Samarqand davlat universiteti gerbariysi: o‘tmish va bugun
Samarqand davlat universiteti botanika kafedrasi gerbariy kolleksiyasi tarixi 1927-yil Samarqand davlat universitetining birinchi rektori, professor N.A. Merkulovich nomi bilan bog’liq. Gerbariy kolleksiyasi Samarqand davlat universitetining biologiya fakulteti binosida joylashgan. Ushbu kolleksiyada 20 ming gerbariy namunasi bo’lib, ulardan 16 ming namuna ilmiy, 4 mingtasi o’quv metodik gerbariylar hisoblanadi.
Gerbariy fondini tashkil etishda dastlabki gerbariy namunalari 1927-1941-yillar davomida N.A. Merkulovich, M.G. Popov, Q.Z. Zokirov, E.I. Proskoryakov, O.F. Gaze, G.A. Sergeeva, G.S. Chugaeva, X. Eshonkulov, M. Axmedov, G. Shodiyev, R.F. Fayziyev, V. Romanenko va boshqa olimlar tomonidan respublikamiz va chegaradosh respublikalar hududlaridan yig‘ilgan.
Gerbariy kolleksiyasini to’plashda SamDU professor-o’qituvchilari, doktorantlar, ilmiy tadqiqotchilar va iqtidorli talabalar bilan birgalikda bir qator hududlarga ilmiy ekspeditsiyalar uyushtirilgan.
Ular asosan Zarafshon vodiysiga va qisman respublikamizning janubiy va sharqiy hududlarida o‘tkazilgan. Universitet tarixiy manbalarida qayd etilishicha, gerbariy kolleksiyalarining asosiy qismi 4 ta yirik Angren, Zarafshon, Pomir-Oloy va Hisor ekspeditsiyalari mahsuli hisoblanadi. Mazkur ekspeditsiyalar davomida yig‘ilgan namunalar gerbariy fondini to’ldirishda katta ahamiyat kasb etgan. Ilmiy gerbariyning katta qismi Zarafshon vodiysi florasidir.
1938-yilda Samarqand davlat universitetiga Saratov davlat universitetidan taklif qilingan professor M.G. Popovning gerbariy kolleksiyasi boyishi va rivojlanishida hissasi katta. Professor SamDU olimlari bilan birgalikda 500 dan ortiq gerbariy nusxalarini to’plagan va sistematik tahlil qilgan.
Kolleksiyaning tarixiy bo’limiga akademik Q.Z. Zokirov, prof. N.A. Merkulovich va M.G. Popovlar yig’gan gerbariylar taalluqli. Bu kolleksiyalar qadimiy va noyob bo’lib, ular XX asrning boshlarida yig’ilgan. Bular asosida gerbariylarning taksonomik bo’limi shakllantirilgan.
Professor N.A. Merkulovich (1927-1930 yy.) “Zarafshon, Pomir-Oloy, Hisor, va Hazrati-Sulton” ga uyushtirilgan ekspeditsiyalarda va ko’plab to’plangan gerbariy ma’lumotlari asosida bir necha o’simlik oilalari bo’yicha ilmiy maqola va monografiyalar nashr etgan. Shu bilan birga, alloma O’zbekiston florasini tahlil qilishda birinchilar qatorida tadqiqotlar olib borgan va Respublikamizning yirik kapital asari «Флора Узбекистана» ning I tomiga muharrirlik qilgan.
Terilgan gerbariy fondi yangi turkum va turlarning yaralishiga asos bo’lgan. Aynan shu gerbariylarning ko’p qismi O’zR FA Botanika inistitutiga va V. L. Komarov nomli (Sankt-Peterburg) Botanika institutining gerbariy fondiga taqdim etilgan.
Gerbariyning eng katta qismi akademik Q.Z. Zokirovga tegishli. Yosh olim 1937-1941-yillar mobaynida mashhur florist, sistematik, florgenetik, botanik-geograf M.G. Popov bilan yonma-yon mehnat qildi. Qodir Zokirovich professor M.G.Popov bilan birgalikda Zarafshon daryosi havzasining florasini batafsil o’rganishni boshlab berdi va bir qator yangi turlarni kashf etdi. Dastlab, 1938-yilda sho’ra turkumining yangi turini kashf etdi va ustozi nomiga - Salsola Merkuloviczi Zak. deb nomladi. Shu jarayonda Qodir Zokirovich Heteroceryum, Lappula, Rochelia, Onosma turkumlaridan bir qator yangi turlarni kashf etdi. Bu ma’lumot universitetning ilmiy ishlari to’plamida e’lon qilindi. Ushbu yangi tur “Флора Узбекистана” ning II jildiga kiritildi. Keyinchalik turlarga ancha boy hisoblangan Kampirchopondoshlar - Boraginaceae oilasini chuqur o’rganib, Kampirchopondoshchalar kichik oilasi hajmida ma’lum bo’lgan 6 tribadan tashqari yana 4 tribaning mavjudligini, Solenanthus turkumidan ayrim turlarni Lindelofia turkumiga o’tkazishni ilmiy asosladi.
2017-2022-yillarga kelib Samarqand davlat universiteti rektori tashabbusi bilan SamDU tarixiy gerbariy kolleksiyasiga katta e’tibor qaratila boshlandi. Biologiya fakultetining bir necha o’quv xonalarida saqlanayotgan ushbu nodir xazina uchun alohida bino tashkil etilib, SamDU ning “Gerbariy – Botanika tadqiqotlar ilmiy laboratoriyasi» deb nomlandi. Bundan tashqari laboratoriya qoshida «Palinologiya», «Mikologiya», «Briologiya va lixenologiya» nomli laboratoriyalar tashkil etildi. Ushbu laboratoriyalar respublika bo‘yich birinchi bor tashkil etilganligi bilan xarakterlidir. 2021-yilda SamDU gerbariysi tarixiy nodir obyekt sifatida AQSH da tashkil etilgan xalqaro gerbariylar platformasida “Herba SamDU” nomi bilan 3100 talik ro’yxatdan joy oldi.