Mustaqillik yillarida Markaziy Osiyo davlatlari ta’lim tizimida qanday muammolar bor edi?

Markaziy Osiyo davlatlari uzoq vaqt davomida Sobiq Ittifoq ta`siri ostida bo`lib keldi. 1922-yilda tuzilgan SSSR 1991-yilning 8-dekabrida amalda tugatildi. O’tgan shuncha vaqt davomida Markaziy Osiyoning besh respublikasi har tomonlama Moskva ta`siri ostida bo`lib kelgan. Shunday ekan siyosiy qaramlik bilan birgalikda ta`lim tizmi ham markazdan belgilab berilgan rejaga muvofiq amalga oshirilib kelingan.
1991-yilda mintaqaning besh davlati birin-ketin mustaqillikka erisha boshladi. Siyosiy jihatdan mustaqil bo`lgan bu davlatlar oldida juda ko`p muammolar ko`ndalang bo`lib turar edi. Davlat rahbarlari birinchilardan bo`lib boshqa sohalar kabi ta`lim sohasining ham zamon ruhiga mos, milliy mentalitetdan kelib chiqqan holda qaytadan isloh qilishga o`z e`tiborlarini qaratdi. Lekin shuni ham ta`kidlab o`tishimiz lozimki, ta`lim sohasini isloh qilish mintaqaning barcha davlatlarida birdek ketmagan. Chunki bu davlatlardagi siyosiy vaziyat ham bunga o`z ta`sirini ko`rsatgan.
Endi e`tiborimizni mustaqillikka endigina erishgan Markaziy Osiyo davlatlarida ta`lim tizmining holatiga qarataylik. So`z yuritilayotgan vaqtda mintaqa davlatlari ta`lim tizimi Sobiq Ittifoqning tegishli muassasalari tamonidan ishlab chiqilgan tizim asosida olib borilar edi. Bolaga ta`lim berish dastlab bog`chadan boshlanib, bu muassasada maktabgacha yoshdagi bolalar tarbiya olishgan. Keyingi bosqich maktab bo`lib, bu bosqichda bolalar 11 yil yoki 8 yillik ta`lim olishgan. Nima uchun aynan bolalarga 11 yoki 8 yil ta`lim berilgan degan savol tug`ilishi tabiiy holat. Ayrim bolalar 8 yil ta`lim olgandan keyin kasb-hunarga yo`naltirilgan, qolgan bolalar bo`lsa maktabda ta`lim olishni davom ettirgan. Lekin har doim ham oquvchilar 8 yillik ta`limdan keyin o`z xohishlariga ko`ra kasb-hunarga yo`naltirilavermagan. Maktabdan keyingi ta`lim inistitutlarda olib borilgan. Bunda talabalarga 5 yillik (ayrim institutlarda ta`lim olish muddati farqlanishi mumkin) ta`lim berilgan. Bu vaqt davomida talaba o`z mutaxassisligi bo`yicha kerakli bilimlarni olib, keyingi faoliyatni xalq xo`jaligining turli tarmoqlarida olib borishi mumkin bo`lgan. Talabalarning ma`lim bir qisimi ta`lim olishni davom ettirib oliygohlarda o`z mehnat faoliyatini ham olib borish imkoniyatiga ham ega bo`lgan.
Yuqorida Markaziy Osiyo Respublikalarining SSSR ta`siri ostida bo`lgan vaqtlardagi ta`lim tzimining umumiy holatini ko`rib chiqdik. Tashqi ko`rinishidan bu tizim juda mukammal ishlanganga o`xshaydi. Haqiqatdan ham shunday bo`lgan. Lekin har doim ham Ittifoq respublikalarida belgilab qo`yilgan tartiblarga amal qilinmagan. Ta`lim tizimida ham zamondan ortda qolish holatlari XX asr 70-yillari oxirlariga kelganda yaqqol namoyon bo`la boshlagan. Ta`lim muassasalarining moddiy texnik bazalari ham talab darajasida bo`lmagan. Bundan tashqari yana ko`plab kamchiliklarini sanab o`tishimiz mumkin.
