Samarqand davlat universiteti tarix fakulteti dekani, professor Dilfuza Jo‘raqulova bilan suhbat

    – Ilm yo‘li mashaqqatdan holi emas. Bu yo‘lni tanglashingizga nima turtki bergan yoki kim sabab bo‘lgan?

    – Bu sohani tanlashimga avvalambor otam – Mavlon Jo‘raqulov sababchi. Otamni birinchi ustozim, deb bilaman. Otam tarix fakultetida ishlagan kezlari meni tez-tez o‘zi bilan ishga olib kelardi. Kyeyinchalik otamga qo‘shilib arxeologik ekspeditsiyalarga ham bora boshladim. Tarixga, aynan arxeologiyaga qiziqishim shundan boshlangan. Shu tariqa tarix fakultetiga o‘qishga kirdim.

    Amakim harbiy edi. U kishiga juda havas qilardim. Keyinchalik bu havas qiziqishga aylandi. Tarix sohasida o‘qisam ham yuragimning bir chetida yuridik sohada o‘qish orzusi miltillab turardi. Keyin shu orzuimni amalga oshirish uchun harakat qilib ko‘rdim. 2000 yilda yuridik fakultetiga ikkinchi mutaxassislikka o‘qishga kirib, imtiyozli diplom bilan o‘qishni tugatdim. Ammo bu diplom bilan ishlash imkoni bo‘lmadi. Baribir, taqdirimizga tarix sohasi yozilgan ekan...

    Yoshligimda arxeologiya sohasi juda oson tuyilgan. Arxeologiyani faqat qazilma joylarni kavlab, qiziqarli tarixiy narsalarni topishdan iborat deb o‘ylaganman. Ammo keyin bu sohaning ichiga kirib ko‘rganimdan keyin bildimki,  shunchaki kavlab topishmas, topilgan topilmani tarix oldida “gapirtira olish” eng asosiy narsa ekan.

    Tarix fakultetidagi faoliyatimni talabalik yillarim O‘zbekiston xalqlari tarixi kafedrasida laborantlikdan boshlaganman. Ham o‘qib, ham ishlash davomida juda ko‘p narsalarni o‘rgandim. Keyinchalik arxeologiya kafedrasida assistent bo‘lib ishladim. Shu bilan birgadikda aspiranturada tahsilni davom ettirdim. 2009 yilda “Zarafshon vodiysi tosh va bronza davri ibtido qabilalarining madaniyati” mavzusida nomzodlik dissertasiyasini himoya qildim. 

    Tarixning tilsiz tilsimlarini topish, uni “so‘zlatish” Vatan tarixini yaratish murakkab narsa. Faqatgina o‘ta fidoyi ayollargina bu sohani tanlashi mumkin. Arxeologiya sohasida ayol kishi kam. Oylab davom etadigan ekspyedisiyalarda, oiladan, issiqqina uydan yiroqda yurishga to‘g‘ri keladi. Men faxr bilan aytishim mumkinki, Samarqand davlat universitetida umrini, hayotini shu sohaga bag‘ishlagan jonkuyar olimlar, ayol o‘qituvchilar bor. Shulardan biri professor Nonna Avanesovadir.

    – Ayol olima bo‘lish qiyin deyishadi. Ayol-ona-olima-rahbar... shu to‘rt xilqatni birlashtirgan insonsiz. Buni qay darajada uddalyapman deb o‘ylaysiz?

    – Ayolning oila va jamiyatdagi o‘rni haqida ko‘p gapiriladi. Bu haqda balandparvoz gaplarni gapirgandan ko‘ra haqiqiy faol va lider ayol qiyofasini amalda ko‘rsatib berish kerak.

    Rahbar bo‘lish avvalo qattiqqo‘llikni talab qiladi. Kezi kelganda “Yo‘q” deyishni ham bilish kerak. Bu ma’noda men qanday rahbarman, buni o‘zim baholay olmayman. Buni boshqalardan so‘rash kerak. Ammo qattiqqo‘lligim bor. Baribir rahbar odamning yo‘rig‘i boshqacha. Rahbar hammaning diqqat markazida, hammaga o‘rnak va ibrat bo‘ladi.

