ILM YO‘LLARI SAMARQANDDAN SORBONNAGACHAMI?

AYOL VA JAMIYAT
Samarqand davlat universiteti xalqaro hamkorlik bo‘limi uslubchisi, Zarifa Eshmurodova bilan suhbat
-Maktab ostonasiga qadam qo‘ygan dastlabki kunimdanoq muallimimga havas qilib, o‘qituvchi bo‘lishni orzu qilganman, deydi Zarifa Eshmurodova.- 5-sinfda fransuz tili darslari o‘tila boshlandi. O‘qituvchimiz uzoq joydan qatnab maktabda ishlardi. 6-sinfga o‘tganimizda ustozimiz kelmay qo‘ydi. Darslarimiz o‘tilmasdan qoldi. O‘shanda maktabimiz direktoriga boshqa o‘qituvchi topib berishini aytganman. 13 yoshli qizning direktor oldiga kirganiga hayron qolaman ba’zida. Shu tariqa chet tili o‘qituvchisi yo‘qligi 2-3 yil davom etdi. Shunda, chet tili fani o‘qituvchisi bo‘laman, deb fransuz tilini o‘rganishga kirishganman.
-Fransiyaning Sorbonna universitetiga borishingiz qanday bo‘ldi?
-Hozirda tayanch doktorantman, dissertatsiyamni deyarli tugatish arafasidaman. 2019 yil “El-yurt umidi” jamg‘armasining doktorantura yo‘nalishi bo‘yicha stipendiyasi sovrindori bo‘ldim. Ammo koronavirus pandemiyasi tufayli xorijga keta olmadim. Sorbonna universitetida mana shu tadqiqotni olib borish uchun 3 yil muddatga jo‘nab ketishim kerak edi. Pandemiya tugashini kutib o‘tirmasdan ishimni O‘zbekistonda boshlab yubordim. Pandemiyadan keyin Sorbonna universiteti professori Aleksandr Stroyev bilan ozroq muddatga bo‘lsa-da dissertatsiya ustida birga ishladik. Ilmiy tadqiqot mavzuim “Fransuz va o‘zbek dostonlarida etnomadaniyatga xos leksemalarning lingvosemantik maydonlari (“Chanson de Roland” va “Alpomish” dostonlari materiali asosida)”.
-Sorbonna universiteti haqida ham to‘xtalsangiz?
-Sorbonna universiteti juda katta va dunyo reytingining kuchli 100 talik ro‘yxatidan tushmaydigan dargoh. Fransiyadagi yirik o‘quv va ilmiy markazlardan biri. 1150-yili asos solingan. 1215-yil cherkov maktabi negizida vujudga kelib, Yevropada birinchi dunyoviy universitet hisoblangan. Dastlab san’at, huquq, ilohiyot, tibbiyot fakulьtetlari bo‘lgan. 1257-yil Parijning Lotin kvartalida Sorbonna, deb atalgan kollej tashkil etilgan (asoschisi — R.De Sorbon nomi bilan bog‘liq). 17-asrda Sorbonna kolleji bilan Parij universiteti qo‘shilib, ularning har ikki nomi aynan ishlatila boshladi. A.Lavuaze, L.Paster, P.Kyuri, J.B.Perren, P.Lanjeven kabi mashhur olimlar faoliyati ushbu universitet bilan bog‘liq. Universitet huquq va iqtisodiyot fanlari, tabiiy fanlar, adabiyot va ijtimoiy fanlar, tibbiyot, farmokologiya bo‘yicha mutaxassislar tayyorlaydi. Universityetda bir qancha ilmiy tadqiqot institutlari, markazlar, oliy maktablar, kutubxonalar mavjud. Bugungi kunda ushbu universitetda 250 mingdan ortiq talaba ta’lim oladi. Bu yerda barcha sohalarda tadqiqot doirasi juda keng, bir so‘z bilan aytish qiyin. Masalan, fransuz tiliga xorijiy tillarning ta’siri, ingliz, arab, xitoy tillari, yangi texnologiyalarning paydo bo‘lishi va fransuz tiliga yangi atamalarning kirib kelishi, til tarixiga oid tadqiqotlar, ikki tillilikka oid ilmiy qarashlarni o‘z ichiga oladi.
-Sorbonna universiteti ta’lim jarayonlari, tadqiqot yo‘nalishlari SamDU dan nimasi bilan farqlanadi?
-Kelajakda bizning universitet ham Sorbonna kabi dunyo reytingidan tushmaydigan ta’lim muassasasiga aylanishini juda istardim. Sorbonnada har bir soha bo‘yicha alohida ilmiy-tadqiqot instituti tashkil qilingan, ularning har birida alohida tarmoqlar mavjud. Masalan, Paris-3 universiteti faqat filologiya yo‘nalishida tahsil oluvchilar uchun. Bakalavr bosqichida o‘qish muddati 3 yil, magistratura 2 yil, doktorantura 3 yil etib belgilangan. Talabalar juda erkin, ularga mustaqil o‘qishlari uchun ko‘proq vaqt ajratiladi. Auditoriya soatlari kamroq.
-Universitet kutubxonasi haqida ham aytib bersangiz.
