Samarqand davlat universiteti va Sian arxitektura va texnologiya universiteti hamkorligi
Samarqand davlat universiteti rektori, O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi Rustam Xolmurodov hamda Xitoyning Sian arxitektura va texnologiya universiteti (SATU) vakillari bilan ZOOM platformasi orqali uchrashdi.
Ikki tomonlama olib borilgan muzokaralarda xalqaro aloqalarni yanada rivojlantirish, Samarqand davlat universiteti hamda Sian arxitektura va texnologiya universiteti bilan hamkorlik doirasida bir qator sohalar: kimyo texnologiya, materialshunoslik, aniq va tabiiy fanlar, arxitektura kabi sohalarda akademik almashinuvni yo‘lga qo‘yish masalalari keng muhokama qilindi.
-Samarqand azal-azaldan ilm-fan va madaniyat markazi bo‘lib kelgan, - deydi Samarqand davlat universiteti rektori, O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi Rustam Xolmurodov, - Buyuk Ipak yo‘li orqali bog‘langan o‘zbek va xitoy xalqlari o‘rtasidagi aloqalar uzoq o‘tmish sahifalariga borib taqaladi. Bugungi kunda barcha tarmoqlarda hamkorlik aloqalari mavjud hisoblanadi. Samarqand davlat universiteti va Xitoy universitetlari o‘rtasidagi hamkorlik aloqalari boy tarixga ega. Shanxay, Uxan davlat universitetlari, Shensi fan va texnologiya universitetlari, Xinjiang fizika va kimyo texnika instituti shular jumlasidan. Mazkur hamkorlik doirasida Samarqand davlat universitetining bir qator tadqiqotchi va olimlari Xitoy universitetlariga o‘qish va stajirovkada bo‘lib qaytgan. Sian arxitektura va texnologiya universiteti bilan amalga oshirilishi ko‘zda tutilayotgan hamkorlik zamirida ham shunga o‘xshash maqsad yotibdi. Ammo endi nafaqat o‘qituvchilar, balki talaba va magistrlar, doktorantura tadqiqotchilari ham mazkur universitetda stajirovka o‘tashi mumkin bo‘ladi. Qo‘shma ta’lim dasturlari va ilmiy almashinuv yuzasidan olib borilgan bu kabi aloqalar o‘z samarasini beradi, Ishonamanki, mazkur uchrashuv ikki nufuzli universitet nigohini birlashtirgan holda ilm-fan olamida chuqur salohiyatli yangi avlod kashf etadi.
-Bugungi uchrashuvda Sian arxitektura va texnologiya universiteti va SamDU o‘rtasida kengaytirilgan hamkorlik munosabatlari muhokama qilindi, - deydi kimyo fakulteti dekani Sanjar Tillayev, - Hozirgi kunning eng dolzarb va asosiy yo‘nalishlari bo‘lgan aniq va tabiiy fanlar, materialshunoslik, menejment, inson resurslarini boshqarish, arxitektura va san’atshunoslik kabi yo‘nalishlarda birgalikda magistr va doktorantlar almashinuvini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi. SATU professor-olimlarining mavjud imkoniyat va salohiyatlarini SamDU olimlari bilan birlashtirgan holda o‘zaro hamkorlikda barqaror rivojlangan kelajak asoslarini yaratuvchi ilmiy yangiliklarga erishish, ilmiy-akademik almashinuv asosida tadqiqotlar olib borish masalalarida bir qator amaliy takliflar ilgari surildi. O‘ylaymanki, Samarqand davlat universiteti bilan SATU o‘rtasidagi hamkorlik dunyo bo‘ylab dolzarb mavzularda tadqiqotlar olib borish, ilm-fan olamida yangi kashfiyot va yangiliklar yaratish uchun muhim omil bo‘ladi.
Uchrashuv davomida Samarqand davlat universiteti hamda Sian arxitektura va texnologiya universitetlari o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.
Mazkur tashrif ikki mamlakat o‘rtasida ilm-fan va ta’lim sohasidagi mustahkam hamkorlikni barcha sohalarda istiqbolli yo‘lga qo‘yishning muhim vositasi bo‘ldi.
Iroda Bekmurodova,
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati xodimi.
Shavkat Akramov olgan suratlar.