Samarqand davlat universiteti psixologiya kafedrasi o‘qituvchisi Muqaddam Tovbayeva bilan suhbat

    -Ilm-fan sohasiga kirib kelishingizga asosiy sabab nima bo‘lgan?

    -Ilm-fan sohasini hayotimda uchratgan yaxshi odamlarning  o‘gitlari  sabab bo‘lgan deb o‘ylayman. Bolaligimda bobom va onam bilan yashaganman. Ularning tarbiyasi va ilmga bo‘lgan munosabati keyinchalik ilm-fanga bo‘lgan qiziqishimni orttirgan. Shu bilan birga o‘z oldimga ilm sohasida muvaffaqiyatga erishishni maqsad qilganman. Bu yo‘lda erishgan natijalarimda esa ilmiy rahbarim,  psixologiya fanlari doktori, professor Feruza Akramovaning hissasi katta. Ba’zan  bu yo‘lda qiyinchiliklarga duch kelganimda ilm bilan shug‘ullanish, olim bo‘lishning mashaqqatini shunday tushuntirar ediki, men bundan kuch olib astoydil harakat qilishda davom etardim.

    Har bir insonni ilm sohasida erishgan yutuqlari uni qo‘llab-quvvatlovchi oilasiga atrofidagi insonlarning munosabatiga bog‘liq.  Bu jihatdan ham baxtli ayolman. Yonimda hamisha meni tushunadigan, qo‘llab-quvvatlaydigan insonlar bor.

    Yaqinda “Muammoli oilalarning  gender munosabatlarida psixologik despotizm profilaktikasi” mavzusida PhD dissertatsiyasini himoya qildim. Ilmiy ishim bo‘yicha izlanishlar olib borish davomida ko‘plab oilalarni kuzatdim. Kuzatishlar natijasida shunga amin bo‘ldimki, zo‘ravonlik va despotizmga duch kelgan ayollarda o‘ziga ishonch susayadi. Bunday holatda ularda o‘z xulqini o‘zi yaxshilash motivlarini shakllantirish orqali ma’naviy sog‘lomlashtirish jarayonini tashkil etish kerak bo‘ladi.

    Zo‘ravonlikka duch kelganlar ayollarda kelajakka ishonch darajasini kuchaytirish, ijtimoiy foydali mehnatga, jamoat ishlariga jalb qilish, o‘z xulq-atvorini o‘zi baholashga o‘rgatish muhimdir. Bunda psixologlarning asosiy vazifasi bunday insonlarning ichki ruhiy holatini: maqsadi, hayotga munosabati, o‘z-o‘ziga ishonchi, irodaviy-hissiy o‘zini boshqarishini tahlil qilib, shularga mos ravishda maslahatlar berishdir.

    -Nega aynan psixologiya sohasini tanlagansiz?

    - Maktabda o‘qib yurgan davrlarimda kimyo fanini  yaxshi ko‘rardim. Shu soha bo‘yicha o‘qishga kirmoqchi bo‘lganimni eshitgan sinf rahbarimiz,  “Sendan yaxshi psixolog chiqadi” degandilar. Nimagadir shu gap qulog‘imdan ketmay qolgan. Oliy ta’limga hujjat topshirishda ustozimning aytganini qilib shu yo‘nalishga o‘qishga topshirdim.

    O‘shanda ustozim kelajakni ko‘rolgani va nimalarga qodir ekanligimni anglaganiga hali-hanuz tan beraman. Ustoz va ota-onalar farzandlarini to‘g‘ri yo‘naltirsa, har bir inson hayotda o‘z o‘rnini topishi osonroq bo‘ladi hamda muvaffaqiyatlarga erishadi.

    -Ham ilmga, ham hayotdagi ayollik vazifalari: uy, oila, farzand tarbiyasiga birday ulgurishga kuchni qayerdan olish mumkin, bu borada yosh tadqiqotchilarga qanday tavsiyalar bera olasiz?

    - To‘g‘ri, ham ilm, ham oilani birdek olib borish birmuncha mas’uliyatni talab qiladi. Lekin ayol o‘zi xohlasa ikkalasini xam birdek mohirona  tashkil qilishi mumkin. Har bir ayol bu ikkisini ham eplashga harakat qilishi kerak. Bu borada unga kuch beradigan birinchi omil bu uning oilasidir. Qiyinchiliklardan nolimasdan, har bir mashaqqat baxtning kaliti ekanini his qilgan holda yashashda davom etish lozim.

    Hayotda ayolning “ikkala qo‘li” doim harakatda bo‘lishi kerak, deb o‘ylayman. Bajarayotgan faoliyatlarimiz ichida farzand tarbiyasi eng ahamiyatlisi hisoblanadi. Bolalar asosan onadan o‘rnak oladi. Shuning uchun farzand oldida ona har tomonlama mukammal bo‘lishga harakat qilishi kerak. O‘zi faol bo‘lmasdan  ulardan faollikni talab qilish foyda bermaydi. Yosh tadqiqotchilarga maslahatim oila, farzand tarbiyasi va ilmni birdek  e’tibor va mehr bilan olib borish zarur. Agar  mana shulardan bittasi e’tiborsiz qolsa, o‘z-o‘zidan ikkinchisi ham zarar ko‘radi. Ko‘pchilik “Hayotda hammasi birdek yaxshi bo‘lmaydi” deb o‘ylaydi. Ammo niyatimiz amallarimiz yaxshi bo‘lsa, erishayotganlarimiz ham a’lo darajada bo‘ladi.

    -Ayol hayotida oila va kasbning o‘rni... Ko‘pchilik ayollar uchun bu borada hamisha bittasini tanlash sharti qo‘yiladi. Bu bo‘yicha fikrlaringiz qanday?

    -Ayol hayotida oila hamma narsadan ahamiyatli bo‘lganidek kasbning ham o‘rni bor. Chunki ayol biror bir kasbni egallamagan bo‘lsa, o‘zining mustaqil fikri bo‘lmasa, farzandiga to‘g‘ri yo‘lni qanday ko‘rsatadi?! Ayol hayotida mazmun bo‘lishi uchun ham biror kasbni egallagan bo‘lishi kerak. Ammo  aytganingizday ba’zan ayoldan ikkalasidan birini tanlash talab qilinadi. Bu o‘sha ayolning atrofidagi insonlar va muhitga bog‘liq. Ko‘p hollarda ayolga  yo oilani yo ishni tanla, deyishsa  ko‘pchilik ayollar oilani tanlaydi. Aqlli ayol bunday vaziyatda donolik bilan yo‘l tutib, muayyan kasb egasi bo‘lish oila uchun ma’naviy foyda keltirishini amaliy isbotlab berishi kerak. Shundagina atrofdagilar unga ishonch bildiradi.

    -Siz uchun ayol kishiga hayotda o‘z o‘rnini topa olishi uchun kerak bo‘lgan uchta asosiy omil?

    -Ayol kishi hayotda o‘z o‘rnini topishi bu uning  bilimli va baxtli ayol ekanligidan dalolat beradi.  Ayol kishida  hayotda o‘z o‘rnini topishi uchun, eng avvalo, bilim, o‘ziga ishonch va har bir xatodan to‘g‘ri xulosa chiqara olish kerak.

 

Samarqand davlat universiteti

Axborot xizmati xodimi

Iroda Bekmurodova suhbatlashdi