Artishokning siz bilgan va bilmagan xususiyatlari

Tikanli artishok dunyo xalqlari oziq-ovqatlari orasida faol iste’mol qilinsa-da, yurtimiz aholisi iste’molida kam uchraydi. Artishokning vatani O‘rtayer dengizi hududlari bo‘lib, Qadimgi Rim oshxonasida keng ishlatilgan. U qadimgi Misr xalqi uchun asosiy oziq-ovqat mahsuloti hisoblangan. Yevropada artishokni ko‘kat sifatida yetishtirish nisbatan kech, XV-XVI asrlarda boshlangan. Bugungi kunda bu mahsulot besh qit’aning ko‘plab mamlakatlarida yetishtiriladi.
Dunyodagi artishok maydoni taxminan 2 mln gektarni tashkil etadi va umumiy ishlab chiqarish 7 million tonnani tashkil qiladi. Ushbu madaniyat egallagan eng katta hududlar Osiyo, Afrikada, Yevropada. Eng yirik artishok ishlab chiqaruvchilari Xitoy, Hindiston, Misr, Italiya, Ispaniya, Braziliya va Gretsiyadir. O‘rtayer dengizi havzasida artishokning 10 turi mavjud. Artishok taxminan 5 ming yildan beri turli maqsadlarda yetishtirilib kelinmoqda. Artishok Rossiyada dastlab farmatsevtika va dekorativ maqsadlarda yetishtirilgan, ammo keyinchalik bog‘bonlar uni boy yer egalariga taom sifatida sotish orqali ko‘proq daromad topa boshlagan. Ma’lumotlarga ko‘ra, Buyuk Pyotrning kechki ovqatida, albatta, artishok bo‘lgan ekan. Sababi, u buyrak kasalligiga chalingan bo‘lib, artishok buyrak xastaliklariga davo bo‘lishi o‘sha paytlardayoq odamlarga ma’lum bo‘lgan.
Artishok tarkibida oqsillar, uglevodlar, vitamin C, karotin, vitamin B1 B2, inulin tarkibida kaliy, rux, selen, mis, marganets, natriy, magniy, fosfor, kaltsiy va temir, taninlar, shuningdek, organik kislotalar mavjud. Qolaversa, uning tarkibida uglevodlar ko‘p uchraydi.
Artishok diabet bilan og‘rigan bemorlarga tavsiya etiladi. Dorivor o‘simlik sifatida ateroskleroz rivojlanishiga to'sqinlik qiluvchi vosita hisoblanadi. Artishok ekstrakti qonni tozalash xususiyatiga ega, yog‘lar va xolesterin miqdorini kamaytiradi.
Artishok jigar va buyraklarni toksinlar ta’siridan yaxshi himoya qiladi, metabolizmni yaxshilaydi, tanani turli toksik moddalardan tozalashga yordam beradi. Ayollarda homiladorlik davrida jigarni himoya qilish uchun qo‘llaniladi. Artishok xoletsistit, jigar kasalligi, surunkali gepatit, jigar sirrozining dastlabki bosqichi, buyrak yetishmovchiligi kasalliklari uchun ishlatiladi. Bundan tashqari, ko‘ngil aynishi, oshqozondagi og‘irlik, jigar va buyrak kasalliklarida keng qo‘llaniladi.
Bundan tashqari, artishok ishtahani yaxshilash, shish bilan kurashish, gepatit, ba’zi yurak-qon tomir kasalliklarini davolash uchun ham ishlatiladi. Artishok qon zardobidagi xolesterin darajasini pasaytiradi, safro hosil bo‘lishini va safro chiqishini rag'batlantiradi, gepoprotektiv va antioksidant ta’sirga ega. Yangi uzilgan artishok pulpasi juda yoqimli ta’mga ega va parhezbop mahsulot hisoblanadi.
Zebiniso Nomozova,
Samarqand davlat universiteti
Botanika kafedrasi dotsenti.