Bugungi kunga kelib nanoyo‘ldoshlar fazo ilm-fanining muhim va ajralmas qismi hisoblanadi. Yer sharining yuqori aniqlik va o‘lchamdagi suratlarini olish, radiasiya, bosim, tortishish, yorug‘lik va havo tarkibi haqidagi ma’lumotlarni to‘plash, qayta ishlash va tahlil qilish kabi vazifalar fizika va astronomiyada muhim ilmiy kashfiyotlarga asos bo‘ladi. Xalqaro "UniSat" loyihasining bosh maqsadi ham shu aslida…

    Samarqand davlat universiteti Muhandislik fizikasi instituti talabasi Nafisa Rahmonova xalqaro “UniSat” dasturida qatnashmoqda. Mazkur loyiha Birlashgan Millatlar Tashkilotining UNICEF jamg‘armasi, O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish agentligi va Tech4impact NNT bilan hamkorlikda tashkil etilgan.

    “UniSat” fizika va astronomiyaga qiziquvchi, kuchli bilim va salohiyatga ega bo‘lgan qizlar uchun muhim loyiha hisoblanadi. Dastur ishtirokchilarga kosmik texnologiyalar, radioelektronika, dasturlash, fazodan olingan Yer tasvirlarini qabul qilish va ishlov berish hamda yo‘ldoshli meteorologiya texnologiyalari haqida  ma’lumotlarni qayta ishlash,  bevosita amaliyotda sinash  imkoniyatini taqdim etadi.

    -Mazkur dastur doirasida respublikamizning turli hududlaridan 15 yoshdan 24 yoshgacha bo‘lgan jami 150 nafar qiz safida 4 oy davom etadigan seminarlarda ishtirok etyapman,-deydi Nafisa Rahmonova, - Loyiha yuzasidan berilgan topshiriqlarni bajarish davomida juda ko‘p foydali bilimlarga ega bo‘ldim. O‘qishdan bo‘sh vaqtlarim ilmiy rahbarim, yadro fizikasi va astronomiya kafedrasi dotsenti Akmal Safarov bilan birga yadro fizikasi va astronomiya ilmiy o‘quv laboratoriyasida  elektronika asoslari, dasturlash, modellashtirish hamda 3D printerda obyektlarni chop etish ustida ishlayapman. Yaqinda ingliz tili bo‘yicha IELTS 7.5 xalqaro sertifikatiga ega bo‘ldim. Bu endilikda menga  soham bo‘yicha xalqaro loyihalarda ishtirok etish, o‘z ustimda ishlash, yadro fizikasi bo‘yicha xalqaro tadqiqotlarni kuzatib borish imkonini beradi…

    “UniSat” loyihasi – ilm-fandagi qizlar uchun fizika, astronomiya, kosmik texnologiya va 3D modellashtirish sohalarida bilim va ko‘nikmalarni oshirishda juda katta imkoniyat. Kurs yakunidagi natijalar bo‘yicha 150 nafar ishtirokchi orasidan eng yuqori natija qayd etgan 20 nafar qiz final uchun saralab olinadi. Nafisa Rahmonovaning ayni paytda ishtirokchilar orasida finalga chiqish imkoniyati yuqori.

 

Iroda BEKMURODOVA,
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati
xodimi.