Arab xurmosining foydali xususiyatlari

Arab xurmosi “finiks palmasi” deb ham nomlanadi. U Afrika va Osiyo tropik va subtropik mintaqalarining daryolarga yaqin, yerosti suv manbalari bor qurg‘oq joylarida, vodiylarda, botqoqliklarda o‘sadi. Yovvoyi turi maʼlum emas. Barglari patsimon uzunligi hatto 15m gacha keladi.
Arab xurmosi juda foydali o‘simlikdir. Doimiy ravishda kuniga 3-4 donadan xurmo yeb turish koʻplab kasalliklarga davo boʻlishi, organizmni yoshartirishi isbotlangan. Ushbu meva ovqat hazm qilishni yaxshilab, qon aylanishini meʼyorga keltiradi. Xolesterinni kamaytiradi. Arab xurmosi temirga boy. Kamqonlikda ham katta foyda beradi. Unda fosfor, kalsiy koʻp. Bu esa miya faoliyati uchun juda foydali. Tungi uyqu oldidan bir piyola qaynagan suv bilan 2-3 ta xurmo yeyilsa, uyqu yaxshilanadi va ichaklar faoliyati normallashadi. Xurmo yuqori qon bosimini tushiradi, qarishning oldini oladi. Xurmo tarkibida 60-65 % uglevod boʻlgan yagona meva turidir. Mahsulotning ftorga boyligi tishlarni kariyesdan himoya qiladi. Shuningdek, uning tarkibida rux, temir, magniy, kaliy, marganes, alyuminiy, natriy, kobalt, kadmiy, bor kabi mikroelementlar va minerallar uchraydi. Xurmoning eng foydali xususiyatlardan biri uning tarkibida xolesterin moddasi mavjud emas. U aqliy qobiliyatni rivojlantirib, ish surʼatini oshirish xususiyatiga ega. Foli kislotasi va E vitaminiga boyligi sabab, u sochlar ildizini mustahkamlab, tirnoqlarning sinuvchanligini oldini oladi hamda organizmdagi yoʻqotilgan kaliy oʻrnini tiklaydi. Mazkur meva yurak qon-tomir kasalliklari, xavfli oʻsma, sil, aritmiya, gipertoniya (qon bosimining yuqori boʻlishi) bilan bogʻliq kasalliklarda tavsiya etiladi.
Arab xurmosi inson organizmiga oshqozon osti bezida insulinning bir maromda ajralishini taʼminlashga yordam beradi va shu tariqa qondagi qand miqdorini normallashtiradi. Emizikli davrda sut gormonlarini faollashtirib ona sutining ortishiga olib keladi. Qonda qand miqdorining kamayishi hisobiga ochlik hissi paydo boʻladi, xurmo yegandan soʻng bu his yoʻqoladi. Shuning uchun ushbu mevani parhez vaqtida ham bemalol iste’mol qilish mumkin. Meva miyani tinchlantiruvchi va biroz uyqu chaqiruvchi xususiyatga ega hisoblanadi. Miya va asab tizimi faoliyatini toʻliq tiklaydi. Energetik quvvati yangi pishgan mevada 142- 274 kaloriyaga teng. Shuning uchun ham uni shirinlik oʻrniga qoʻrqmay isteʼmol qilish mumkin, sababi semirishga olib kelmaydi. Olimlarning fikricha, inson bir kunda 10 dona xurmo iste’mol qilsa, magniy, mis, oltingugurt, temir, kalsiy kabi moddalarning 1 sutkalik oʻrni qoplanadi.
– Arab xurmosi palmadoshlar oilasiga mansub bo‘lib, palmalar tropik mamlakatlarning eng qimmatbaho o‘simliklaridan hisoblanadi, - deydi Samarqand davlat universiteti biologiya fakulteti magistri Mashhura Akmalova. - Palmalarning poyalaridan ustun, barglaridan g‘ilof, poyalaridan olingan tolalardan esa cho‘tkalar tayyorlanadi. Asosan manzarali o‘simlik sifatida ekiladi. Palmalarning turlari ofis, tashkilot, ferma, atrof-muhit va boshqa joylarni ko‘kalamzorlashtirishda keng qo‘llaniladi. Tadqiqotimda laboratoriya sharoitida palmalarning biologik xususiyatlari bo‘yicha to‘plangan ma’lumotlardan foydalanib arab xurmosining unib chiqish sharoiti va morfobiologik xususiyatlarini o‘rganishga harakat qildim.
Tadqiqotchi “SamDU oranjereyasida palmadoshlar oilasiga mansub turlarning morfobiologik xususiyatlari” mavzusida ilmiy tadqiqot olib boradi. Mazkur mavzuga oid 10 ga yaqin maqolalari respublika va xalqaro nashrlarda chop etilgan. Ilmiy rahbari botanika kafedrasi dotsenti Ilhom Muqimov.
Iroda Bekmurodova
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati xodimi.
Shavkat Akramov olgan suratlar.