergan alohida madaniy va tafakkuriy taraqqiyot davri. “Renessans” atamasi dastlab Italiyadagi madaniy-maʼnaviy yuksalishga nisbatan qoʻllanilgan, uni oʻrta asrlar turgʻunligidan yangi davrga oʻtish bosqichi deb baholaganlar. Osiyo markazida joylashgan Movarounnahr, Xuroson va Eronda Italiyaga qaraganda bir necha asr oldin ulkan madaniy koʻtarilish yuz bergan, ilm-fan, falsafa, adabiyot kuchli rivojlanib, ilgʻor insonparvarlik gʻoyalari jamiyat fikrini band etgan, aqliy va ijodiy faollik gurkiragan. Bu davr dunyo ilmida “Musulmon Renessansi” yoki “Sharq Uygʻonishi” nomi bilan atalib kelinmoqda.
Yangi O‘zbekiston va renessansning uchinchi to’lqini. Bu haqda so‘z borganda, avvalambor, xalqaro tajribada jahon siyosiy atamashunosligini yangi tushunchalar bilan boyitadigan davlat va jamoat arboblari kam topilishini ta’kidlash lozim. Shu nuqtai nazardan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Yangi O‘zbekiston” tushunchasini dunyo siyosati lug‘atiga kiritgani beqiyos ilmiy ahamiyatga ega. Yangi O‘zbekiston - bu ibora davlatimiz rahbari ilgari surgan va bugungi kunda butun xalqimizning qalbidan chuqur joy olgan, umummilliy harakatga aylanib borayotgan ezgu g‘oyadir. Bu g‘oya zamirida bir tomondan, bugungi va ertangi avlodlarimizning “Uchinchi Renessans” poydevorini qo‘yishdek ezgu maqsad-muddaolari; ikkinchi tomondan, milliy tariximizda birinchi va ikkinchi uyg‘onish davrlariga asos solgan ulug‘ ajdodlarimiz, alloma bobolarimizning orzu-intilishlari va armonlari; uchinchi tomondan, bunyodkorlik, yaratuvchanlik, har doim o‘qish va izlanishga da’vat o‘z mujassamini topgan.
Prezidentimiz qayd etganidek, “Yangi O‘zbekistonni barpo etish bu shunchaki xohish-istak, subyektiv hodisa emas, balki tub tarixiy asoslarga ega bo‘lgan, mamlakatimizdagi mavjud siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy, ma’naviy-ma’rifiy vaziyatning o‘zi taqozo etayotgan, xalqimizning asriy intilishlariga mos, uning milliy manfaatlariga to‘la javob beradigan obyektiv zaruratdir”.
Bugungi kunda biz uchinchi Uyg‘onish davri ostonasida turibmiz. Agar O‘zbekiston Prezidentining keyingi besh yilda hayotimizning birgina yo‘nalishi, ya’ni ma’rifat, ta’lim va ilm-fanni rivojlantirish yo‘lida imzolagan qonun, farmon va qarorlari, tasdiqlagan Davlat dasturlari, ilgari surgan yangidan-yangi tashabbuslarining mag‘zini to‘la chaqib ko‘rsak ham, navbatdagi Ma’rifat Renessansining markazi Yangi O‘zbekiston ekaniga hech kimda shubha qolmaydi.
Sitora Rahmonberdiyeva
Samarqand davlat universiteti
Yuridik fakulteti magistri.