Samarqand davlat universiteti Agrobiotexnologiyalar va oziq-ovqat xavfsizligi instituti Vengriya agrar oliy taʼlim muassasalari bilan hamkorlik aloqalarni yana-da kuchaytirish maqsadida Vengriyaning O’zbekistondagi elchixonasiga amaliy safar uyushtirildi. Safar chog‘ida institut direktori, dotsent Toshpo‘lot Rajabov va institutning ilmiy ishlar va xalqaro hamkorlik bo‘yicha direktor o‘rinbosari Ferens Lantosh Vengriyaning Favqulodda va muxtor elchisi janob Dyula Kovach bilan muzokaralar o‘tkazdi.

    Uchrashuv davomida bir qator sohalarda hamkorlik aloqalarini mustahkamlash masalalari muhokama qilindi. Xususan, elchi Dyula Kovach Seged universiteti hamda Vengriya qishloq xo‘jaligi va hayot fanlari universiteti (MATE) olimlarini  SamDU Agrobiotexnologiyalar va oziq-ovqat xavfsizligi institutining o‘quv va ilmiy sohalariga keng jalb qilish bo’yicha sharoit yaratishni alohida ta’kidladi.

    Shuningdek, SamDU talabalarining Stipendium Hungaricum dasturi doirasida Vengriya oliy taʼlim muassasalarida tahsil olish imkoniyatlariga ham alohida urg‘u berildi.

    Vengriyaning dorivor o‘simliklarni yetishtirish va uni qayta ishlashga ixtisoslashgan Pannon Pharma va Gedeon Richter ishlab chiqarish korxonasi bilan o‘zaro aloqalarni o‘rnatish va SamDU talabalarining ushbu korxonalarda amaliyot o‘tashlariga imkoniyatlar yaratish uchun elchixona ko‘mak berishga tayyorligini bildirdi.

    Uchrashuv davomida kelishilgan ishlarni amalga oshirish uchun institut jamoasi Vengriya elchixonasi vakillari bilan yaqindan hamkorlik olib boradi.

 

Samarqand davlat universiteti

Axborot xizmati.