Bobur merosining Sharq madaniyatida tutgan o‘rni
![](https://www.samdu.uz/upload/cover-images/63ee0ef7787df-63ee0ef7787e1-63ee0ef7787e2-63ee0ef7787e3.jpg)
Samarqand davlat universiteti tarix fakulteti tomonidan Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 540 yilligi munosabati bilan “Zahiriddin Muhammad Bobur merosining Sharq davlatchiligi va madaniyati rivojida tutgan o‘rni” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda SamDU tarix fakulteti professor-o‘qituvchi va talabalari ishtirok etdi. Dastlab, tarix fakulteti o‘qituvchilari “Zahiriddin Muhammad Bobur ijodiy merosining bashariyat ma’naviy-ma’rifiy taraqqiyotidagi o‘rni” hamda “Bobur merosining Sharq davlatchiligi va madaniyati rivojiga qo‘shgan hissasi” kabi mavzularda ma’ruzalar qildilar.
– Zahiriddin Muhammad Bobur Oʻrta asr Sharq madaniyati, adabiyoti va sheʼriyatida oʻziga xos oʻrin egallagan adib, shoir, olim boʻlish bilan birga, yirik davlat arbobi va sarkarda hamdir, - deydi SamDU tarixshunoslik va manbashunoslik kafedrasi katta o‘qituvchisi, tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori Tohir Mahmudov, - Bobur keng dunyoqarashi va mukammal aql-zakovati bilan Hindistonda Boburiylar sulolasiga asos solib, bu mamlakat tarixida davlat arbobi sifatida nom qozongan boʻlsa, serjilo oʻzbek tilida yozilgan “Boburnoma” asari bilan jahonning mashhur tarixnavis olimlari qatoridan mustahkam oʻrin oldi. Adolatli shoh va buyuk shoir Bobur oʻzining shu kabi mashhur asarlari bilan tarixnavis adib, lirik shoir hamda ijtimoiy masalalar yechimiga oʻz hissasini qoʻshgan olim sifatida xalqimiz maʼnaviy madaniyati tarixida oʻchmas iz qoldirdi. Uning nafis gʻazal va ruboiylari turkiy sheʼriyatining eng nodir durdonalaridan hisoblanadi.
Shuningdek, tadbir davomida tarix fakultetining iqtidorli talabalari tomonidan tayyorlangan badiiy chiqishlar namoyish etildi.
Tadbir yakunida “Yosh notiq tabrigi” videoroliklar tanlovi gʻoliblarini taqdirlash marosimi boʻlib oʻtdi.
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati.
Shavkat Akramov olgan suratlar.