Samarqand davlat universiteti filologiya fakultetida ota-onalar bilan ochiq muloqot o’tkazildi. Tadbirda SamDU o’quv ishlari bo’yicha prorektori Rustam Yo’ldoshev, o’quv-uslubiy boshqarma boshliqlari Shaxriddin Muranov, Mavlon Boboxonov, SamDU xotin-qizlar masalalari bo’yicha maslahat kengashi raisi Sharofat To‘xliyeva, psixolog Roziya Namozovalar ishtirok etdi.

    Uchrashuvda ta’lim tizimidagi o’zgarishlar, imtihon jarayonlari, HEMIS tizimining afzalliklari, chet tilini o’rganish mohiyati, talabalar uchun yaratilgan imkoniyatlar va yoshlarning psixologiyasi bo’yicha so’z yuritildi.

    Samarqand davlat universiteti filologiya fakulteti dekani, professor Azamat Pardayev talabalarning ta’lim olishida faqat o’qituvchilar emas, balki ota-onaning faolligi muhimligini alohida ta’kidladi.

    Tadbir davomida professor-o’qituvchi va ota-onalar o’zaro fikr almashib, bugungi uchrashuvning mazmun-mohiyati aniq qilib yoritildi.

    - Yetmish besh yoshdaman. Jizzaxning Forish tumanidan tashrif buyurdim. Nevaram filologiya fakulteti 1-kurs talabasi, - deydi Shakar Qurbontoyev. – Men ikki oliy ta’lim muassasini tamomlaganman. Nevaram, ota-onalar yig’ilishi bo’lishi aytib, meni taklif qildi. Jizzaxdan kelguncha nega chaqirishdi, deb ko’p o’yladim. Uchrashuv davomida tomonlar uchun manfaatli bo’lgan masalalar muhokama qilindi. Chet tillarini o’rganish farzandimizning kelajagi uchun qay darajada muhimligini tushundim. Ta’lim tizimidagi islohotlardan boxabar bo’ldim. Qolaversa, Samarqand davlat universiteti faoliyati bilan tanishib, ko’nglim xotirjam bo’ldi. Hashamatli binolarini ko’rib yoshlarimizga havasim keldi. O’g’il-qizlarimizga yaratib berilayotgan imkoniyatlar uchun Prezident Shavkat Mirziyoyevga minnatdorlik bildiraman…

    - 1977-yil Samarqand davlat universiteti fizika fakultetini tamomlaganman. Bu muassasa men uchun qadrli. O’zim ham o’qituvchiman. Og’lim fizika fakultetida, ikki qizim filologiya fakultetida o’qiydi, - deydi Abdumannon Rustamov. – Samarqand davlat universitetida o’qishni o’zi bir baxt. Men va farzandlarim shu baxtga erishganizmidan xursandmiz. Universitetga tez-tez kelib turganligim sabab, o’qituvchilarini yaxshi taniyman. Filologiya fakulteti eng salohiyatli fakultet. Men o’qigan davrda ham shunday edi.  Til – bu millat ruhi. Bu fakultetda millat ruhi faollari tarbiyalanmoqda. Bu borada samarali mehnat qilayotgan barcha ustozlariga o’z minnatdorligimni bilaman...

    - Singlim Samarqand davlat universiteti filologiya fakulteti talabasi. O’zim IT yo’nalishida faoliyat olib boraman, - deydi Husniddin Uzoqov. – Bugun ochiq muloqotdan juda mamnun bo’ldim. Ta’lim tizimi raqamlashtirilganligi sabab singlimni o’qishini nazorat qilishim osonlashdi. HEMIS tizimi orqali uning o’quv jarayonidagi yutuq va kamchiliklarini kuzatib borishim mumkin. Oliy ta’lim muassasalari ichida faqat Samarqand davlat universitetida Talabalar bilimini baholash bo’limi tashkil etilganligi tahsinga sazovordir…

Behruz SHAMSIDDINOV

Samarqand davlat universiteti

Axborot xizmati xodimi,

Shavkat AKRAMOV olgan suratlar.