Sobiq Ittifoq parchalangandn keyin mintaqa respublikalari oldida ikkita yo`l bor edi. Bu yo`llardan biri ta`lim SSSR tizimini saqlab qolish, yo bo`lmasa zamon ruhiga mos yangi tizimni qabul qilish edi. Siyosiy vaziyatni to`g`ri tushungan mintaqaning bir qancha davlatlari ta`lim tizimida islohot qilishni asta-sekin amalga oshirishni maqul ko`rgan bo`lsa, Tojikistondagi siyosiy beqarorlik bu tizimni isloh qilishni ortga surishga sabab bo`ldi.
XX asrning 80-yillaridan boshlab Markaziy Osiyo davlatlari ta`lim tizimi bo`yicha rivojlangan davlatlar ta`lim tizimidan ortda qola boshlandi. Bu davrda rivojlangan davlatlarda ta`lim tizimi zamon ruhiga mos ravishda o`zgarishlar amalga oshirilmoqda edi. Misol sifatida Yevropa va AQSH ta`lim muassasalarida zamonaviy ilg`or texnologiyalarni joriy qilinayotgan bir vaqtda Markaziy Osiyo davlatlari ta`limida bu texnologiyalar faqat nazariy jihatdan o`rgatilar edi. Bu holat nafaqat Mrakaziy Osiyo davlatlarida, Ittifoqning boshqa davlatlarida ham shu ko`rinishda edi. Mustaqillikka erishgandan keyin ham bu respublikalar zamonaviy texnologiyalarni ta`limga birdaniga joriy qila olmas edi. Sababi davlatlarning iqtisodiy holati havas qilar darajada bo`lmagan.
Endi asosiy e`tiborimizni Markaziy Osiyoning mustaqillikka erishgan ilk yillaridagi ta`lim muassasalarining holatiga e`tiborimizni qaratamiz. Dastlab mintaqaning shimoliy qismida joylashgan Qozog`istondagi ta`lim muassasalarining holati bilan tanishib chiqamiz. 1991-yilda Qozog`iston mustaqilikka erishgan davrida mamlakatda ta`lim muassalarining umumiy soni 17 783 tani tashkil qilgan. Bu sondan ko`rinib turibdiki ta`lim muassasalari respublika aholisi soniga nisbatan bo`lganda yaxshi ko`rsatkichni tashkil qilgan. 17 783 tadan 8 881 tasi maktabgacha ta`lim muassasasi, 8 841 tasi maktab va 61 tasi bo`lsa oliy ta`lim muassasasi bo`lgan.
Qozog`istonda 1991-yilda mavjud 8 881 ta maktabgacha ta`lim muassasasida 1 067 814 nafar bolalar tarbiyalangan. Bu davrda davlatda bog`cha yoshidagi bolalarning umumiy soni 2 300 000 nafardan ko`p bo`lgan. Shundan kelib chiqib, Qozog`istonda maktabgacha ta`lim muassasalarida shu yoshdagi bolalarning 43 % tarbiyalangan. Bu sonlar bilan birgalikda muassasalarning holatiga ham e`tibor qaratsak. Mavjud 8881 ta maktabgacha ta`lim muassasasining 40 % dan ortiqrog`i talab darajasida bo`lmagan. Bu bog`chalarning moddiy-texnik bazasi qoniqarsiz holatda bo`lgan. Yana 20 % bo`lsa belgilangan me`yorga bazo`r javob bera olgan. Talab darajasidagi maktabgacha ta`lim muassasalari davlatning katta shaharlari markazlarida, shimoliy hududlarda joylashgan. Bu ta`lim muassasalarining ko`pchiligida rusiy zabon aholining farzandlari tarbiya olishgan.
So`z yuritilayotgan davrda Qozog`iston maktablarining umumiy soni 8841 tani tashkil qilgan bo`lsada, ularning yarimidan ortig`i belgilangan talabga javob bermagan. Maktablarning ko`pchilik qismi avariya holatida bo`lgan. Bunday maktablar asosan ovul va qishloqlarda joylashgan. Maktablarning ko`pchiligining moddiy-texnik bazasi talabga javob bermagan. Bunda ham markazda joylashgan maktablarning holati talab darajasida bo`lgan. Rus tilida ta`lim beriladigan maktablar, qozoq va boshqa tillarda ta`lim beriladigan maktablardan holati ancha yaxshi bo`lgan.
Qozog`istonda 1991-yilda 61 ta oliy ta`lim muassasasi faoliyat yuritgan bo`lsa, ularning ham holati turlicha bo`lgan. Oliy ta`lim tizimida ham ta`lim berilishi rivojlangan davlatlar bilan taqqoslaganda past ko`rsatkich qayd qilgan. Ko’plab muassasalarning holati talab darajasida bo`lmagan. Oliy ta`limda ham rus tili boshqa tillarga qaraganda ancha ustunlik qilgan.
Mustaqillikka endigina erishgan Qozog`iston oldida yuqorida sanab o`tgan kamchiliklarni bartaraf qilish vazifasi turar edi. Qozog`iston hukumati bu sohani isloh qilishni mustaqilikning ilk yillaridan boshladi.
Qozog`istonga qo`shni bo`lgan Qirg`iziston ham 1991-yil 31-avgustda mustaqil bo`ldi. Mustaqillika erishgan vaqtda mamlakatda 3369 ta ta`lim muassasasi faoliyat yuritgan. Bu muassasalarning ko`pchiligning avariya holatida bo`lgan.Mavjud 3369 ta ta`lim muassasasidan 1600 tasi makatabgacha ta`lim muassasasi, 1759 tasi maktab va 10 tasi oliy va o`rta ta`lim muassasasi bo`lgan.
Mustaqillikka erishgan Qirg`izistonda makatabgacha ta`lim muasasasalarini holati havasi qilar darajada bo`lmagan. Mavjud 1600 ta maktabgacha ta`lim muassasasining yarimidan ko`prog`i talab darajasida bo`lmagan. Ko`plarining binolari avariya holatida bo`lib, istish va kanalizatsiya tizimi bilan ta’minlanmagan. Bu holatdagi maktabgacha ta`lim muassasalarining ko`pchiligi respublikaning qishloq hududlarida joylashgan. Davlatning katta shahar markazlarida joylashgan muassasalarining holati anchagina yaxshi bo`lgan. Misol sifatida Bishkek shahrida joylashgan 220 dan ziyod makatabgacha ta`lim muasasasidan atigi 32 tasining holati qoniqarsiz bo`lgan. Lekin shahar markazlarida joylashgan maktabgacha ta`lim muassasalarida rus tilida tarbiya berish holatlari ko`p uchragan.
Respublikada mavjud 1 759 ta makatabning 40 % talab darajasida bo`lgan. Qolgan 60 % bo`lsa belgilangan standart talablariga mos kelmagan. Talab darajasida bo`lmagan maktablarning kattagina qismi asosan qishloq va shahar chekkasi hududlariga to`g`ri kelgan.
Mamlakatdagi oliy ta`lim muassasalari soni 10 tani tashkil qilgan bo`lsa-da, ularning atigi 3 tasining holati qoniqarli darajada bo`lgan. Qolgan 7 tasining moddiy-texnik bazasi anchagina kambag`al bo`lgan. Ayrim muassasalarning binolari talab darajasida bo`lmagan.
Tojikistonda ta`lim muassasalarining holati 1991-yilda mintaqaning boshqa respubliklaridagidan deyarli katta farq qilmagan. Mamlakatdagi mavjud 4401 ta ta`lim muassasasidan 944 tasi maktabgacha ta`lim muassasasi, 3443 tasi maktab va 14 tasi oliy ta`lim muasasasi bo`lgan.
Mamlakatdagi mavjud 944 ta bog`chada jami 141 500 nafar bola tarbiyalangan. Bu o`sha vaqtdagi davlatdagi jami bog`cha yoshidagi bolalarning 30 % ni tashkil qilgan. Bu raqamlardan ko`rinib turibdiki, Tojikistonda Sobiq Ittifoq davrida ham maktab yoshigacha bo`lgan bolalarning katta qismi uy sharoitioda tarbiyalangan. Mavjud bog`chalarning ham katta qismining moddiy-texnik bazasi talab darajasida bo`lmagan.
Tojikistonda 1991-yilda mavjud 3 443 ta maktabda jami 1 325 400 nafar bola ta`lim olgan. Tojikistonda ham boshqa respubliklarda bo`lgani kabi maktablarning kattagina qismi talabga javob bermagan. Bu holat ayniqsa respublikaning to`g`li qishloq hududlariga to`g`ri keladi. Davlatning katta shaharlaridagi maktablarining ko`pchiligida ta`lim rus tilida olib borilgan.
Mamlakatdagi 14 ta oliy ta`lim muassasalarining ko`pchiligining holati yaxshi darajada bo`lmagan. Dushanbe shahrida joylashgan 1947-yilda tashkil etilgan Tojikiston davlat milliy universitetini moddiy-texnik bazasini Ittifoqning markaziy shaharlarida joylashgan universitetlar bilan taqqoslaganimizda ancha katta tafovutga duch kelishimiz mumkin.
Turkmaniston Markaziy Osiyoning janubi-g`arbida joylashgan bo`lib, kattagina qismini cho`llar tashkil qiladi. Turkmaniston ham mustaqillikning dastlabki davridan ta`lim tizimini isloh qilish harakatlarini boshlagan. Ushbu davrda Turkmanistonda jami 2726 ta ta`lim muasasasi faoliyat yuritgan. Shundan 920 tasi maktabgacha ta`lim muassasasi, 1880 tasi maktab, 6 ta oliy ta`lim muassasasidan iborat bo`lgan.
Turkmanistonda ham maktabgacha ta`lim muassasalarining ko`pchilik qismining holati talab darajasida bo`lmagan. 920 ta makatabgacha ta`lim muassasasining atigi 35 % har tamonlama belgilangan tartibga javob bergan. Qolgan qismi bo`lsa talab darajasida bo`lmagan.
Davlatda 1991-yilda mavjud 1800 ta maktabning 55 % talab darajasida bo`lgan. 1991-yilda maktablarda tahsil olayotgan o`quvchilarning umumiy soni 890 ming nafarni tashkil qilgan. 55 ming nafar o`qituvchi maktablarda faoliyat yuritgan. Turkmanistondagi mavjud 1800 ta maktabning 180 tasi rus tilida o`qitishga mo`ljallangan bo`lsa, 90 nafari o`zbek tilida dars berilgan. Bundan tashqari turkman tilida dars beriladigan maktablarda ham rus tilining o`tishga katta e`tibor qaratilgan.
Turkmanistonda 1991-yilda mavjud bo`lgan 6 ta oliy ta`lim muassasasining holati ham mintaqaning boshqa davlatlaridagi inistitutlardan farqlanmagan. Bu oliy ta`lim muasasalarida o`qitladigan fanlar, ularning moddiy bazasi talab darajasidan past bo`lgan.
Markaziy Osiyoning o`rtasida joylashgan O`zbekistonda ham 1991-yilda ta`lim muassalarining umumiy holati qolgan to`rt respublikanikidan keskin farq qilmagan. O`zbekistondagi ta`lim muassasalarining ham moddiy-texnik bazasi Ittifoqning markaziy hududlari bilan taqqoslaganimizda katta farqni ko`rishimiz mumkin.
Barcha respublikalarda ta’lim muassasalarining kattagina qismining moddiy-texnik holati talab darajasida bo`lmagan. Shu bilan birgalikda ta`lim muassasalarida ishlayotgan pedagog xodimlarning ham ko`pchiligining bilim saviyasi yetarli darajada emasdi.
Mintaqa davlatlari maktablarida o`qitiladigan darsliklarida ham keskin farq bo`lgan. Mahalliy tildagi darsliklarga qaraganda rus tilida yozligan darsliklar anchagina sifatli bo`lgan. Oliy ta`lim muassasalarida o`qitiladigan fanlar bo`yicha adabiyotlarning kattagina qismi rus tilida bo`lgan. Bu esa rus tilini bilmagan ko`plab yoshlarga bir qator muammolarni keltirib chiqargan. Chunki Markaziy Osiyo davlatlarida aholining barcha qatlami ham rus tilini yaxshi bilmagan. Rus tilini asosan shahar va uning atrofida yashovchi aholi yaxshi bilgan. Qishloqlardan shaharga kelayotgan yoshlarning kattagina qismi rus tilini unchalik ham yaxshi bilmagan.
Xullas, 1991-yilda mustaqilikka erishgan mintaqaning besh respublikasi oldida yuqorida sanab o`tgan muammolar turar edi. Hukumat tepasiga kelgan rahbarlar ta`lim tizimini isloh qilmay turib katta maqsadlarga erishib bo`lmasligini yaxshi tushungan. Shuning uchun ham ular mustaqillikning ilk kunlaridan bu sohada islohot qilish uchun harakatlarni boshlab yubordi.
Alisher Tilavov,
Samarqand davlat universiteti magistri.