“2022 yil – muvaffaqiyatlar yili...”
![](https://www.samdu.uz/upload/cover-images/63b3ff0d5d4d3-63b3ff0d5d4d7-63b3ff0d5d4d8-63b3ff0d5d4d9.jpg)
O‘tayotgan har bir yil inson hayotida o‘z izini qoldiradi. Shu jumladan 2022-yil ham kimdadir shunchaki umrning bir yili bo‘lsa, kimningdir hayot sahifasiga zarhal harflar bilan bitildi. Xo‘sh, 2022 yil Samarqand davlat universiteti talabalari uchun qanday yil bo‘ldi?!
Biz har bir sohada tengdoshlariga o‘rnak bo‘lib kelayotgan bir guruh yoshlarga yil sarhisobi bo‘yicha quyidagi savollar bilan murojaat qildik:
-O‘tayotgan yilda shaxsiy hayot va faoliyatingizda qanday muvaffaqiyat va yangiliklar yuz berdi?
- 2023-yildagi rejalaringiz qanday?
-2022-yilda o‘qigan kitoblaringiz orasida TOP-3 kitob tavsiyangiz?
-Tengdoshlaringizga tilaklar...
Mahbuba Xalilova, Samarqand davlat universiteti filologiya fakulteti talabasi, Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sohibi, shashka bo‘yicha ikki karra jahon chempioni:
- 2022-yil men uchun juda barakali yil bo‘ldi. Ushbu yilda yoshligimdan orzu qilgan maqsadim Zulfiya nomidagi Davlat mukofotiga loyiq ko‘rildim. Quvonarli tomoni shundaki, nufuzli mukofotni shaxsan davlatimiz rahbaridan qabul qilganim hayotimda unutilmas hodisa bo‘ldi. Prezidentimizning menga bildirgan ishonchi, “Mukofotni oldim deb to‘xtab qolish yo‘q. Sizdan yana katta yutuqlarni kutaman” degan ezgu tilaklari menga katta marralarni zabt etishga undaydigan motivasiya bo‘ldi. O‘z ustimda ishlashda davom etib, sportda ham katta muvaffaqiyatlarga erishdim. Sentyabr oyida Qirg‘izistonda o‘tkazilgan 64 katakli shashka bo‘yicha jahon chempionatida qatnashib, 2 ta kumush medalni qo‘lga kiritgan bo‘lsam, dekabr oyida 100 katakli shashka bo‘yicha Osiyo chempionatida qatnashib, oltin medalni qo‘lga kiritdim va Osiyo chempioni bo‘ldim. Bu hali hammasi emas. 2023-yilda Turkiyaning Antaliya shahrida o‘tkaziladigan jahon chempionatida ishtirok etaman. Bunda ham qatnashib Vatanimiz sharafini munosib himoya qilishni o‘z oldimga maqsad qilib qo‘yganman. 2023-yil o‘zim tahsil olayotgan soham bo‘yicha ilmiy faoliyatimni davom ettirish, nafaqat yurtimiz balki jahon bo‘yicha nufuzli xalqaro nashrlarda maqolalar chiqarish niyatim bor.
2023-yilda tengdoshlarimga baxt-omad, yuksak shijoat tilayman. Oldingizga qo‘ygan maqsadlaringiz sari qo‘rqmasdan qadam tashlang. Bu yo‘lda turli to‘siq va qiyinchiliklar bo‘lishi tabiiy. Bulardan mardonavor o‘ta olgan va o‘z maqsadi sari faqat va faqat olg‘a qadam tashlaydigan inson hayotda doim yutadi.
2022 yilda o‘qigan kitoblarim orasida TOP-3 tavsiyam:
1. Jeyms Kler “Atom odatlar”
2. Odil Yoqubov “Adolat manzili”
3. Said Ahmad “Yo‘qotganlarim va topganlarim”
Aziza Qurbonova, Samarqand davlat universiteti psixologiya va ijtimoiy-siyosiy fanlar fakulteti talabasi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti stipendiyasi sohibi:
-2022-yil hayotimdagi eng yorqin va omadli yil bo‘ldi, desam xato bo‘lmaydi. Yil boshida xalqaro IELTS 6.0 sertifikatini qo‘lga kiritgan bo‘lsam, joriy o‘quv yilida “Yil talabasi” tanlovining universitet bosqichi g‘oliblari orasida sovrindor bo‘ldim. Faoliyatimda ilk bor psixolog sifatida konsulьtasiya o‘tdim, turli kasbdagi insonlar bilan psixologik mashg‘ulotlar tashkil qilib, ularning ruhiyatini o‘rganishga harakat qildim. Bundan tashqari Samarqand davlat universitetiga xizmat safari bilan tashrif buyurib, bir oy davomida talabalarga dars o‘tgan Bombey texnologiya universiteti professori Aziziddin Xonga tarjimonlik qildim. Bu vaqt davomida hindistonlik professordan juda ko‘p narsalarni o‘rgandim, faoliyat yo‘nalishim bo‘yicha muhim mavzularda fikr almashdim...
Yil yakunida Prezident stipendiyasi sovrindori bo‘ldim. Ilk bor 15 yoshimda ijtimoiy tarmoqlardan birida Prezident stipendiyasi sohibi haqida tayyorlangan rolikka ko‘zim tushgandi. O‘shandan boshlab shu e’tirofga loyiq ko‘rilgan yoshlarga havasim bo‘lakcha edi. O‘quv yili avvalida stipendiya tanlovi uchun hujjat tayyorlash vaqtlarida juda ikkilandim. Ayniqsa imtihon topshirish uchun Toshkentga borganimizda hayajonning kuchliligidan suhbatga kirmay qaytib ketmoqchi ham bo‘ldim. Ammo ortimda menga umid bilan boqib turgan ota-onam, ustozlarim, qadrli universitetim borligi menga dalda bo‘lib, suhbatga kirdim...
Ayni Yangi yil arafasi, ko‘ngillarda bayram shukuhi keza boshlagan ajoyib bir pallada O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti stipendiyasi sohibi bo‘lganligim bayram kayfiyatini ikki hissa oshirdi.
2023-yilda oldimga qo‘ygan maqsadlarim katta. Yaqin kunlarda “Yuridik psixologiya” nomli qo‘llanmam bosmadan chiqish arafasida. Bundan tashqari ilmiy ishim bo‘yicha bir qator loyihalarda ishtirok etish niyatim bor. Qolaversa, magistratura bosqichini chet elda davom ettirmoqchiman. Tengdoshlarimga bayram tilaklarim: Avvalo, o‘z orzularingiz sari kurashishdan, harakat qilishdan to‘xtamang. Hech qachon o‘qishga kirib oldim, menga shu yetadi degan fikrda bo‘lmang. Doimo yuksak marralarni ko‘zlab parvoz qilishga harakat qiling. Bu yo‘lda barchaga omad va muvaffaqiyatlar, ulkan zafarlar yor bo‘lishini tilayman.
Bu yil o‘qigan kitoblarim ichida hayotimni o‘zgartirgan quyidagi kitoblarni tavsiya qilgan bo‘lardim:
1. Djon Kexo “Подсознание может всё”
2. Viktor Emil Frankl “Hayotga ha de!”
3. Robin Sharma “O‘z Ferrarisini sotgan rohib”
Nilufar Omonova, Samarqand davlat universiteti intellektual tizimlar va kompyuter texnologiyalari fakulteti talabasi, “Kelajak bunyodkori” medali sohibi, yosh tadbirkor:
-2022-yil men uchun eng unutilmas yil bo‘ldi. Shaxsiy hayotimda ko‘plab muvaffaqiyatlarga erishdim. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning farmoniga binoan “Kelajak bunyodkori” medali bilan taqdirlandim. Shuningdek, tadbirkorlik faoliyatim, o‘z sohamda yangi innovasiyalarni joriy etishda ko‘rsatgan faolligim inobatga olinib, “Faol tadbirkor” ko‘krak nishoni, dekabr oyida “O‘zbekiston Konstitusiyasining 30 yilligi” esdalik nishoniga loyiq ko‘rildim. “Hududning 100 nafar ixtirochi ayoli” haftaligi doirasida tashkil etilgan “Ixtirochi ayol – 2022” tanlovining “Tibbiyot sohasida eng yaxshi innovasion loyiha” nominasiyasida g‘olib bo‘ldim. Ko‘plab ommaviy nashrlarda faoliyatim haqida maqolalar, lavhalar chiqdi. Ayniqsa, Kun.uz ga bergan intervyum 205 ming marotabadan ortiq ko‘rildi. Shundan keyin odamlar meni “dadasiga mashina sovg‘a qilgan dasturchi qiz” nomi bilan taniy boshladi. Ushbu yil hayotimda zarhal harflar bilan bitilgan yillardan biri bo‘ldi, desam xato bo‘lmaydi. Davlatimiz rahbari bilan shaxsan ko‘rishib o‘z taklif va tashabbuslarimni ayta olganim va menga bildirilgan bu ishonch hamda e’tirof yangi maqsadlarim va yuksak marralar sari dadil harakatni davom ettirishimda kuch berdi. Ushbu ishonchni oqlashga, mamlakatimiz taraqqiyotiga o‘z hissamni qo‘shishga hamisha harakat qilaman. 2023-yilda amalga oshirishni niyat qilgan rejalarim bisyor. Shulardan eng asosiysi, xususiy universitet ochishni maqsad qilganman. Kelgusi yil universitetning ilk qabuli boshlanadi.
Yangi yilda tengdoshlarimga omad, ulkan maqsadlar va ularni amalga oshirishda jasorat tilayman. O‘z maqsadlaringiz sari harakatni boshlashdan qo‘rqmang. Ana o‘shanda kun kelib siz albatta eng zo‘ri bo‘lasiz...
2022-yilda o‘qigan kitoblarimdan tengdoshlarimga tavsiya qiladiganlarim:
1. Otabek Hasanov “Liderlar kitobi”
2. Teodor Ruzvelt “Liderlik qonunlari”
3. Robert Kiyosaki “Boy ota, kambag‘al ota”
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati xodimi
Iroda Bekmurodova tayyorladi