    Oilam va farzandlarim uchun hamisha yaxshi ona, yaxshi ayol bo‘lishga harakat qilganman. Uch o‘g‘ilning onasiman. O‘g‘il farzand tarbiyalash albatta qattiqqo‘llikni talab qiladi. Shuning uchun ham xarakterimda qattiqqo‘llik bo‘lsa kerak. Ammo qattiqqo‘l ona bo‘lishimga qaramasdan o‘g‘illarimning har biri meni o‘ziga sirdosh, do‘st deb biladi.

    Katta o‘g‘lim Shohrux Jo‘raqulov iqtisod sohasidan ketgan. Ayni paytda inson resurslarini boshqarish fakulteti dekani.  Ikkinchi o‘g‘lim tarixchi, bobo kasbi arxeologiya sohasida. Kenjasi tibbiyot sohasida. Allohga shukr, farzandlarimning har biri hayotda o‘z o‘rnini topgan.

    –Tanlagan sohangizdan afsuslangan vaqtingiz bo‘lganmi?

    -Ilmning mashaqqatli yo‘l ekanligi ko‘pchilikka ma’lum. Ammo inson uchun o‘zi sevgan soha yoxud ish hech qachon qiyin tuyilmaydi. Sevgan kasbimning har bir mashaqqati men uchun bir rohatga yo‘l ochadi.

    Faoliyatim davomida turli lavozimlarda faoliyat yuritgan bo‘lsam ham, o‘zimni birinchi navbatda pedagog, deb bilaman. Pedagog-olimning jamiyatga bergan birinchi mevasi bu uning shogirdlari, keyin esa yozgan kitoblari, qoldirgan ilmi bo‘ladi. Faoliyatimni pedagog nomi bilan boshladim va oxirigacha pedagog bo‘lib qolaveraman. 2012 yildan boshlab 6 yil davomida arxeologiya kafedrasi mudiri bo‘lib ishladim. 2018 yildan tarix fakulteti dekani lavozimida faoliyat yurityapman.

    Hamisha adolatli rahbar bo‘lishga harakat qilaman. Chunki rahbar har qanday vaziyatni odilona baholashi, to‘g‘ri yo‘l yurita olishi, tarozi pallalarini muvozanatda saqlay bilishi kerak. Albatta bunda jamoadagilarning ham ahamiyati katta. Jamoa va rahbar xuddi dengizda suzib  ketayotgan kemaga o‘xshaydi. Kapitan faqat o‘zini emas, balki kemadagi har bir odamni o‘ylab ish qilishi kerak.

    Muayyan ishda ishlaydigan odamning bir kunining o‘rtacha 8-10 soati ishida o‘tadi. Tasavvur qiling, har kuni shuncha vaqt birga ishlab, birga mehnat qilgandan keyin, albatta shu jamoa bir oilaga aylanadi-da. Jamoa – bu oila. Undagi birgina odamning yutug‘i butun jamoanikidir. Mening ishdagi qo‘llab-quvvatlovchi, kezi kelganda yelkadosh va suyanchig‘im shu jamoam.

    Men rahbar sifatida faoliyatimni boshlaganimda oldimga fakultet ilmiy salohiyatini yuqori darajaga ko‘tarish vazifasi qo‘yilgandi. Tarix fakulteti jamoyasi bilan birgalikda shu kunga qadar tinimsiz mehnat qilib bugungi kunda fakultet salohiyatini 23-25 foizdan 70 foizga olib chiqdik. 2023-yilda 75 foizga chiqishi kutilyapti. Albatta, ta’lim sifatiga qaratilayotgan e’tibor bizning zimmamizga yanada kattaroq mas’uliyat yuklaydi. Endilikda bu borada faqat son jihatdan emas, sifat jihatdan ham rivojlanish asosiy maqsadimiz bo‘ladi.

    – Hayot va faoliyatingizda siz uchun ideal shaxs kim?

    – Men bu hayotda hamisha o‘xshashga harakat qiladigan, ibrat oladigan inson bu otam, professor Mavlon Jo‘raqulov. Otam ishda, oila tebratishda, insoniylikda hamisha menga va farzandlarimga o‘rnak bo‘lgan. Otam butun umrini ilmga, shu universitetga bag‘ishlagan. Mas’uliyatli lavozimlarda ishlashiga qaramasdan, juda kamtarin inson edi. O‘zi haqida emas, ko‘proq o‘zgalar haqida qayg‘urar, doim yaxshilik qilishga harakat qilardi. Hatto rahbarlik faoliyatini tugatganida ham universitet haqida o‘ylashdan to‘xtamagan fidoyi odam edi.

    – O‘tgan 2022-yilda fakultetda qanday natijalar qayd etildi?

    – Endilikda fakultetning nufuzli xalqaro universitetlar bilan aloqalarini kengaytirish asosiy maqsadimiz. Hozirgi kunda bir qator xalqaro OTM lar bilan aloqalar yo‘lga qo‘yilgan. Italiyaning Bolonya universiteti va arxeologiya kafedrasi o‘rtasida qo‘shma ekspedisiyalar davom etmoqda. Bundan tashqari Turkiyaning Anqara Yildirim Boyazid universiteti, Germaniyaning Bamberg, Berlin erkin universitetlari bilan samarali hamkorlik aloqalari amalga oshirilmoqda. Shuningdek, kafedra tadqiqotchilari Yaponiya, Polsha arxeologlari bilan birgalikda ilmiy tadqiqotlar olib bormoqda.

    Qolaversa, dunyo bo‘yicha TOP-1000 talikka kirgan universitetlardan professor-o‘qituvchilarni jalb qilish bo‘yicha harakatlarni davom ettiryapmiz. Moskva davlat universiteti, Qozon federalь universiteti, Janubiy Koreyaning Dongkuk kabi universitetlaridan professor-o‘qituvchilar jalb qilingan. Bugungi kunda ular talabalar va tadqiqotchilarga  dars berib kelmoqda. Tadqiqotchilarimiz Rossiya, Ispaniya, Turkiya kabi davlatlar universitetlarida ilmiy tadqiqot bilan shug‘ullanmoqda. Qolversa, Samarqand davlat universiteti tarix fakultetida asosiy shtatda faoliyat yuritayotgan xalqaro professorlar bugungi kunda dunyoning nufuzli universitetlarida Samarqand davlat universiteti nomidan faoliyat yuritishadi. Masalan Janubiy Koreyalik professor Youn Myung ayni paytda Amerikaning TOP-10 universitetlaridan biri bo‘lgan Yel universitetida SamDU professori nomi bilan ma’ruza o‘qimoqda. Universitet professori Alisher Begmatov ham AQSH ning Nyu-York universiteti professori sifatida faoliyat yuritadi. Tarix fakulteti talabalarining ilm-fanda erishayotgan yutuqlarini ham alohida ta’kidlab o‘tishim kerak. Talabalarimiz orasida fan olimpiadasi ishtirokchilari, nomdor davlat stipendiyalari sohiblari bor. Shuningdek, ayrim intiluvchan yoshlar sport sohasida ham yuqori natijalarga erishmoqda. 

Bugungi darajangizga erishish uchun nimalardan voz kechgansiz?

– Qaysidir ma’noda oilaga ajratishim kerak bo‘lgan vaqtimdan voz kechgan paytlarim bo‘lgan.

O‘tgan umringizni suratda tasvirlash kerak bo‘lsa unda qanday ranglar bo‘ladi?

– Oq, yashil va qizil.

Kelgusidagi rejalaringiz...

–  Fakultet dekani sifatida zimmamdagi vazifalarni to‘la darajada bajarish hamisha asosiy vazifalarimiz qatorida bo‘ladi. Shu bilan birga professorlik ilmiy unvonini olish maqsadim bor.

 

Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati xodimi
Iroda Bekmurodova suhbatlashdi.