Ta’til kunlari bo‘sh vaqtni mazmunli o‘tkazishning eng zo‘r yo‘li bu – kitoblar mutolaasidir. Ammo mutolaa uchun qanday kitob tanlash ko‘pchilikni ikkilantiradi. Biz kitob tanlash mahorati, kitoblarni qanday qilib tez o‘qish va to‘g‘ri kitob tanlash bo‘yicha ayrim savollarga javob olish maqsadida yosh kitobxon Marhabo Mahkamtoshevaga murojaat qildik. Marhabo Mahkamtosheva, Samarqand davlat universiteti filologiya fakulteti talabasi, joriy yilda “Yosh kitobxon” tanlovining 15-19 yosh toifasida viloyat bo‘yicha mutloq g‘oliblikni qo‘lga kiritib, respublika bosqichi yo‘llanmasini olgan.

    - Mutolaa uchun kitob tanlashda nimalarga e’tibor berasiz?

    –Kitob tanlash ham alohida mahorat desam xato bo‘lmaydi. Bu borada insonning qiziqishlari muhim ahamiyat kasb etadi. Biror kitobni sotib olishdan oldin ushbu asar haqida qisqacha annotasiyani o‘qib ko‘rish maqsadga muvofiq.  Chunki har kimning didi har xil bo‘ladi. Kimdir antiutopiyaga  qiziqadi, kimdir detektiv  asarlarga. Men odatda, qiziqishlarim, shuningdek, kitob muallifi va asar taqriziga tayangan holda kitob tanlayman.

    – Kitoblarni qanday qilib tez o‘qish mumkin?

    – Shaxsiy tajribamdan kelib chiqqan holda shuni aytamanki, ma’lum bir asarni tezroq o‘qish uchun, eng avvalo, uning “ichiga kirib ketish” kerak. Men ko‘pincha kitoblarni iloji boricha bir o‘tirishda o‘qib tugatishga harakat qilaman. Kitoblarni tez o‘qish uchun iloji boricha mutolaa vaqti boshqa narsalarga chalg‘imaslik kerak. Hech kim  xalal bermaydigan  vaqtda  kitob o‘qish lozim. Bu  mutolaa samaradorligini  oshirishga  va jarayonning  uzluksiz davom etishiga  yordam beradi.

    O‘qishingiz kerak bo‘lgan, ammo hech o‘qishga ulgurolmayotgan  kitobingizni aslo javonga, ko‘zingizdan  panaroq joyga qo‘ymang. Bu kitob har doim yoningizda, ko‘zingiz tushadigan joyda bo‘lsin. Shunda kitobni tez tugatasiz.

    –  Har bir tengdoshingiz albatta o‘qishi kerak, deb bilgan va ta’tilda o‘qishni tavsiya qiladigan kitoblaringiz...

1.Rey Bredberi “Farengeyt bo‘yicha 451 daraja”

2.Ahmad A’zam  “Ro‘yo yoxud Gʻulistonga safar”

3.Mixail Bulgakov  “Usta va Margarita”

4. Javlon Jovliyev “Qo‘rqma”

5. Dostoyevskiy “Jinoyat va jazo”

6.Alber Kamyu “Begona”

7.Kafka “Jarayon”

8.Murod Muhammad Do‘st  “Lolazor”

 Qaysi asar qahramoniga o‘xshashni xohlardingiz yoki o‘rnida bo‘lib qolgingiz kelgan?

– “Jinoyat va jazo” romanidagi Raskolnikovga.

Bir kunda o‘rtacha necha sahifa kitob o‘qiysiz? Shu kungacha o‘qib tugatgan kitoblaringiz sonini bilasizmi?

–  Bir kunda o‘rtacha 100-150 bet atrofida o‘qiyman. Agar hech kim bezovta qilmasa 300 sahifa atrofidagi kitobni bir o‘tirishda tugatishim mumkin. Shu kungacha   o‘qigan kitoblarimning aniq sonini yozib  qo‘ymagan ekanman Taxminan, 600  atrofida bo‘lsa kerak. Lekin avvallari har bir o‘qigan kitobimning nomi, muallifi, obrazlari va qisqacha mazmuni haqida yozib qo‘yardim. Bu odat keyinchalik ko‘plab tanlovlarda birinchilikni egallashimga yordam bergan.

–  2022-yilda shaxsiy hayotingizda qanday muvaffaqiyatlarga erishdingiz?

– 2022-yil hayotimda ulkan o‘zgarishlar yasadi. Mag‘lubiyat va g‘alabalarga boy yil bo‘ldi desam, mubolag‘a bo‘lmaydi. Shiddatli va keskin bahslar, tanlovlar, quvnoq lahzalar bilan  o‘tdi. Kitobxonlar ligasining final bosqichiga chiqib, 3-o‘rinni egalladim. “Yosh kitobxon” respublika ko‘rik-tanlovining  viloyat bosqichida  1-o‘rinni oldim. 2023-yilning  10-20 yanvar kunlari tanlovning respublika bosqichi bo‘lib o‘tadi. Ayni paytda shunga tayyorgarlik bilan bandman. Barcha yaqinlarim, ota-onam, ustozlarim, qadrdon univesitetim va butun Samarqand viloyati ishonchi yelkamdaligini his etib turibman. Shu ishonchni oqlash, yorug‘ yuz bilan qaytish uchun tinimsiz harakat qilyapman.

 

Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati xodimi
Iroda Bekmurodova suhbatlashdi.