Samarqand davlat universiteti rektori, Oliy Majlis Senati a’zosi, O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi Rustam Xolmurodov boshchiligidagi delegasiya ayni paytda Yaponiyada bo‘lib turibdi.

    Tashrifdan ko‘zlangan asosiy maqsad Yaponiyaning Tottori universiteti bilan xalqaro va ilmiy sohalarida hamkorlik aloqalarni o‘rnatish hamda professor-o‘qituvchi va talabalar almashinuvini yo‘lga qo‘yish, mintaqalarda agrar sohadagi texnologiyalarni o‘rganish va ularni O‘zbekiston sharoitida tatbiq qilishning samarali yo‘llarini ishlab chiqishdan iborat. Shu bilan bir  qatorda, Yaponiyada qurg‘oqchil mintaqalarni tadqiq qilish bo‘yicha yagona hisoblangan Tottori universiteti markazini SamDU da ochish bo‘yicha muzokaralar va kelishuvlar amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Mazkur markaz Yaponiya tajribasi asosida qurg‘oqchil mintaqalarda agrar sohadagi zamonaviy texnologiyalarni o‘rganish va ularni O‘zbekistonga transfer qilishni nazarda tutadi. 

    Tashrif davomida Rustam Xolmurodov Tottori universitetining qurg‘oqchil mintaqalarni tadqiq qilish xalqaro markazi direktori, professor Tsujimoto Hisashi bilan uchrashib, xalqaro hamkorlik aloqalarini mustahkamlash bo‘yicha muzokaralar olib bordi. Shuningdek, markaz faoliyati va laboratoriyalari bilan tanishdi.

    Yaponiyadagi 800 ta universitet orasida 59 o‘rinda bo‘lgan Tottori universiteti, asosan, biologiya, kimyo, yer fanlari, tibbiyot va muhandislik yo‘nalishlari bo‘yicha kadrlar tayyorlaydi. Talabalarning amaliyotlari 23 davlatning 67 universitetlarida olib boriladi.

Samarqand davlat universiteti

Axborot xizmati.