Yangi yil kirib keldi...
Yangi yil kirib keldi. Yashab o‘tilgan yana bir yil, erishilgan muvaffaqiyat va zafarlar o‘tmish sahifalariga muhrlandi. Yil sarhisobi bo‘yicha Samarqand davlat universiteti professor-o‘qituvchilarining fikrlari qanday? 2023-yilda qanday rejalar amalga oshishi kutilmoqda...
Toshpo‘lat Rajabov, Samarqand davlat universitetining Agrobiotexnologiyalar va oziq-ovqat xavfsizligi instituti direktori, dotsent:
– O‘tgan 2022-yil Agrobiotexnologiyalar va oziq-ovqat xavfsizligi instituti faoliyatida alohida davr bo‘ldi. Chunki mazkur yilda institutimizga asos solindi. Institutning ilmiy-tadqiqot faoliyatini mustahkamlash sari jadal harakat boshlandi. O‘tgan yilda Agrobiotexnologiyalar transferi ilmiy-tadqiqot laboratoriyasi tashkil etildi. Laboratoriyaning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash maqsadida qariyb 3 milliard so‘mlik zamonaviy asbob-uskunalar xarid qilindi.
Samarqand viloyatidagi 14 yirik agroklasterlar va qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarish korxonalari bilan talabalarining malakaviy amaliyotlarini ishlab chiqarish tashkilotlarida yo‘lga qo‘yish bo‘yicha hamkorlik shartnomalari tuzishga erishdik. Bunday hamkorlik institutda ilm-fan va amaliyot integratsiyasini chuqurlashtirishga xizmat qilishi bilan xarakterlidir.
O‘tgan yili institutda nufuzli xorijiy oliy ta’lim muassalari bilan hamkorlik o‘rnatish bo‘yicha qator ishlar amalga oshirildi. Xususan, Italiyaning Bolonya, Yaponiyaning Tottori, Vengriyaning Seged, Qishloq xo‘jaligi va hayot fanlari kabi universitetlari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga muvaffaq bo‘ldik. Ayni paytda mazkur universitetlarda talabalarni o‘qishga yuborish bo‘yicha tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda. Mazkur hamkorlik doirasida Vengriyaning Seged universiteti professori Ferens Lantosh institutning ilmiy ishlar va xalqaro hamkorlik bo‘yicha direktor o‘rinbosari lavozimida ish boshladi. Hozirgi vaqtda Vengriyaning qator universitetlari va agrar sohadagi ishlab chiqarish korxonalari bilan institut o‘rtasida hamkorlik o‘rnatish bo‘yicha muzokaralar olib borilmoqda. Institutda tashkil etilgan Vengriya OTMlarida tahsil olishga ko‘maklashish markazi buning dastlabki qadami bo‘ldi desam adashmagan bo‘laman.
Institut talabalarining Germaniyaning agrar tashkilotlarida malaka oshirishlari va amaliyot o‘tashlari uchun JD East tashkiloti bilan shartnoma imzolandi. Ushbu shartnoma doirasida 2023-yilning yoz oylarida 50 ga yaqin talabalar Germaniyada malaka oshirishlari rejalashtirilgan.
Prezidentimizning “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida Qo‘shrabot va Nurobod tumanlarida Samarqand davlat universiteti rahbariyati tashabbusi bilan yaratilgan mevali bog‘larni tashkil etishda institut professor-o‘qituvchilari, doktorantlari va magistrlari faol ishtirok etdi.
O‘tgan yil shaxsiy faoliyatimda ham muhim davr bo‘ldi. Doktorlik dissertatsiyasini himoya qildim. AQSH ning xalqaro Yaylovshunoslar jamiyatiga a’zolikni qo‘lga kiritdim. 2 nafar shogirdim Islandiyaning YUNESKO shafeligi ostidagi Yerlarni qayta tiklash xalqaro dasturi (GRO-LRT) granti sohibi bo‘ldi. Ularning bir nafari (Abdubakir Qo‘shboqov) Islandiyada 6 oy ilmiy-tadqiqot ishlarini amalga oshirib qaytdi. Yana bir nafari (Shuxrat Valiyev)ning Islandiyaga safari 2023-yilning mart-sentyabr oylariga rejalashtirilgan.
2023-yilda ham institut faoliyatida muhim yangiliklar bo‘lishi kutilyapti. Xalqaro hamkorlik sohasida ham xorijiy universitetlar bilan aloqalarni kengaytirish rejalashtirilgan. Shuningdek, Institut ilmiy ishlar va xalqaro hamkorlik bo‘yicha direktor o‘rinbosari professor Ferens Lantosh bilan birgalikda Samarqand davlat universitetining biologiya, geografiya va ekologiya, kimyo hamda agrobiotexnologiyalar va oziq-ovqat xavfsizligi institutidan jami 40 nafarga yaqin talabalar Vengriyaning “Stipendium Hungaricum” dasturi bo‘yicha magistratura va doktorantura yo‘nalishlarini Vengriyada o‘qishlari uchun tayyorgarlik ishlarini olib bormoqdamiz. Bu borada institut talabalaridan 10 nafarini magistratura mutaxassisliklariga va 2 nafarini doktoranturaga Vengriya oliy ta’lim muassasalariga, 25 nafarini Germaniyaning agrar ishlab chiqarish tashkilotlariga amaliyotga yuborish kutilmoqda.
Qolaversa, 2023-yil institut hududida 400 o‘rinli zamonaviy talabalar yotoqxonasi qurilishi rejalashtirilgan.
