1998-yil noyabr oyida Samarqand viloyati hokimi lavozimidan bo‘shadim. Buni tabiiy hol deb qabul qilganman. Chunki, hech kim umrining oxirigacha yuksak lavozimda ishlashi mumkin emas. Nasibasi qo‘shilgan paytgacha ishlaydi. Bu gaplarimni qandaydir bir afsus yoki nadomat uchun aytayotganim yo‘q. Azbaroyi, hayotiy xulosalarim tariqasida bayon qilmoqchiman..."

    Ushbu satrlar I darajali Davlat adliya maslahatchisi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yurist, taniqli davlat va jamoat arbobi Alisher Mardiyev hayoti va faoliyati haqidagi “Munosib yashamoq baxti” kitobidan.


    Bugun Samarqand viloyat adliya boshqarmasida ushbu kitobning taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Tadbirni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zosi , “Zarafshon” va “Самаркандский вестник” gazetalari bosh muharriri Farmon Toshev olib bordi.
    Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi o‘rinbosari Robaxon Maxmudova, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi senati a’zosi, Samarqand davlat universiteti rektori Rustam Xolmurodov, Samarqand viloyat adliya boshqarmasi boshlig‘i Salohiddin Nuriyev, Samarqand viloyat hokimi maslahatchisi Nozir Ibragimov va boshqalar so‘zga chiqishdi. N.Ibragimov o‘z nutqida viloyat hokimi E.Turdimovning tabrigini o‘qib eshittirdi.


    Xususan, taqdimotda ishtirok etgan taniqli huquqshunos olimlar, prokuratura, adliya va sud tizimi faxriylari, adiblar, davlat va jamoat arboblari kitob, shu jumladan, Alisher Mardiyev va bu inson amalga oshirgan ishlari hamda to‘plamning bugungi kundagi ma’naviy-ma’rifiy ahamiyati haqida so‘z yuritishdi.


    Qayd etildiki, O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi tashabbusi bilan nashr etilgan (muallifi Arslon Eshmurodov) kitob Alisher Mardiyevning mazmunli va sinovli hayoti va serqirra faoliyati to‘g‘risida. Unda mashhur huquqshunosning mamlakatimiz yurisprudensiyasi taraqqiyotiga qo‘shgan munosib hissasi noyob arxiv materiallari va dalillar asosida ochib berilgan.
    Tadbir davomida A.Mardiyevning bosib o‘tgan shonli umr yo‘li, mehnat faoliyati haqida tayyorlangan maxsus videolavha namoyish etildi. Shuningdek, tadbir qahramoni turli yillardagi ish faoliyati davomida orttirgan tajribasi, bilim va ko‘nikmalari haqida yig‘ilganlarga gapirib berdi.