Samarqand davlat universitetida 2022-2023-o’quv yilida Prezident va Davlat stipendiyalari sovrindori bo‘lgan 15 nafar talaba va ularning ilmiy rahbarlarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Isteʼdodli yoshlarni va fidoyi domlalarni Samarqand davlat universiteti o’quv ishlari bo’yicha birinchi prorektori Ahmadjon Soliyev tabrikladi:

    ‐ Sizlar universitetimizning faxr-iftixorisiz. Minglab yoshlar orasidan saralab olingan iqtidorli talabalardansiz. Hamma sizga havas bilan qaraydi, siz kabi bo’lishni istaydi. Talaba uchun stipendiant bo’lish ulkan sharaf. Albatta, ayni paytda har biringiz qilgan mehnatlaringizning samarasini ko‘rib turibsiz. Sizni qo’llab turgan va to’g’ri yo’l ko’rsatgan ilmiy rahbarlaringizga minnatdorlik bildiraman. O’ylaymanki, sizlar bu yutuq bilan to’xtab qolmaysiz. Kelajakda ilm-fan va taraqqiyot uchun xizmat qiladigan yetuk kadr bo‘lib yetishishingizga ishonaman. Sizlarga hamisha omad tilayman…

    Samarqand davlat universiteti o’quv ishlari bo’yicha birinchi prorektori Ahmadjon Soliyev hamda ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo’yicha prorektor Hakim Xushvaqtovlar iqtidorli talabalarning ilmiy rahbarlarini faxriy yorliq va pul mukofot bilan taqdirladi. Stipendiantlarga Oliy va o‘rta-maxsus taʼlim vazirligining tegishli guvohnomalari taqdim etildi.

    - SamDU talabalarining erishayotgan yutuqlari, biz professor-o‘qituvchilarga cheksiz mamnuniyat bag‘ishlaydi. Mening o‘quvchim, filologiya fakulteti 3-kurs talabasi Hurriyat O’rmonova Alisher Navoiy nomli davlat stipendiyasiga sazovor bo‘ldi, - deydi o‘zbek tilshunosligi kafedrasi dotsenti Orziboni Yusupova. – Ilk bor darsga kirganimdayoq bilimga chanqoqligi bilan kursdoshlari orasida alohida ajralib turadigan bu talabada ilm-fanga bo‘lgan ishtiyoq o‘zgacha ekanligiga guvoh bo'lganman. Bu shogirdlarim orasida Davlat stipendiyasi sovrindori bo‘lgan ikkinchi o‘quvchim. Ustoz sifatida o‘quvchilarimning erishgan har bir yutug‘i men uchun faxr va iftixor bag‘ishlaydi.

    Shuningdek, Samarqand davlat universitetida ta’sis etilgan atoqli akademiklar Vohid Abdullayev, Botirxon Valixo’jayev, Akbar Otaxo’jayev nomidagi 5 nafar stipendiya sohiblari va ularning ilmiy rahbarlari taqdirlandi.

    

    Samarqand davlat universiteti

    Axborot xizmati,

    Shavkat AKRAMOV olgan suratlar.