Ayni paytda Yaponiyaning Tottori universiteti bilan hamkorlikda Agrobiotexnologiyalar va oziq-ovqat xavfsizligi instituti qoshida ushbu universitetning Qurg‘oqchil mintaqalarda tadqiqot va ta’lim markazi (IPDRE) ning filialini tashkil etish uchun harakatlar boshlangan. Shu maqsadda 2023-yilning fevral oyida Tottori universitetiga safar uyushtirishni rejalashtirganmiz.
2023-yilda barcha yurtdoshlarimiz, shu jumladan Samarqand davlat universiteti jamoasi va talabalariga baxt-omad, sihat-salomatlik va tinchlik-xotirjamlik tilayman. Yangi yil quvonchli, omadli va barakali bo‘lsin! Talabalarimizga yangi bilim cho‘qqilarini egallashlariga kuch-quvvat va jasorat tilayman. Barchaning ilmiy-ijodiy faoliyatida ulkan muvaffaqiyatlar va yuksak zafarlar yor bo‘lsin. Yangi yil har birimiz uchun eng yaxshi yillardan biriga aylansin.
Dilfuza Jo‘raqulova, Samarqand davlat universiteti tarix fakulteti dekani, professor:
– O‘tgan yil tarix fakulteti faoliyatida salmoqli yangiliklar bo‘ldi. Ayniqsa, fakultetning nufuzli xalqaro universitetlar bilan aloqalari birmuncha kengaydi. Italiyaning Bolonya universiteti va arxeologiya kafedrasi o‘rtasida qo‘shma ekspeditsiyalar o‘tkazish bo‘yicha shartnoma imzoladik. Mazkur kelishuv doirasida SamDU arxeologiya kafedra olimlari va tadqiqotchilari Bolonya universiteti arxeologlari bilan birgalikda arxeologik tadqiqot ishlari olib bordi. “Sulton Yildirim Boyazid va Amir Temur” xalqaro anjumani doirasida Anqara Yildirim Boyazid universiteti bilan ham bir qator shartnoma va kelishuvlar imzolanishiga erishdik. Germaniyaning Bamberg, Berlin erkin universitetlari bilan samarali hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishuvlarimiz bor. Tarix fakulteti talabalarining ilm-fanda erishayotgan yutuqlarini ham alohida ta’kidlab o‘tishim kerak. Talabalarimiz orasida fan olimpiadasi ishtirokchilari, nomdor davlat stipendiyalari sohiblari bor. Intiluvchan yoshlar sport sohasida ham yuqori natijalarga erishmoqda.
Yangi yilda jonajon universitetimizning barcha fidoyi xodimlari, o‘qituvchilari va talabalariga sihat-salomatlik tilayman. Ilm yo‘lida tortgan zahmatlarining samarasini ko‘rib yursinlar. Ularning ilmiy faoliyatiga yangi muvaffaqiyatlar, oilaviy tinchlik va baraka tilayman.
Leylya Belyalova, Samarqand davlat universiteti geografiya-ekologiya fakulteti ekologiya va hayot faoliyati xavfsizligi kafedrasi dotsenti, biologiya fanlari nomzodi, 2018 yilda BBS tomonidan tuzilgan “Dunyoning eng nufuzli 100 ayoli” ro‘yxatiga kiritilgan.
– O‘tgan yil faoliyatim yangi muvaffaqiyatlarga boy bo‘ldi. Dekabr oyida BMT tomonidan tashkil etilgan “Harakatning 17 qiyofasi” fotoko‘rgazmasida O‘zbekistondan tanlab olingan 17 ayol orasida qayd etildim. Mazkur fotoko‘rgazma butun dunyo bo‘ylab stereotiplarni buzishga muvaffaq bo‘lgan ayollar portretini jamlagan xalqaro loyiha hisoblanadi. Toshkentda bo‘lib o‘tgan “Harakatning 17 qiyofasi” ko‘rgazmasida shaxsan Saida Mirziyoyeva ham ishtirok etib, ko‘rgazma qahramonlari faoliyatining jamiyatni yaxshi tomonga o‘zgartirishda boshqalarga namuna bo‘lishini ta’kidladi. Bu kabi e’tirofdan behad quvondim. Bu endilikdagi faoliyatimda yuqori qo‘llab-quvvatlash bo‘ldi. 2023-yilda reja va maqsadlar katta. Sentyabr oyida mazkur ko‘rgazmaning Jenevada bo‘lib o‘tadigan yakuniy qismida ishtirok etaman. Ilmiy faoliyatda qushlar muhofazasi va ekologiyasi bo‘yicha yangi xalqaro loyihalarda qatnashish niyatim bor. Shuningdek, fakultet qoshida tashkil etilgan “Flamingo” talabalar klubi bilan birgalikda yangi ekspeditsiyalarga chiqish, qushlar muhofazasi bo‘yicha samarali natijalar beradigan tadqiqotlar olib borishni rejalashtirmoqdamiz. Bunday tadqiqotlardan birinchisi O‘zbekiston Qushlarni himoya qilish jamiyati tashabbusi bilan tashkil etilgan suv qushlari bioxilma-xilligini monitoring qilish dasturiga muvofiq klub a’zolari bilan birgalikda “Kattaqo‘rg‘on” suv omborida o‘tkaziladigan ekspeditsiyalar bo‘ladi. Qolaversa, yil yakuniga qadar talabalarning katta qismini birlashtirgan ekologik loyiha tashkil qilish ham rejamizda bor.
Yangi yilda qadrdon universitetimiz jamoasiga, barcha yurtdoshlarimizga eng ezgu orzular ijobati yor bo‘lishini tilayman. Yurtimiz tinch-farovon, osmonimiz musaffo bo‘lsin.
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati xodimi
Iroda Bekmurodova tayyorladi.