Bodringning inson organizmi uchun foydali xususiyatlari

Bodring sabzavotlar ichida eng sersuvi bo‘lib, inson organizmi uchun juda foydali ne’matlardan biri hisoblanadi. Bodring tarkibining 90 foizdan ortig‘ini suv tashkil etadi. Ushbu sabzavotda kraxmal, shakar, oqsil, kletchatka, organik kislotalar, efir moyi, bir qator darmondorilar, kaliy, kalsiy, natriy, magniy, temir, fosfor, yod, oltingugurt, qalay, mis, ftor, xrom, alyuminiy kabi moddalar mavjud.
Shuningdek, bodring ovqat hazm qilish bezlarining faoliyatini va so‘lak ajralishini me’yorlashtirib, oqsil moddasini yanada yaxshiroq o‘zlashtirilishini ta’minlaydi. Shuning uchun bodringning suvli bo‘lakchalari taomni nafaqat chiroyli va xushta’m qiladi, balki hazm qilish jarayonini ham yaxshilaydi.
Bodring qondagi xolesterin miqdorini kamaytiradi, buyraklar salomatligini mustahkamlaydi. Muntazam ravishda iste’mol qilinsa, saraton xavfini bartaraf etadi. Ovqat hazm qilish tizimiga yaxshi samara ko‘rsatadi va ortiqcha vazndan xalos bo‘lishga ko‘maklashadi.
Sharbati isitma tushirish xususiyatiga ega, yo‘tal, bo‘g‘im kasalliklari, yurak bilan bog‘liq shishlarda foyda beradi. Bodring po‘stlog‘i yuzning rangi va tiniqligini saqlashda, teri kuyishi hamda shishlar paydo bo‘lganda yordam beradi. Po‘stining quritib ezilganidan teri kasalliklari va toshmalarda foydalanish tavsiya etiladi. Bodring allergiya chaqirmaydi, shu sababli uni allergik kasalliklarga chalingan bemorlar bemalol iste’mol qilishlari mumkin.
Uzluksiz davom etgan mehnat faoliyati sabab ba’zan ko‘z atrofida, pastki qovoqlarda qorayish kuzatiladi. Bu holatda bodring parrak shaklda kesib, 3-5 daqiqa davomida muzlatkichda sovuting va 10 daqiqaga qoraygan joyga qo‘ying. Xuddi shu usul yuzdagi husnbuzar va qora dog‘larni ketkizishda, quyosh nuri sabab kuygan joylarni zararsizlantirishda ham samarali bo‘ladi.
Yulduz Ochilova,
Samarqand davlat universiteti
Biologiya fakulteti talabasi.