-Sorbonna universiteti kutubxonasi juda boy kutubxonalardan biri. Menga ustozlik qilgan professor Aleksandr Stroyev universitetga borgan ilk kunimdanoq kutubxonaga a’zo bo‘lishimga ko‘maklashib, a’zolik guvohnomasi olib berdi. Dastlab, men ushbu guvohnoma bilan faqat Sorbonna universiteti kutubxonasi bilan ishlayman deb tushundim, ammo bunaqa emas ekan. Ushbu kutubxona bileti bilan butun Fransiyadagi davlat universitetlari kutubxonalaridan foydalanish mumkin ekan. Avvalo, katalogdan adabiyotlarni topish uchun kompyuterga murojaat qilasiz, siz izlayotgan kitob qaysi universitet kutubxonasida borligi, nechta nusxada ekanligi, kimdir foydalanishga olgan bo‘lsa qaysi sanada qaytarishi ham yozilgan bo‘ladi. Kitob sahifalaridan cheklangan holatda nusxa olishingiz mumkin. Juda ko‘p kitoblarning elektron varianti ham bor, bu foydalanuvchiga qulaylik tug‘diradi. 1900-yillardan keyin nashrdan chiqqan deyarli barcha kitoblarning elektron variantini topsa bo‘ladi.
Sorbonna kutubxonasidan tashqari INALCO - Fransiya Sharq tillari va rivojlanish milliy instituti kutubxonasi bilan ishlab, u yerda ham dissertasiyamga taalluqli adabiyotlar bilan tanishdim. Men uchun eng qiziqarli bo‘lgan ma’lumot, buyuk alloma bobomiz Mirzo Ulug‘bekning “Ziji Jadidi Ko‘ragoniy” kitobining asl nusxasi mana shu kutubxonada saqlanarkan.
-Sorbonnada dars jarayonlari va ta’lim tizimini kuzatib qanday xulosalarga keldingiz? Ulardan qaysi usullarni O‘zbekistonda ham qo‘llash mumkin, deb o‘ylaysiz?
-Men universitetga borgan vaqtimda o‘quv jarayoni deyarli tugagan, ayni imtihonlar vaqti ekan. Fransiyada talabalarga imtihon vaqtlari kutubxonalarga ertaroq bormasangiz joy topa olmaysiz. Bu holat meni nihoyatda quvontirdi. Har bir talaba, magistr yoki doktorant, hatto professor-o‘qituvchilar ham bevosita kutubxonaning o‘zida, adabiyotlar bilan ishlarkan. Universitet kutubxonalarida talabalar orasida dars qilib o‘tirgan professor, fan doktorlarini uchratish tabiiy hol ekan. Fransiyada talabalarga mustaqil topshiriqlar auditoriya mashg‘ulotlariga qaraganda ko‘proq beriladi, ular asosiy vaqtini o‘z ustida ishlashga sarflaydi. Bu juda yaxshi.
-Bugungi kunda Fransiyada fransuz xalq og‘zaki ijodi va zamonaviy adabiyot masalasi qay darajada? Bu borada qanday ishlar amalga oshirilgan?
-Xalq og‘zaki ijodida bizchalik ko‘p qilingan ishlarni uchratmadim, ammo O‘rta asrlar adabiyoti juda boy. Parij kutubxonasidan deyarli har bir noyob adabiyotlarning asl nusxasini topdim. Fransiyada Yevropa mutaxassislari tomonidan o‘zbek xalq urf-odatlari, Samarqand, Buxoro haqida yozilgan dissertasiyalar bilan tanishish har bir vatandoshimizga faxr tuyg‘usini bersa kerak deb o‘ylayman. Mana shunday dissertatsiyalardan birining muallifi, INALCO - Fransiya Sharq tillari va rivojlanish milliy instituti professori Katerin Pujol “O‘zbekiston yo‘llar kesishuvida” mavzusida dissertasiya himoya qilgan. Fransiyadaligimda Katerin Pujol bilan suhbatda bo‘ldim. U kishi bilan avvalo INALCO va SamDU o‘rtasida shartnoma asosida universitet talabalariga O‘rta Osiyo xalqlari tarixi va madaniyatidan masofaviy tarzda dars tashkil qilish haqida takliflar almashdik.
-Kelgusidagi rejalaringiz
-Rejalarim juda ko‘p. Kelgusida doktorlik ishimni Fransiyada qilish fikri ham yo‘q emas. Bu bo‘yicha ba’zi professorlardan taklif ham kelib tushgan. Avvalo PhD dissertatsiyamni himoya qilib olganimdan keyin bu masala haqida o‘ylab ko‘rishim mumkin. Dissertasiyamga taalluqli bo‘lgan o‘zbek etnomadaniy lekesemalari haqida fransuz tilida monografiya yozish va Yevropada chop qilish niyatim bor.
- O‘z tadqiqotini xorijda davom ettirmoqchi bo‘lgan olimlarga qanday maslahat va tavsiyalar bergan bo‘lardingiz?
-Avvalo, mutaxassislik fanini yaxshi o‘zlashtirish kerak. Shu bilan birga albatta biror xorijiy tilni mukammal o‘rganish lozim. Hozirgi kunda magistratura bosqichiga hujjat topshirishda chet tili sertifikatlarining talab qilinishi mutlaqo to‘g‘ri. Chunki xorijiy tilni bilmagan tadqiqotchi xalqaro maydonga chiqa olmaydi. Chet tilini bilgan odam uchun xorijda tadqiqot olib borish imkonini beradigan bir qancha grantlar mavjud. Internet orqali hujjatlarini taqdim etib, bemalol xorijda tahsil olish imkoniyatini qo‘lga kiritishlari mumkin.
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati xodimi
Iroda Bekmurodova suhbatlashdi.