Sariq gulsafsarning dorivor xususiyatlari haqida bilasizmi?

U yuzdagi sepkilni tozalashda, jarohatlarda, o‘pka va ayollar kasalliklarini davolashda keng ishlatiladi
Sariq gulsafsar (Iris pseudacorus) - dorivor, bo‘yoqbop, asal shirali, terilarni oshlashda keng foydalaniladigan o‘simlik hisoblanadi. Ildizpoyasi tarkibida efir moyi, glikozidlar, oshlovchi moddalar, organik kislotalar mavjud. Xalq tabobatida o‘pka yallig‘lanishi, taloq, bodomcha bez yallig‘lanishi, ayollar ginekologik kasalliklari, jarohat va yiringli yaralarni davolashda, sepkilni yo‘qotishda, tish milki yallig‘langanda, tish og‘rig‘ini bosishda ishlatiladi va tonusni oshiruvchi vosita sifatida ham foydalaniladi. Bundan tashqari, parfyumeriya sanoatida ham keng qo‘llaniladi. Uning yangi yig‘ilgan ildizpoyasi xalq tabobatida, gomeopatiyada ishlatiladi. Iris pseudacorus ildizpoyasi Zdrenko yig‘masi tarkibiga kiradi va siydik pufagi kasalliklari, oshqozon yarasi va yallig‘lanishida foydalaniladi.
Sariq gulsafsar bargining tarkibida 80-90 milligrammdan 140 milligrammgacha S vitamini bo‘lishi aniqlangan. Gulining tarkibida esa oshlovchi moddalar, pirogallol va violaksantin mavjud. Xalq tabobatida ildizpoyasining qaynatmasi burishtiruvchi, tonusni oshiruvchi, yallig‘lanishga qarshi, siydik haydovchi vosita sifatida ishlatiladi. Epilepsiyani davolash mumkinligi haqida ham ma’lumotlar keltirilgan. Bosh og‘rig‘ini, tish og‘rig‘ini bosishda, ich surgi vositasi sifatida, o‘tkir respirator infeksiyalarda, diatezda, soch o‘sishini yaxshilashda ishlatiladi. Ayollar ma’lum bir kasalliklarida ham davo vositasi sifatida qo‘llaniladi. Bundan tashqari, og‘iz bo‘shlig‘ining yallig‘lanish holatlarida ishlatish mumkinligi to‘g‘risida ham ma’lumotlar keltirilgan. Ildizpoyasining maydalangan kukuni sepma dori tarkibiga kiradi.
Sariq gulsafsar bargini bug‘lab, kompress sifatida to‘g‘ri ichak yarasi kasalligida ishlatish ham foydali. M. Kozirenko va boshqalarning ma’lumotiga ko‘ra, sariq gulsafsarning yer ustki qismidan virusga qarshi biologik faol modda olishda xomashyo sifatida foydalaniladi. Uning ildizpoyasi Bolgariyada qandli diabet kasalligini davolashda keng qo‘llaniladi, parfyumeriya sanoatida oliy navli parfyumeriya mahsulotlarini olishda, tish pastasi va poroshogi tayyorlashda foydalaniladi. Yerostki qismi, bargi va guli bakteriyalarga qarshi faollikni namoyon etadi, yerostki qismi va guli terilarni oshlashda, teri, jun matolarni, qog‘ozlarni sariq rangga bo‘yashda ishlatiladi. Urug‘idan kofe surrogati sifatida foydalaniladi. Bundan tashqari, ildizpoyasi va guli quritilmagan holatda birmuncha zaharli bo‘lishi mumkinligi ham qayd qilingan.
Abu Ali ibn Sinoning ma’lumotiga ko‘ra, gulsafsarning soyada quritilgan ildizpoyasi sepkil va qontalashlarni yo‘qotadi, qaynatmasi shishlarni, bezlarni, toshmalarni ketkazadi, uyquni yaxshilab, bosh og‘rig‘iga yaxshi foyda qiladi, yiringli yaralarni bitkazadi, biqin va zotiljamdagi og‘riqlarni bosadi. Yo‘tal, nafas olish organlari kasalliklarini davo-lashda, jigar va taloq kasalliklarida og‘riqni bosishda, isitmani tushirishda ishlatiladi.
D.S. Ivashin va boshqalarning ma’lumotiga ko‘ra, tabobatda Iris pseudacorus ning ildizpoyasi ishlatiladi. Bu o‘simlik Ukrainaning Karpat va Qrim hududidan tashqari, deyarli hamma hududlarida tarqalgan. Poleseda, Dnepr, Janubiy Bug daryolari havzasida keng tarqalgan. Uning xomashyosi tayyorlanadigan hududlar Vollin, Roven, Jitomir va Xarkov viloyatlari hisoblanadi. Uning xomashyo zahirasi nihoyatda ko‘p bo‘lib, har yili bir necha tonnalab yig‘ish mumkin. Keyingi vaqtlarda botqoqlarni o‘zlashtirish ular zahirasining kamayishiga olib kelmoqda. Ildizpoyasi tarkibida efir moyi, oshlovchi moddalar, iridin glikozidi va organik kislotalar mavjud bo‘lib, tabobatda “binafsha ildizi” nomi bilan balg‘am ko‘chiruvchi, siydik haydovchi dori sifatida va oshqozon - ichak, taloq, o‘pka kasalliklari, anginada, yiringli yaralarni davolashda, sepkillarni yo‘qotishda foydalaniladi. Buning uchun maydalangan ildizpoyasidan 2-4 osh qoshiq shirasini 700 gramm sut zardobida aralashtirib, 100 ml dan kun davomida bir necha marta ichiladi. Bir qoshiq quritilgan ildizpoyasini 0,5 litr oq vinoga solib, nastoyka tayyorlanadi yoki 15-30 gramm ildizpoyani 150 gramm qaynagan suvda damlab, 1-2 qoshiqdan kuniga 3 mahal ichiladi.
Muxlisa Turobova,
Samarqand davlat universiteti magistri.