Germaniya universitetlari haftaligi: yakun va natijalar
Samarqand davlat universitetida dekabr oyida “Germaniya universitetlari haftaligi” o’tkazilgani ko’pchilikka ma’lum. Talabalarni xorijiy tillarni o’rganishga yanada qiziqtirish, nufuzli Germaniya oliy o’quv yurtlarida tahsilni davom ettirish imkoniyatlari bilan tanishtirish, xorijiy mutaxassislar bilan masofaviy va an’anaviy shaklda hamkorlikda ishlash maqsadida tashkil etilgan mazkur haftalik doirasida Germaniyaning bir qator oliy o’quv yurti xodimlari, Germaniyada tadqiqot olib borayotgan universitet ilmiy izlanuvchi va o’qituvchilari bilan seminar-treninglar tashkil etildi.
“Nemis universitetlari haftaligi” doirasida dastlab tarix fakulteti talabalari uchun Germaniyaning Bamberg universitetida tadqiqot o’tagan xalqaro ta’lim dasturlari markazi direktori Sardor Umarov “Germaniya va O‘zbekistonning tarixiy aloqalari” mavzusida mahorat darsi o’tdi.
Shuningdek, haftalik doirasida biоlogiya fakulteti talabalari uchun “Germaniya tabiati va biologik tadqiqotlar” mavzusida seminar-trening tashkil qilindi. Hozirda Germaniyaning Trier Universitetida o’z ilmiy tadqiqot mavzusida izlanishlar olib borayotgan universitet tadqiqotchisi Akbar Ahmedov tadbirda masofaviy tarzda ishtirok etib, olib borayotgan tadqiqoti, olinayotgan natijalar va Trier universitetida o’qishni xohlovchilar uchun kerakli ma’lumotlarni tadqim etdi. Fakultetning yosh o’qituvchisi bo’lishiga qaramay xorijda stajirovka o’tab qaytgan Abubakir Qo’shboyev ham yangi olingan biologik tadqiqot natijalari bilan talabalarga taqdimot namoyish qildi. Seminar-trening davomida talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar.
Haftalik davomida universitet talabalari uchun “O’zbekiston tarixi nemis tarixchilari nigohida” mavzusida seminar-trening tashkil qilindi. Unda Germaniyadan tashrif buyurgan Berlin Universiteti (Freie Universität Berlin) Sharqiy Yevropa ofisi direktori Tobias Styudemann va Berlin Universiteti (Freie Universität Berlin) Sharqiy Yevropa ofisi professori Robert Kindler o’z ma’ruzalari bilan ishtirok etdi.
Haftalikning keyingi qismida Sharq Yevropa taʼlim instituti dekani, professor Theocharis Grigoriadis va iqtisodiyot sohadagi dasturlar bo’yicha masʼul xodimi Pioter Laris inson resurslarini boshqarish fakultetiga tashrif buyurib, fakultet bilan xalqaro hamkorlik aloqalari bo’yicha kelishuvga erishdilar.
Shu bilan birga filologiya fakultetida ham “Xorijiy talabalar uchun Berlindagi Freie universitetida tahsil olish imkoniyatlari” mavzusida seminar darslari tashkil etilib, talabalar uchun mazkur universitetda bakalavr, magistratura, doktoranturada tahsil olish bo’yicha batafsil ma’lumotlar berildi. Freie universiteti delegatsiyasi universitetimizning nemis tiliga qiziquvchi talaba va ilmiy izlanuvchilariga boshlang’ich, ya’ni A1 darajadan B2 darajagacha mo’ljallangan nemis tilini o’rgatuvchi darsliklarni taqdim etdi.
Haftalikda xorijlik mutaxassislar DAAD jamg‘armasining dasturlari, uning tanlovlarida ishtirok etish afzalliklari haqida talabalarga batafsil ma’lumot berish bilan bir qatorda kelajakda Samarqand davlat universitetida Germaniya madaniyat markazini ochish bo’yicha taklif va rejalar ishlab chiqdilar.
Bundan tashqari, ilmiy-tadqiqot ishlarida professor-o’qituvchi va kadrlar almashinuvi dasturlarni yo‘lga qo‘yish, yozgi maktablarni ochish bo’yicha kelishib olindi.
Zarifa Eshmurodova
Samarqand davlat universiteti
Xalqaro hamkorlik bo‘limi bosh mutaxassisi.