Polimer nima, uning sanoatda qanday ahamiyati bor?

Xalq xo’jaligining turli sohalarini hozirgi kunda polimerlarsiz tasavvur qilish qiyin. Sanoatning eng yirik tarmoqlari plastik massalar, turli xil kimyoviy sun’iy tolalar, rezinalar, kauchiklar, lak-bo’yoqlar, turli xil turdagi yelimlar, dielektrik moddalar va boshqa turdagi polimer asosidagi buyumlar dunyo miqyosida keng ko’lamda ishlab chiqarilmoqda. Bularning barchasini bir so’z bilan polimer materiallar yoki polimerlar deb ataladi. Ularning oddiy moddalardan farqi shundaki, ular sintetik ravishda katta zavodlarda minglab tonnalab ishlab chiqarilmoqda va amalda foydalanilmoqda.
Samarqand davlat universiteti fizika fakulteti magistri Nafosat Omonova “Polimerli eritmalarning reologik xossalarini o‘rganish” mavzusida ilmiy tadqiqot olib boradi.
-Polimerlarning olinishiga qarab tabiiy, sun’iy va sintetik kabi turlarga bo’linadi, - deydi tadqiqotchi Nafosat Omonova. - Tabiiy polimerlarga misol qilib turli xil sellyulozalar, kraxmallar, lignin, pektin, turli xil oqsillar, garmonlar, fermentlarni keltirish mumkin. Sun’iy polimerlarga tabiatda uchraydigan tabiiy polimerlarni qayta ishlash orqali olinadigan polimer materiallar-sellyulozaning turli xil efirlari, charim va mo’yna sanoatining ko’pgina xom-ashyolarini qayta ishlash orqali olinadigan maxsulotlar (kollagen, jelatin) hosil qilinadigan polimerlarga aytiladi. Hozirgi kunda hayotni sintetik polimerlarsiz tasavvur etish ancha mushkul. Shu sababli ham O’zbekiston Respublikasida sintetik polimerlarni ishlab chiqarish sanoat darajasida katta ahamiyat kasb etmoqda. Sho’rtan kimyoviy kompleksining ham ishga tushirilishi ularga bo’lgan ehtiyoj kundan-kunga oshib bormoqda. Shu sababli ham ularning xossalarini o’rganishga har qachongidan ham katta ahamiyat berilmoqda. Ilmiy tadqiqotimda polimerli eritmalar va ularning fizik-kimyoviy xususiyatlarini o‘rganish orqali ushbu vazifa ijrosiga o‘z hissamni qo‘shishga harakat qilmoqdaman.
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati.