Aholining qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga bo‘lgan talabini qondirishda chorvachilik sohasining ahamiyati katta. Qoramolchilik chorvachilikning asosiy tarmoqlaridan bo‘lib, respublikada yetishtiriladigan sut va go‘sht mahsulotlarining asosiy ulushi ushbu tarmoqqa to‘g‘ri keladi. Aholining go‘sht mahsulotiga bo‘lgan talabining 70 foizi, sut mahsulotiga bo‘lgan talabining 95-97 foizi qoramolchilik hisobiga qondiriladi. Sanoatning charm mahsulotlar ishlab chiqarish uchun zarur bo‘ladigan charmning qariyb yarmi qoramolchilik mahsulotlaridan olinadi. Shu sababli, ushbu sohani yanada rivojlantirishda chuqur ilmiy tahlillarga asoslangan tadqiqotlar muhim ahamiyat kasb etadi. Samarqand davlat universiteti biologiya fakulteti magistri Dilsora Nahangova “Qoramollar ratsionini innovatsion yaxshilashning ayrim fiziologik va mahsuldorlik ko’rsatkichlariga ta’siri” mavzusida ilmiy tadqiqot olib boradi. Ilmiy rahbari biologiya fanlari doktori, professor Bakriddin Zaripov. 

    -Sut qoramolchiligini rivojlantirish va sutni  jadal yetishtirishda asosiy vazifalardan biri bu to‘la qiymatli oziqlantirishni tashkil etish orqali mollarning irsiy imkoniyatlarini to‘liq ro‘yobga chiqarish hisoblanadi, - deydi tadqiqotchi Dilsora Nahangova, - Buning uchun ratsionlarning energetik qiymatini, vitaminli va mineralli to‘yimliligini ta’minlashda innovatsion yechimlardan foydalanish zarurdir.

    Birlashgan Millatlar Tashkiloti huzuridagi  Oziq-ovqat xavfsizligi va qishloq xo‘jaligi tashkilotining ma’lumotlariga aosan 2050-yilga qadar, dunyo aholisining soni 9,7 milliardga yetib borishi hamda bu globallashuv jarayonda qishloq xo‘jaligini intensiv usulga o‘tkazish hisobiga oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarishni 80 foizga oshirish  orqali oziq-ovqat xavfsizligi ta’minlashda davlatlar o‘rtasida eng asosiy va strategik vazifalardan hisoblanadi.

    Tadqiqotimizning maqsadi Golshtin zotli sog‘in sigirlarni oziqlantirishda,  ratsionini innovatsion yaxshilashning ayrim fiziologik ko‘rsatkichlariga ta’sirini o‘rganish va mahsuldorligini oshirishda tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat. Bunda sigirlar ratsionini innovatsion yaxshilash maqsadida qandning protein nisbatini me’yorlashtirishda ratsion strukturasini o‘zgartirish, ratsionning proteinli va mineralli to‘yimliligini oshirish uchun sun’iy azot saqlovchi modda – karbamid hamda tirikalsiy fosfat mineralli ozuqaviy qo‘shimchalaridan foydalandik.

    Shuni ta’kidlash joizki, sog‘in sigirlar uchun to‘laqiymatli oziqlantirishni tashkil etish ozuqadagi to‘yimli va boshqa hayotiy zarur moddalar tarkibi haqida bilish hayvonlarni oziqlantirish asosini tashkil etadi. Buning uchun ozuqalarda zootexnik tahlil o‘tkazilib, oziq moddalari guruhiga mansub xom protein, xom yog‘, klechatka, azotsiz ekstraktiv moddalar va quruq moddalarning tarkibi aniqlanadi. Ozuqalarni tekshirishda har bir oziq moddasi uchun maxsus tahlil usullari qo‘llanishi lozim. Sog‘iladigan sigirlarni statsionar sharoitda, bog‘lab oziqlantirilganida eng qulay va arzon ozuqa turi bo‘lib silos hisoblanadi. Ko‘k o‘tlarni siloslashning asosiy mohiyati, siloslanadigan o‘tlarning uglevodlarini achishi natijasida organik kislotalarni va siloslanadigan massaning kislotalilik darajasini pasaytirishdan iboratdir. Qish mavsumida, bog‘lab boqiladigan sog‘indagi sigirlarning oziqlantirishda asosiy oziqa hisoblanuvchi silos tayyorlashning asosiy manbai bu makkajo‘xoridir.

    Ma’lumki, sog‘iladigan sigirlar silosni juda xush ko‘rib ishtaha bilan iste’mol qiladilar va uning ratsiondagi miqdori kunlik ratsionning umumiy to‘yimlilik qiymatining 50% gacha bo‘lgan ulushini tashkil qilishi mumkin. Shuningdek, Lavlagi, sabzi, kartoshka, topinampur kabi ildiz mevalar sog‘iladigan sigirlarning ratsionidagi to‘yimli moddalari organizm tomonidan yengil o‘zlashtiriladigan uglevodlarning manbai hisoblanadi, juda yaxshi iste’mol qilinadi, ovqat hazmi jarayonlariga ijobiy ta’sir ko‘rsatish bilan birga sut ajralishini yaxshilaydi.

Tadqiqotlarimiz natijalariga ko’ra, sog‘in sigirlarni uchun to‘la qiymatli oziqlantirishni tashkil etish uchun, ratsion tarkibida 2 kg bug‘doy somoni o‘rnini 4 kg qand lavlagi bilan almashtirish, bir bosh sigirga bir kunda 60 g karbamid va 100 trikalsiy fosfat ozuqaviy qo‘shimchalarni qo‘shishni tavsiya etgan bo‘lardik. Bu orqali innovatsion ozuqa ratsionini tuzishda sigirlarning sut mahsuldorligi, laktatsiya davomida sut yog‘i va oqsil chiqimi, 1 kg ishlab chiqarilgan sut uchun ozuqa xarajati, sigirlarning klinik ko‘rsatkichlari, qonning ayrim moroflogik ko‘rsatkichlari oshishiga erishish mumkin.

 

Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati