Samarqand davlat universiteti agrar ta’limni rivojlantirishda zamonaviy bosqichga ko‘tarilmoqda…
Samarqand davlat universitetiga Vengriyaning Qishloq xo‘jalik va hayot fanlari universiteti (Hungarian University of Agriculture and Life Sciences) xalqaro aloqalar bo’lim boshlig’i Dr. Zoltan Kovach boshchiligidagi delegatsiya tashrif buyurdi. Mehmonlarni xalqaro hamkorlik bo’yicha prorektor Akmal Axatov va SamDU Agrobiotexnologiyalar va oziq-ovqat xavfsizgi instituti direktori Toshpo’lot Rajabovlar qabul qildi.
Tashrifdan asosiy maqsad xalqaro va ilmiy hamkorlik aloqalarini mustahkamlash, kadrlar almashinuvini yo’lga qo’yishdir.
Muzokarada SamDU talabalarining O‘zbekiston va Vengriya hamkorligida Samarqandda qurilayotgan shirinmiya ildizini qayta ishlash korxonasiga jalb qilish, malaka oshirish hamda mutaxassis sifatida ishga qabul qilish masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, agrar sohada malakali kadrlar tayyorlash maqsadida Stipendium Hungaricum dasturi doirasida SamDU talabalarining Vengriyadagi Qishloq xo‘jalik va hayot fanlari universitetda tahsil olish imkoniyatlarini kengaytirishga alohida e’tibor qaratildi.
SamDU Agrobiotexnologiyalar va oziq-ovqat xavfsizligi institutida yangi agrar ta’lim yo‘nalishlari, xususan bog‘dorchilik muhandisligi, qishloq xo‘jaligi biotexnologiyasi, qishloq xo‘jaligi muhandisligi, oziq-ovqat xavfsizligi va sifati muhandisligi yo‘nalishlari tashkil etiladi. Ushbu ta’lim yo‘nalishlarini ilg‘or ta’lim standartlari asosida rivojlantirish maqsadida “block teaching”, ya’ni alohida modullar asosida o‘qitish uchun Vengriya oliy ta’lim muassasalaridan professor-o‘qituvchilar jalb qilinadi.
Tomonlarning hamkorligi zamonaviy agrar sohada malakali mutaxassislar tayyorlash va shu orqali qishloq xo‘jalik ishlab chiqarish sohalarini zamonaviy kadrlar bilan ta’minlashga katta yordam beradi.
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati.