Samarqand davlat universitetida ta’lim olayotgan talabalarning ota-onalari bilan ochiq muloqotlar o‘tkazilmoqda.

    Samarqand davlat universiteti o‘quv ishlari bo‘yicha prorektori Rustam Yo‘ldoshev  ota-onalarga, oliy ta’lim tizimi,  tartib-qoidalar va dars jarayonlari haqida atroflicha ma’lumot berdi.  

    Qayd etish joizki, bugun oliy ta’limga, umuman ta’lim sohasiga eng muhim masala sifatida qaralayotgan bir davrda yashayapmiz. Yoshlarga ta’lim berishning mas’uliyati  ta’lim tizimiga aloqador har bir bo‘g‘inning zimmasidadir.  Bunda o‘qituvchi va talaba ta’lim jarayonining asosiy tomonlari bo‘lgani holda, ota-onalar ham  bevosita aloqador hisoblanadi.

    -Bugun talabalar bilim darajasini oshirish, o‘zlashtirish samaradorligiga erishish juda muhim, - deydi Samarqand davlat universiteti o‘quv ishlari bo‘yicha prorektori Rustam Yo‘ldoshev, - Ta’lim sifati, avvalo, o‘qituvchi salohiyati va kasbiy mahorati, talabaning berilgan bilimlarni samarali o‘zlashtirishiga bog‘liq. Ikkinchi tomondan talabaning  ota-onasi ham bunda ishtirok etishini unutmasligi zarur. Qisqacha aytganda, ta’lim va tarbiya jarayonining bir butunligini ta’minlamasdan turib o‘quvchilarga berilayotgan bilim sifatini yaxshilab bo‘lmaydi. Bu borada ta’lim dargohlarining ota-onalar bilan doimiy aloqada bo‘lishi muhim omil hisoblanadi. Uchrashuvlarda ota-onalarni ta’lim tizimi va o‘quv jarayonlariga oid zarur ma’lumotlar bilan tanishtirib boryapmiz. Shu bilan birga farzandining ta’lim olishiga befarq bo‘lmagan har bir ota-onaning mavzuga oid savol va takliflari tinglanmoqda.

    -Farzandlarimizga ta’limni o‘qituvchi bersa, tarbiyani  ota-ona berishi kerak- deydi Eshmurod Ro‘ziyev, - Men ham  Samarqand davlat universitetida tahsil olganman. O‘sha davrlar bilan bugungi  sharoitlarni taqqoslaydigan bo‘lsak, juda katta farq bor.  Hozirda nevaram Samarqand davlat universitetida o‘qiydi. Uning o‘qishini doimiy ravishda nazorat qilib boraman. Bugungi uchrashuv orqali universitetdagi ta’lim jarayoni, baholash tizimi, o‘quv yili taqsimoti bo‘yicha zarur ma’lumotlarga ega bo‘ldim. Masalan, keyingi o‘quv yilidan boshlab Samarqand davlat universitetida bir oylik qishki ta’tilning joriy etilishi, I bosqich talabalaridan tashqari barchaga o‘qish  avgust oyidan boshlanishi men uchun muhim yangilik bo‘ldi.

    Oliy ta’lim muassasasi hamda ota-onalar hamkorligi ta’lim sifatini oshirishda muhim omil hisoblanadi. Universitetda o‘tkazilayotgan ota-onalar uchrashuvlari ta’lim jarayoniga ota-onalarni faol jalb qilish, ta’lim muassasasi va ota-onalar aloqalarini yangi bosqichga ko‘tarishda muhim qadamdir.

Iroda BEKMURODOVA,
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati xodimi.
Shavkat AKRAMOV olgan suratlar.