Samarqand davlat universitetida mazkur mavzuda o‘tkazilayotgan IV xalqaro ilmiy-amaliy anjuman dolzarb muammolarni hal etish uchun ilmiy asos bo‘ladi…

    Samarqand davlat universitetida “Oziq-ovqat xavfsizligi: Global va milliy muammolar” mavzusida IV xalqaro ilmiy-amaliy anjuman o‘z ishini boshladi.

    Nufuzli anjumanni Samarqand davlat universiteti rektori, O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi Rustam Xolmurodov kirish so‘zi bilan ochib, konferensiya ishiga muvaffaqiyat tiladi.

    Rus va ingliz tillarida olib borilayotgan tadbirda AQSH, Rossiya, Germaniya, Pokiston, Qozog‘iston, Tojikiston kabi xorijiy davlatlardan 30 ga yaqin soha vakillari, Respublikamizning  240 dan ortiq mutaxassis va olimlari  o‘zlarining oziq-ovqat xavfsizligi sohasidagi maʼruzalari bilan ishtirok etmoqda.

    Konferensiyada O‘zbekiston Respublikasi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshlig‘i o‘rinbosari, professor Nurmat Otabekovning maʼruzasi anjuman qatnashchilariga havola etildi.

    Shuningdek, konferensiya doirasida eʼlon qilingan BMT ning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO)ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi tomonidan oliy taʼlim muassasalarining bakalavriat va magistratura bosqichi talabalari o‘rtasida “Oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha eng yaxshi innovasion tadqiqot ishi” tanlovi g‘oliblari taqdirlandi.

    - Xalqaro konferensiyada “Yovvoyi mevalarning parhez birikmalarini tahlil qilish: oziq-ovqat xavfsizligi va barqarorligiga qo‘shgan hissasi” nomli maʼruzam bilan ishtirok etyapman, - deydi Pokistonning Quaidi Aʼzam universiteti professori Muhammad Zafar. - Oziq-ovqat xavfsizligi nafaqat mahaliy, balki global muammodir. Bu kabi tadbirlar qashshoqlik, ocharchilikni oldini olishga xizmat qiladi. Samarqand davlat universitetida anʼanaviy tarzda o‘tkazilayotgan anjuman oziq-ovqat xavfsizligi muammolarini yechimini topishda dastlabki qadam bo‘lishiga ishonaman. Qolaversa, xalqaro tashkilotlarning bir yerda jam bo‘lishi kelajakda soha bo‘yicha hamkorlik ishlarini amalga oshirishda muhim poydevordir. Ijobiy fikr va kerakli maʼlumotlarga ega bo‘lganimdan xursandman. Barcha tashkilotchilarga minnatdorlik bildiraman.

    - Hozirgi globallashuv sharoitida oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlashga birgina mamlakat miqyosida erishib bo‘lmaydi, balki butun dunyo bo‘yicha tizimli chora-tadbirlar ko‘rish, asosiy yo‘nalishlarni belgilash o‘ta muhimdir, - deydi SamDU professori, akademik Bakriddin Zaripov. - Bu borada Samarqand davlat universitetida dunyoning nufuzli olimlari bilan hamkorlikda anʼanaviy ravishda o‘tkazilib kelinayotgan «Oziq-ovqat xavfsizligi: milliy va global muammolar» mavzusidagi xalqaro ilmiy anjuman muhim platforma vazifasini o‘taydi. Joriy yil to‘rtinchi marta bo‘lib o‘tadigan anjuman sohada faoliyat olib boradigan nufuzli tashkilotlar va jahonning 20 dan ortiq davlat olimlari, ekspertlar, investorlar, mutaxassislarning  o‘zaro tajriba va fikr almashish hamda istiqbolda rejalashtirilgan vazifalarni ishlab chiqishiga zamin hozirlaydi...

     - Taniqli olimlar va nufuzli tashkilotlar ishtirok etayotgan xalqaro konferensiya dolzarb muammolarni hal etish uchun ilmiy asos bo‘ladi, - deydi Vashington universiteti professori Tomas Lampkin. -  Anjumanda qatnashish uchun AQSH dan tashrif buyurdim. “Iqlim o‘zgarishi va agroekotizimlarning mahsuldorligi” nomli maʼruza bilan ishtirok etyapman. Oziq-ovqat xavfsizligi muammosi iqlim o‘zgarishi bilan chambarchars aloqadordir. Agar ushbu muammolarning yechimini maʼlum miqdorda hal qilsak, millionlab insonlarning hayotini saqlab qolgan bo‘lamiz…

Behruz SHAMSIDDINOV

Samarqand davlat universiteti

Axborot xizmati xodimi,

Shavkat AKRAMOV olgan suratlar.