Samarqand davlat universitetida o‘tkazilayotgan “Hindiston univesitetlari haftaligi” doirasida ilm-fanning muhim yo‘nalishlari bo‘yicha seminar-treninglar tashkil qilindi. Hindiston matematika va geografiya ilmi va ulardagi eng so‘nggi tadqiqotlar bo‘yicha o‘tkazilgan seminarlar shular jumlasidan…

Haftalik davomida universitet professor-o’qituvchilari va talabalari uchun “Hindistonda matematika ilmi va so‘nggi matematik tadqiqotlar" mavzusida seminar-trening o‘tkazildi. Unda Hindistonning Anna universiteti professori, Intellektual mulk huquqlari markazi direktori Tirunelveli Nellaiappan Shanmugam talabalarga seminar o‘tdi. Treningda Samarqand davlat universiteti matematika fakulteti professor-o’qituvchilari, tadqiqotchi va talabalar ishtirok etdi.

Tirunelveli Nellaiappan Shanmugam matematika bo’yicha professor sifatida turli nufuzli milliy va xalqaro jurnallarda 130 dan ortiq ilmiy ishlarini nashr qilgan. Professor Yaponiya, Malayziya, Norvegiya, Janubiy Koreya va AQSh universitetlarida matematika boʻyicha tadqiqotlar olib borgan. Asosiy ilmiy izlanishlari geometrik funksiyalar nazariyasi kompleks tahlili bo‘yicha tadqiqot olib boradi. Anna universiteti, Hindusthan universiteti, Yaponiya, Singapur, Janubiy Koreya, Misr, AQSh, Ummon Sultonligi, Germaniya va Fransiyadagi universitetlarda matematika fanidan ma'ruzalar o'qigan.

Shuningdek, seminarda Hindistonda matematika ilmi rivoji va so‘nggi matematik tadqiqotlar bo‘yicha matematika fanining tarixi va hozirgi kundagi tadqiqotlar xususida ochiq munozaralar bo‘lib o‘tdi.

Kunning ikkinchi qismida Samarqand davlat universiteti geografiya va ekologiya fakultetida universitet professor-o’qituvchilari va talabalari uchun “Madaniy geografiya: Hindistonga alohida e'tibor" mavzusida Hindiston Jahon ishlari boʻyicha kengashining katta ilmiy xodimi doktor Athar Zafar ishtirokida davra suhbati tashkil qilindi.

Doktor Athar Zafar 2021-yilda tashkil etilgan Shanxay Hamkorlik Tashkiloti (SHHT) Oʻquv markaziga rahbarlik qiladi. U Markaziy Osiyo, Janubiy Kavkaz, Kaspiy dengizi va nufuzli mintaqaviy tashkilotlar, jumladan, ShHT va Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari konferensiyasi (CICA) boʻyicha akademik tadqiqotlar bilan shugʻullangan. Ilmiy faoliyatdan tashqari, u “Hindiston-Markaziy Osiyo” akademik muloqoti, har yili o‘tkaziladigan ShHT forumi yig‘ilishlarida ishtirok etadi.

Olim taqdimotda Hindiston urf-odat, marosim va rasm-rusumlari haqida to’xtalib o’tdi. Tadbir davomida talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar. 

 

Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati.

Shavkat Akramov olgan suratlar.